16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Dolzarb Jamiyat

MILLIY ISTIQLOLIMIZNING SHONLI SANASI

viloyatimiz shahar va tumanlarida yuksak saviyada nishonlanmoqda

Jonajon yurtimiz va olijanob xalqimiz hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi sanasi mamlakatimizning barcha hududlari qatori Qashqadaryoda ham baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda.

1991-yil 1-sentabrda jahon xaritasida yangi, mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lib,  xalqimiz o‘z Vataniga o‘zi egalik qilish va o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritdi. Mustaqillik, erkinlik va ozodlik shu yurtda yashaydigan har bir insonga ulkan kuch-qudrat bag‘ishlab, odamlarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otdi va ularning dunyoqarashini o‘zgartirib, sa’y-harakatlarini milliy tiklanish va taraqqiyot yo‘lidagi yaratuvchanlik va bunyodkorlikka yo‘naltirdi. Shu bois tarixan qisqa davr ichida O‘zbekiston va uning har bir hududida, jumladan, Qashqadaryoda ham asrlarga tatigulik buyuk ishlar amalga oshirilib, katta yutuq va muvaffaqiyatlarga erishildi.

Shu kunlarda viloyatimiz shahar va tumanlarida «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya asosida Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari – umumxalq sayillari, adabiy-badiiy kechalar, ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar o‘tkazilar ekan, ularda milliy istiqlolimizning yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ahamiyati juda qiziqarli va ta’sirchan tarzda  ochib berilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha sakkiz yil oldin boshlangan keng ko‘lamli islohotlar tufayli jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy manzarasi o‘zgarib borayotgani yorqin hayotiy misollar asosida namoyish etilmoqda.

Masalan, Muborak tumanidagi «Mash’al» o‘yingohida bo‘lib o‘tgan tantanalarda joriy yilda hududdagi umumta’lim maktablari bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish borasida yuksak natijalarga erishgani ma’lum qilinib, ta’lim sohasidagi yangilanish jarayoni ilgari tariximizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga olib kelayotgani ta’kidlandi.

Qarshi tumani markaziy o‘yingohida tashkil etilgan bayram tadbiri doirasida esa «Ona diyor – ranglar jilosida», «Vatan uchun yashaylik!», «Eng ulug‘, eng aziz» ko‘rik-tanlovlari ham o‘tkazilib, yurtimizda yoshlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratib berilgani va bunga javoban o‘g‘il-qizlarimiz turli sohalarda katta-katta yutuqlarga erishayotgani ko‘rsatildi.

Yakkabog‘ tumanidagi asosiy bayram tadbiri «Yangi O‘zbekiston» massividagi Eko park hududida uyushtirildi va u yerga tashrif buyurgan odamlarning ko‘z oldida namoyon bo‘lgan manzaraning o‘zi ham keyingi yillarda tumanning jadal sur’atlar bilan obod bo‘lib, aholi turmush darajasini yuksaltirish borasida ulkan ishlar qilinayotganidan dalolat berdi. Ona Vatan va istiqlolni madh etuvchi qo‘shiqlar, turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan yoshlarni taqdirlash marosimi hamda mushakbozlik tadbir ta’sirchanligini yanada oshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanalar davom etmoqda. Xususan, viloyatimizning asosiy bayram tadbiri ertaga 29 avgust kuni Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘z muxbirimiz