16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

ODAMZODDA UCH XISLAT BO‘LISHI MUKAMMALLIK ALOMATIDIR

“Ikki marta o‘qishga arzimaydigan kitob bir marta o‘qishga ham arzimaydi”, deyishadi. To‘g‘ri gap. Inson saviyasi, dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatmasa, bunday yozildiqlar uchun vaqt sarflab o‘tirishga hojat yo‘q. Ammo shunday asarlar bo‘ladiki, qayta-qayta o‘qishdan zavq tuyadi, yangi fikr topadi kishi.

O‘n besh yillar oldin Ne’mat Aminovning “Bir asr hikoyati” degan mo‘jaz kitobini o‘qigandim. Yozuvchining otasi tilidan, bor shevayu ohangi bilan keltirilgan hikmatlar, rivoyatlar, ibratli voqealardan iborat ushbu asarni yana qayta varaqlarkanman, tarixiy hodisalar haqidagi lavhalar yanada tushunarli, hayot hikmatlari esa naqadar haqiqat ekani oydinlasha bordi. E’tiborlisi, ushbu kitob Pokistonda urdu tilida nashr etilgan, turk matbuotida parchalar e’lon qilingan. Said Ahmad, To‘lepbergen Qaipbergenov, G‘aybulloh as-Salom, Xurshid Do‘stmuhammad, Sultonmurod Olim hamda pokistonlik yozuvchi Qosimiy risola haqida ancha iliq fikrlar bildirishgan.

Ne’mat Aminovning otasi Usto Amin Nurullaboy o‘g‘li yuz yil umrguzaronlik qilgan. Temirchilik bilan shug‘ullangan. Taqvoda, toat-ibodatda bardavom bo‘lgan. Hazilkash, so‘zga ustaligi ham bor. Quyida “Bir asr hikoyati (Temirchidan qolgan tillolar)” kitobidan saralangan lavhalarni va so‘ng kitobning o‘zini ham o‘qing: ko‘p manfaat topasiz.

Saralangan satrlar

*  *  *

To‘qson oltiga kirdim. Ko‘zim xira, qulog‘im eshitmaydi, oyoqlarimda darmon yo‘q. Bilmadim, bir kuni qarisam, nima bo‘larkanman?

*  *  *

– Gohida o‘ylab quvonaman. Yurakning bunchalik baquvvat bo‘lishi nimadan ekan? Minnat bo‘lmasinu, bu avvalo, bir umr Allohning zikrini dilimda takrorlab yurganim uchun bo‘lsa kerak.

*  *  *

– Bu harom emas, usto bobojon. Bu uzumdan bo‘lgan, sizam bir piyola iching, quvvat bo‘ladi. May bu, sharob bu, uzumning suvidan bo‘lgan. Mana…

– Tort qo‘lingni! Uzumdan bo‘lgan hamma narsa halol, deb sanga kim aytdi? Najas ham bug‘doydan bo‘lgan, deb yemaysan-ku…

*  *  *

Bu dunyoga kelib, uch narsadan hazar qildim: birinchisi – tillo, ikkinchisi – miltig‘u tapponcha, uchinchisi – qadah. Shu uchchalasini qo‘limga olmadim.

*  *  *

Qishlog‘imizdagi mufti Soli rahmatli bir gapni takrorlardi. Odamizodda uch xislat bo‘lishi – mukammallik alomati ekan. Bular: nutqi toma, ziynati joma, ma’quli omma. Ya’niki, bu – nutqing dona-dona, ravon bo‘lsin, choponing toza va ko‘rimli bo‘lsin, o‘zing esa elga yoqimli, ma’qul bo‘l, degani ekan.

*  *  *

– Usto bobo, qulog‘ingiz og‘irmi deyman?

– Yo‘q, jo‘ra, kar!

*  *  *

Bir bola yig‘lab turgan edi, borib yupatmoqchi bo‘ldim.

– Ha, nima bo‘ldi?

– Onam urdi!

– To‘xta, qayoqqa ketyapsan?

– Onamga! – dedi bola.

Ko‘rdinglarmi, ursayam, so‘ksayam, bu dunyoda har kimning onasi bo‘lsin ekan.

*  *  *

– Usto bobojon, o‘sha yillari yana xalq orasida Lelin ikkitaymish: bittasi Lelin emish, yana bittasi – Kal Lelin, degan gaplar yurayti.

– To‘g‘ri, shoirjon, manam eshitganman.

– Keyin bilsak, teskarisi bo‘lib chiqti. Kal Lelin deganimiz oynakli, sersoch bo‘lib, Lelin boboning o‘zlari (atrofga qarab olib) kalroq ekanla.

*  *  *

Ilon chaqqanni arg‘amchidan xavotiri bo‘ladi.

*  *  *

Buqaning ipi uzun bo‘lsa, devorni tesharkan.

*  *  *

– Komandirofkaga nima ish bilan kelding, Ne’mat?

– Shofirkonda uch xotinli bir kishi bor emish, shu haqda feleton yozish kerak ekan.

– Yozma! Nima qilasan u sho‘rlikni yana sharmanda qilib? Xudo o‘zi jazosini berib qo‘yibdi-ku! O‘ylayapsanmi uch xotinning g‘ish-g‘ishasini…

*  *  *

E, nimasini aytasan, bu sho‘ro degani onasining sutini ming marta qaynatib, ming bir marta shopirib ichgan. Inqilobning boshlanishida qishlog‘imizga tapponcha keltirib sotdi. O‘qi yo‘q. Bodi-havoyi yigitlar o‘qsiz tapponchani toqib nari-beri borib kelishardi. Oradan bir oz o‘tgach, tapponchaning o‘qini opkelib sotdi. Hamma talashib-tortishib oldi. Lekin bu o‘q keltirib sotgan tapponchalarga to‘g‘ri kelmaskan… Tapponcha egalari yugurib-elib, har yer-har yerdan o‘q izlay boshladilar. Keyin sho‘ro tapponcha egalarini bir-bir ushlab qamay boshladi. Shundayam qirg‘in qildiki, tapponchalini ham, tapponchasizni ham olib qamab, kaltaklab o‘ldiraverdi. Har bir tapponcha uchun kamida yigirmalab kishi xonavayron bo‘ldi.

*  *  *

Tavba, tish bo‘lganda go‘sht bo‘lmasa, go‘sht bo‘lganda – tish.

*  *  *

Otaning qarg‘ishi o‘q, u oxiratda emas, shu dunyoda nishonga tegadi.

*  *  *

Zinhor gavorani chaqaloqsiz tebratgulik qilmasin ekan.

*  *  *

– Onang bilan turibsanmi, Laylosh?

– Yo‘q, usto bobo, onam “dom”da turibdilar. Kelin hovliga sig‘dirmadi.

– Onangni to‘ppidek qorniga san to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat, to‘qqiz daqiqa siqqanda, onang sening hayhotdek hovlingga sig‘mabdi-da!?

*  *  *

Yuzma-yuz kelganda sandan attayi salom kutgan takabbur kishiga albatta salom ber, bir yering kamayib qolmaydi.

*  *  *

Farosat – yarim karomat.

*  *  *

Bu yolg‘onchi dunyoda yolg‘on gapirganda xudodan, rost gapirganda bandasidan qo‘rqib umrguzaronlik qildim.

*  *  *

“Boyloqli it – ovga yaramas”. Ha, tozi desa ham bo‘ladi. Qani, shu maqolning ma’nosini aytib ber-chi… Buyam to‘g‘ri. Lekin buni boshqacharoq tushuntirsa ham bo‘ladi. Manga qara, itning bo‘yniga arqon yoki zanjir tushdimi tamom, uning erki yo‘qoldi, deyaver. Endi u ta’maning quliga aylanadi. Egasining fe’liga qarab g‘ingshiydi yoki dumini likillatishga majbur bo‘ladi. Uning ko‘ziga ov ko‘rinmaydi, balki u egasining qo‘liga mo‘ltirab qarashga odatlanib qoladi. Endi xalqimizning shu maqolini istagan sohaga ham talqin etaverish o‘zingga havola…

*  *  *

Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik davrlarida bir allomayi kirom u kishinikiga mehmon bo‘lib kelibdilar. Qorong‘i namozshomlikda Hazrati Umar sham yorug‘ida bir nima yozib o‘tirgan ekanlar. Mehmon salom berib kirishi bilan yonib turgan shamni o‘chiribdilaru, o‘sha zahoti ikkinchi shamni yoqib qo‘yibdilar. Bu holdan mehmon hayron bo‘lib so‘rabdi: “Taqsir, bitta shamni o‘chirib, xuddi o‘shanga o‘xshash ikkinchi shamni yoqishingizga bois nima? Bunda ham biror hikmat bormi?” Shunda u kishi: “Albatta bor, men Siz kelguncha davlat ishlari bilan band edim, zero sham ham davlatniki edi. Endi mening aziz mehmonim bo‘lasiz, shuning uchun o‘zimga tegishli shamni yoqdim”, degan ekanlar. Qarang, shu xil odil va halol pokiza rahbarlar ham bo‘lgan ekan… Bu rivoyat hozir ham barcha katta-kichik rahbarlarimizga o‘rnak bo‘lsa arziydi, deb o‘ylayman.

*  *  *

Rahmatli Sharif Nurxon Buxoroda yashab, qashshoqlikda o‘lib ketgan Naqqosh gado degan shoirning bir baytini tez-tez takrorlab yurardi:

    Ko‘p bo‘lsayam ketadi,

    Kam bo‘lsayam yetadi.

Eng katta boylik – bu qanoat.

*  *  *

Ayrimlar tomoqdan o‘tgani hisob, deyishadi. Biroq, tomoqdan o‘tganning ham qachonlardir hisob-kitobi bor. Bu dunyoda bo‘lmasa oxiratda!

*  *  *

Urush yillari rayonimizda Iskandar Kamol degan rayijroqo‘m raisi bo‘lardi. Kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, har hafta bir marta otini havasakka nag‘allatardi. O‘ziyam naq to‘qqiz pudcha kelardi, og‘irligidan har oyda bir ot almashardi. Majlislarda raislarga: “O‘v, Rafiq Po‘lot, bilasanmi, man kimman? Mani Iskandar Kamol deydilar. Bu qorin paxtaning suvidan katta bo‘lgan, istasam, uyingni kuydiraman, tayini shudgor qildiraman, o‘rniga shalg‘am ekaman!” deya dag‘dag‘a qilarkan. Tavba, uning bu xil so‘zlarini rayqo‘mning ikkinchi kotibi – Plug degan o‘ris ham o‘rganib olib, “Maniki uy kuydiradi, tayini karchyofka kildiradi, jayiga shalgam ikadi!” derdi. Haliyam yodimda, Xayrobodning bo‘yidagi Choriqulboy qurgan qulubda ko‘p kishilik majlis bo‘luvdi. Iskandar Kamolni ishdan olganlarida Usmon Yusupov beso‘naqay qorniga turtib, “Manavi ichi bo‘sh yog‘li qozonni nega ko‘tarib yuribsan?” deya askiya qilganda hamma kulib yuborgan edi.

*  *  *

Tannoz xotinga erk bersangiz, sizdan minora yasab, boshingizga laylak bo‘lib in quradi.

*  *  *

Zinhor bu mani shogirdim, o‘zim qo‘lini rom qilganman, deya yoshlarni ulug‘larga tanishtirma, ularning o‘zlari sani ustozim, deb ulug‘lasinlar.

*  *  *

“Halol mehnat, beminnat toat-ibodatdan keyin har gal duoga qo‘l ochganimda avval yuragim sariyog‘day erirdi, so‘ng butun vujudimga harorat taralib, ko‘zlarimdan shavar-shavar yosh quyilardi… Umr bo‘yi Yaratgandan nimaiki iltijo qilib so‘ragan bo‘lsam, hammasiga erishdim. Bu dunyoda xorlik, zorlik ko‘rmadim. Mudom yor-do‘stlarning izzat-ikromida, shogirdlarim, qavm-qarindosh, farzandlarimning ardog‘ida bo‘ldim. Endi birdan-bir istagim shuki, Parvardigor ikki dunyoda imonimni basalomat qilsa bo‘lgani…

Uzoq yashadim, bearmon yashadim… Lekin bir gapni aytaymi? Yashashdan to‘ymas ekan kishi. Zero yashashdan to‘yish – Allohning zikrini aytishdan to‘xtalish emasmi? Yaxshi ko‘rgan bandasi qancha ko‘p yashasa, Allohga shuncha sig‘ingan bo‘ladi.

Ko‘p yashanglar, bolalarim!”

B.SAYFIYEV tayyorladi.