16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Odamsimon robotlar pasport oladi

Xitoyda gumanoid robotlarni raqamli identifikatsiya qilish tizimi sinovdan o‘tkazila boshlandi. Xubey provinsiyasida ayrim modellar ilk bor rasmiy ID-raqamlarga ega bo‘ldi. Bora-bora bu amalda pasportning muqobiliga aylanadi, deya xabar bermoqda Interesting Engineering manbasi.

Uxan shahridagi gumanoid robototexnika innovatsiyalar markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan tizim har bir robotga ishlab chiqaruvchi, model, seriya raqami, konfiguratsiya (qiyofa) va avtonomlik darajasi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan noyob raqamli kod berilishini nazarda tutadi.

Loyiha asosida robotlarning butun faoliyat sikli davomidagi holatini kuzatish imkonini beruvchi yagona raqamli hisob platformasini yaratish rejalashtirilgan. Elektron profilda texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, foydalanish ssenariylari va qurilmaning joriy holati haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.

Shuningdek, tizim robotlarning asosiy parametrlarini deyarli real vaqt rejimida monitoring qilishni ta’minlashi kerak. Jumladan, akkumulyatorlar holati, mexanizmlarning eskirish darajasi va harakatlar aniqligi kuzatiladi.

Xitoy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, qator ishlab chiqaruvchilar kodlash tizimini allaqachon sinovdan o‘tkazgan. ID-raqamlarni ommaviy berish milliy standartlar tasdiqlangach boshlanadi. Ilk bosqichda loyiha sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi va ta’lim dasturlarida qo‘llaniladigan gumanoid robotlarni qamrab oladi.