16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Qarshidan ilk parvoz qayerga amalga oshirilgan?

1960-yilda Qarshi shahrida ilk aeroport o‘z faoliyatini boshlagan. Bu yerda dastlab qishloq xo‘jaligi maqsadlarida parvozlar amalga oshirilgan. Birinchi yo‘lovchi reyslari esa Qarshi – Samarqand – Kitob va Sergeli – Qarshi – Talimarjon yo‘nalishida amalga oshirilgan.

Aeroportda parvozlar ko‘payishi natijasida keng ko‘lamli qurilish ishlari ham boshlangan. 1977-yilda uchish va qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilingan. Navigatsiya va aloqa vositalari bilan jihozlangan yangi terminal majmuasi  foydalanishga topshirilgan va o‘sha yili Tu-154 havo kemasida Qarshi-Moskva-Qarshi reysi ochilgan.

1978-yilda Toshkent, Andijon, Urganch, so‘ngra Dushanbe, To‘rtko‘l, Leningrad va boshqa shaharlarga parvozlar boshlangan.

Qarshi aeroporti 1992-yilga qadar O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining «Qarshi birlashgan aviaotryadi» sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 28-yanvardagi farmoni bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashkil etilgan hamda «Qarshi birlashgan aviaotryadi» «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga qarashli Qarshi aeroporti deb atala boshlangan.

2013-yilda «Qarshi xalqaro aeroporti» davlat-unitar korxonasiga aylantirilgan. Aeroport xalqaro maqomga ega bo‘lishi natijasida uning texnik va tijoriy salohiyati ham bir qadar yuksalgan. Bu yerda VIP zal, rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatish zali, ona va bola xonasi, ibodat uchun xona, valyuta ayriboshlash punkti, aviakassa faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aeroport tunu kun ishlaydi hamda barcha turdagi yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan samolyotlarni, shuningdek, vertolyotlarni qabul qiladi.

Aeroportdan Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlariga muntazam reyslar mavjud. Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan charter reyslari amalga oshiriladi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.