Germaniyaning sobiq mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer mamlakatda ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Berliner Zeitung nashri yozgan.
U federal hukumatga bunday taklifni «Notinch dunyo – Germaniya va global Janub» komissiyasi raisi sifatida bergan.
Sobiq mulozimning fikricha, dunyoda resurslar uchun raqobat kuchaymoqda va millatchilikka qaytish, shuningdek, nizolarni xalqaro huquq normalari bilan emas, balki kuchlilar qonuni asosida hal etishning ochiq tendentsiyasi ko‘zga tashlanmoqda. Bunday sharoitda Germaniya xalqaro huquqni himoya qiluvchi mamlakatlardan biriga aylanishi kerak, biroq buning uchun o‘z harbiy qudratini oshirishi zarur. Bu esa ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham majburiy harbiy tayyorgarlikni joriy etishni talab qiladi.
«Bu bizda kuchli zaxira, ya’ni favqulodda vaziyatlarga tayyor askarlar avlodi bo‘lishi uchun muhim», degan Annegret Kramp-Karrenbauer.
Germaniyada majburiy harbiy xizmat 2011-yilda bekor qilingan edi.

