G‘azo mintaqasiga yo‘l olgan kema bortida qo‘lga olingan shvetsiyalik faol Greta Tunberg 165 nafar hamrohi qatorida Isroildan Gretsiyaga deportatsiya qilinadi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bergan.
«Greta Tunberg flotiliyadagi ishtiroki chog‘ida Isroil kuchlari tomonidan qo‘lga olingan Gretsiya fuqarolari bilan birga ushbu mamlakatga keladi», deyiladi xabarda.
O‘tgan haftada Isroil gumanitar missiya bilan G‘azoga yo‘l olgan 40 ta kemadan iborat «Barqarorlik flotiliyasi»ni tutib qolgan. Bitta kemaga shikast yetkazilgan, qolganlariga suv to‘plari bilan hujum qilingan. Bortda qo‘lga olingan faollar safida Greta Tunberg ham bo‘lgan. Bu uning G‘azo qamalini buzib o‘tishga bo‘lgan ikkinchi urinishi edi, oldingi safar ham u qo‘lga olinib, deportatsiya qilingan.
Isroil hukumati flotiliyadagi ishtiroki sabab qo‘lga olingan 450 nafardan ortiq faollarning kamida 170 nafarini allaqachon mamlakatdan chiqarib yuborgan.

