16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

MAQSAD – ISHGA TUSHIRILMAGAN MAVJUD IMKONIYATLARDAN OQILONA FOYDALANISH

Shahrisabz haqida gap ketganda uning tarixiy manzilligi, xushmanzara tabiati, uddaburo odamlari va, albatta, Miraki tilga olinadi. Nega? Chunki yozning jaziramasida yuzlab, hatto minglab salqinlik qidirganlar, hordiq istaganlar shu mahalla hududidagi daryo bo‘ylarini bir muddat qo‘noq tutishga odatlanishgan. Mavsumda bu manzil nafaqat qashqadaryoliklar, balki Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand kabi qo‘shni viloyatlar va yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mahalliy sayyohlarga to‘lib-toshadi.

Biroq, tan olish kerak, ular uchun yaratilgan qulayliklar haminqadar edi. Bir-ikkita tadbirkor yo‘lga qo‘ygan zamonaviy shart-sharoitli qo‘noq joylarini aytmasa, mahalliy aholi vakillari xonadoniga tutash daryo bo‘yi yerlarida o‘rnatgan chorpoya yoki tuproq uyumidan hosil qilingan mo‘jaz so‘rilar mehmonlar uchun taklif etilardi. Shunda ham talab katta, sayyohlar oqimi ko‘p edi mavsumda. Aslida ana shuning o‘ziyoq Miraki turizm imkoniyatlari haqida tasavvur uyg‘otish uchun yetarli bo‘ladi. Faqat hududda bu tarmoqni rivojlantirishga zamonaviy yondashuv bilan infratuzilma yaratish kutilayotgandi.

Nihoyat shu kunlar keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi turmushi bilan tanishish maqsadida 2023-yil  24-25-oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘lganida davlatimiz rahbariga Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida turizmni rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi. Ushbu qishloqlarda infratuzilmani yaxshilab, sayyohlik yo‘nalishlariga kiritib, aholi uchun daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar olindi. Shundan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i o‘tgan yil 28-noyabrda Prezidentning «Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qarori qabul qilinishi bilan Mirakida ham turizmni rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlar impuls oldi.

Hujjatda ko‘rsatib o‘tilganidek, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan master-rejaga muvofiq Miraki, Amir Temur, Uloch va  Polmon mahallalari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm  infratuzilmasi obyektlari, jumladan, mehmonxonalar, mehmon uylari, sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar obyektlari, dor yo‘li va boshqa turistik ahamiyatga ega obyektlar barpo etila boshlandi.

Bugun bu manzilga yo‘li tushgan odam keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda ketayotganiga guvoh bo‘ladi. Ayrim loyihalar tayyor bo‘lib qolayozgan, yana boshqalari yakunlanish arafasida, quruvchiyu maxsus texnikalar yangi-yangi inshootlarda tinmay ishlayapti.

– Belgilangan maydonlarda master-rejaga asosan qiymati 117 million dollarlik 48 ta mehmonxona, mehmon uylari va aholi dam olish maskanlari qurilishi loyihalari amalga oshirilayapti, – deydi Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti rahbari o‘rinbosari Javohir Tojiyev. – Obyektlarimiz birin-ketin bo‘y ko‘rsatib qoldi. 1100 o‘rinli ikkita mehmonxona, uchta xostel, shuncha restoran va savdo-ko‘ngilochar kompleksi, 1,7 kilometrlik dor yo‘li shular jumlasidan. Yana ko‘plab nuqtalarda tegishli loyihalar doirasidagi ishlar boshlangan.      

Darhaqiqat, Mirakida olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari hajmi juda yirik. U avtomobil yo‘llari, ichimlik, oqova suv, elektr, aloqa, internet tarmoqlarini qurish va ta’mirlash ishlarigacha qamrab olgan.

– Oxirgi ikki yilda mahallamizda bo‘layotgan ishlarni ko‘rib, har kuni shu yerda bo‘lsak-da, hayratimiz oshadi, – deydi mirakilik Zulfiya Allayeva. – Qisqa vaqtda bunday o‘zgarishlar bo‘lib ketishini tasavvur qilish qiyin. Ana shu sa’y-harakatlar natijasida 1,7 mingta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgani ortidan esa shuncha odam ishli bo‘ladi, qanday yaxshi.  

Aytishlaricha, har yoz mavsumida Mirakiga dam olish uchun o‘rtacha 500-600 ming nafar mahalliy aholi vakillari keladi. Bu yerda boshlangan turizmni rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalar ro‘yobi bilan ular safiga xorijiy sayyohlar ham qo‘shilishi va bu   raqam ikki-uch hissa o‘sishi tayin.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-dekabrdagi «G‘yelon» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori Mirakidan biroz yuqori tog‘li-rekreatsion hududdagi 2,9 ming gektar maydonda zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar barpo etilishiga asos tug‘dirgani Shahrisabzda turistik salohiyatni oshirish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilishidan darak beradi.

Maqsad – ishga tushirilmagan mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish hisobiga turistlarni keng jalb qilish, odamlar uchun tabiat qo‘ynida zamonaviy dam olish sharoitlarini yaratish, shu orqali tog‘li va chekka hududlardagi aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbaini kengaytirish…

Bahodir HALIMOV