Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida viloyat hokimi sovrini uchun «Eng faol kitobxon» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Viloyat hokimining joriy yil 4–iyulda chiqargan farmoyishiga ko‘ra, iyul-avgust oylarida tashkil etilishi belgilangan kitobxonlik bellashuvida Qashqadaryodagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qat’iy nazar barcha mahkumlar ishtirok etish huquqiga ega.
Tasdiqlangan Nizom asosida mahkumlar o‘rtasida ham kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ularning ma’naviy-axloqiy sifatlarini o‘stirish, kitob mutolaasi orqali bilim va tafakkurini boyitish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qayta ijtimoiylashuviga ko‘maklashish maqsadida tashkil qilinajak ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirgan talabgorlarga mutolaa uchun o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan «Temur tuzuklari», «Boburnoma», «O‘tkan kunlar», «Otamdan qolgan dalalar» hamda «Jinoyat va jazo» asarlari tavsiya etilmoqda.
Kitobxonlik bellashuvi ikki bosqichda tashkil etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, 12-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan birinchi bosqichda tavsiya etilgan asarlar asosida tayyorlangan 30 ta test savoli yordamida jazoni ijro etish muassasasi miqyosidagi g‘oliblar aniqlanadi. Bunda eng yuqori ball to‘plagan ikki nafardan mahkum keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ikkinchi bosqich 25-avgust kuni ZOOM platformasi orqali onlayn ko‘rinishda 2 ta shart asosida o‘tkaziladi. «Badiiy asarlar bilimdoni» deb nomlanuvchi 1-shartda ishtirokchilardan tavsiya etilgan asarlarga oid fakt, raqam, epizod mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berish so‘raladi. «Tezkor savol-javob», ya’ni 2-shartda esa o‘sha o‘qish vazifasi berilgan kitoblardan tuzilgan 4 ta savolga javob berish talab etiladi.
Farmoyish bilan tarkibi tasdiqlangan ko‘rik-tanlov tashkiliy qo‘mitasiga barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratish; kitobxonlik bellashuvining xolis, oshkora, halol va adolatli o‘tishini ta’minlash kabi vazifalar yuklangan.
Ko‘rik-tanlovda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchi intensiv doska, kitoblar to‘plami; 2-o‘rin sohibi kompyuter jamlanmasi, kitoblar to‘plami; 3-o‘rin egasi stol tennisi, kitoblar to‘plami bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kitobxon mahkumlarni turli nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirish rejalashtirilgan.
Ma’lumki, biror qilmish uchun jazo shaxsni qayta tarbiyalash, takror jinoyat sodir etishining oldini olish, panjara ortiga yetaklagan ishidan pushaymonlik hissini uyg‘otib, jamiyat uchun foydali insonga aylantirish maqsadida tayinlanadi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida «Eng faol kitobxon» ko‘rik-tanlovining o‘tkazilishi esa ularning ongli ravishda qat’iy tuzalish yo‘lini tanlashiga yordam berishi bilan ham ahamiyatli.

