Yevropa Ittifoqi (YEI) aholisi soni 2025-yil 1-yanvar holatida 450,4 million kishini tashkil qildi. Yevrostat rasmiy saytida e’lon qilingan hisobot shundan dalolat bermoqda.
Bu ko‘rsatkich bir yilda 1,07 million nafarga ortgan. O‘sish ketma-ket to‘rtinchi yilda ham qayd etilmoqda. Bungacha, ya’ni 2021-yilda YEI aholisi soni qisqargan – o‘shanda dinamikaga covid-19 pandemiyasi ta’sir ko‘rsatgan.
Ekspertlar hozirgi o‘sishni migratsiyaning kuchayishi bilan izohlamoqda. Umuman, 1960-yildan buyon ittifoq aholisi soni qariyb 96 million kishiga ko‘paygan.
YEI davlatlari orasida avvalgidek Germaniya eng ko‘p aholiga ega bo‘lib turibdi – 83,6 million nafar. Uning ortidan Fransiya (taxminan 67 million nafar) va Italiya (59 million nafar atrofida) bormoqda. Ushbu uch davlat fuqarolari birgalikda Yevropa Ittifoqi aholisining qariyb yarmini tashkil etadi.
Yillik eng yuqori demografik o‘sish Malta, Irlandiya va Lyuksemburgda qayd etilgan. Ayni vaqtda Latviya, Vengriya va Estoniya aholisi sonida pasayish kuzatilgan.

