Viloyatimiz markazida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida tayyorlangan loyiha asosida qurilgan va xalqaro miqyosdagi yirik musoboqalarni o‘tkazish talablariga to‘la javob beradigan muhtasham suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi.
Ikki gektar maydonda joylashgan ushbu majmua tarkibida 50×21 metr o‘lchamli suzish havzasi, 6×12 metr o‘lchamdagi ikkita bolalar hovuzi, 10 metrgacha balandlikdan suvga sakrash uchun mo‘ljallangan 16×16 o‘lchamli hamda mahorat mashqlari uchun quruq basseynlar mavjud. Shuningdek, 700 o‘rinli tomoshabinlar tribunasi, keng xoll, dush, kiyim almashtirish xonalari va dam olish hududlari tashkil etilgan. Ma’muriyat uchun bino, media zona, fitnes hamda yig‘ilish zallari ham barpo etilgan.
Suv sporti saroyining tantanali ochilish marosimida Sport vaziri Adham Ikramov, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari va suv sporti Federatsiyalari raisi, senator Qudratilla Rafiqov, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi hamda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Mongoliya kasaba uyushmalari delegatsiyalari, xalqaro darajadagi mahoratli sportchi va murabbiylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Bundan ikki yil avval iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini ko‘zdan kechirib, bunday zamonaviy sharoitlar faqatgina poytaxtda emas, mamlakatimizning barcha hududlari, xususan, Qashqadaryoda ham bo‘lishi kerak, degan tashabbusni bildirgan edi, – deydi Qudratilla Rafiqov. – Ushbu inshootning bunyod etilishi davlat rahbari tomonidan inson qadrini ulug‘lash va uning manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu va xayrli ishlarning yana bir amaliy ifodasidir.
Tan olish kerak, keyingi o‘n yilda mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash, havaskorlar va aholining sog‘lom turmush tarzi uchun sharoitlar hozirlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijalari odamlarning sermazmun hayotida, o‘zbek o‘g‘il-qizlari xalqaro arenalarda Vatan bayrog‘ini sarbaland ko‘tarib, yurt dovrug‘ini dunyoga tarayotganida o‘z ifodasini topmoqda.
– Ushbu majmua uchun keltirilgan barcha uskuna va jihozlar Xitoy, Italiya, Ispaniya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori sifat, energiya samaradorligi bilan ajralib turadi hamda eng so‘nggi texnologiyalarga asoslangan, – deydi suv sport saroyi direktori Isoq Panjiyev. – Zamonaviy suv filtrlari, nasoslari, isitish, havo aylanish tizimlari va boshqa infratuzilma foydalanuvchilar uchun maishiy qulaylik, shinamlikni ta’minlaydi.
Ushbu majmuada kelgusida respublika, Osiyo va xalqaro darajadagi musobaqalarni qabul qilish mo‘ljallangan. Shuningdek, yangi suv sporti saroyi sportchilar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Jahon suv sporti federatsiyasi (World Aquatics) tasnifidagi turli turnirlarga tayyorgarlik ko‘radigan markazga aylanishi kutilayapti.
O‘z muxbirimiz

