16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Dolzarb

“Qashqadaryo” gazetasi – 100 yoshda

Bundan roppa-rosa bir asr oldin – 1925-yil 22-may kuni «Qashqadaryo» gazetasining ilk soni chop etilgan edi. O‘tgan 100 yil davomida ushbu davriy bosma nashrning 16 mingdan ortiq soni dunyo yuzini ko‘rib, mushtariylar qo‘liga yetib borgan ekan, ular orqali voha ahliga Qashqadaryo va O‘zbekiston, qolaversa, butun jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, turli sohalarga oid muhim xabarlar va qimmatli ma’lumotlar yetkazilgan.

Sana

Nashrimiz bilan uzoq yillar davomida yaqindan hamkorlik qilib kelgan atoqli tarixchi va adabiyotshunos olim Poyon Ravshanov «Qashqadaryo» gazetasiga viloyatimizdagi «ilk matbuot qaldirg‘ochi» deya ta’rif bergan edi. Zero, bundan  15 yil oldin viloyat hokimligi arxivida o‘rganish olib borish chog‘ida u kishi 1925-yil 15- may kuni Behbudiy (hozirgi Qarshi) shahrida o‘tkazilgan yig‘ilish qarorini topib, unda «Viloyat firqa qo‘mitasi va ijroiya qo‘mitasi organi bo‘lgan gazetani nashr etish zarur deb hisoblansin; gazeta «Qashqadaryo» deb nomlansin; Said Ahroriy texnik muharrir etib tasdiqlansin» deya qayd qilinganini aniqlagan va shu tariqa keng ommaga «otaxon gazeta» haqiqatan ham aynan 1925-yil 22-maydan nashr etila boshlanganining hujjatli tasdig‘ini taqdim qilgan.

– Gazeta arab yozuvida chiqarilgan, hajmi ham katta bo‘lmagan, – deb yozgandi olim o‘zining «Qashqadaryo» gazetasi qachon tashkil topgan?» sarlavhali maqolasida. – Qashqa vohasida sovet hokimiyatiga qarshi davom etgan kurashlar, bu yillarda vujudga kelgan murakkab vaziyat, kadrlar yetishmasligi gazetaning uzilishlar bilan chiqishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida ko‘rsatilganidek, «Qashqadaryo» nomi bilan nashr etila boshlagan gazeta keyinchalik «Sotsializm alangasi», «Yengish» (1934), «Qashqadaryo haqiqati» (1935) nomlarida chop etilgan. 1960-yil 25-yanvarda Qashqadaryo viloyati tugatilib, Surxondaryo viloyatiga qo‘shilishi munosabati bilan «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan, 1964-yil 7-fevraldan yana chiqa boshlagan.

«Qashqadaryo haqiqati», keyinchalik esa «Qashqadaryo» gazetasi tahririyatida 1974-yildan 2012-yilgacha, qariyb 40 yil ishladim va hayotimning asosiy qismi bu ijodiy  jamoada o‘tdi, – deydi faxriy jurnalist, «Shuhrat» medali sohibi Namoz Ahmedov. – Viloyatimizda diqqatga sazovor qanday ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa, barchasi haqida  nashr sahifalaridan topish mumkin. Bejizga bugun tadqiqotchilar kutubxona va arxivlarda gazetamiz taxlamlarini sinchiklab o‘rganishmaydi, chunki har bir sonida Qashqadaryo tarixiga oid ko‘plab noyob ma’lumotlar va eng muhimi, fidoiy insonlar haqidagi qimmatli faktlarni topish mumkin. Ayniqsa, mustaqillik davrini olsak, Talimarjon IES, Dehqonobod kaliy zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li, «Uzbekistan GTL» zavodi, boshqa ko‘plab yirik obyekt va inshootlarning qurilishi, Shahrisabz va Qarshi shaharlari yubiley to‘ylariga tayyorgarlik va ularning yuqori saviyada o‘tkazilishi, umuman olganda, vohamiz qiyofasi va odamlarimiz dunyoqarashining o‘zgarishi – shularning barchasi gazetada aks etgan.

Darvoqe, o‘tgan yillar davomida  «Qashqadaryo» gazetasi yosh kadrlar uchun mahorat maktabi vazifasini ham muvaffaqiyatli bajarib keldi.  Buning samarasi hozir ham qator nufuzli bosma va internet nashrlari, respublika miqyosidagi telekanallar va axborot agentliklari, turli korxona va tashkilotlarning axborot xizmatlari faoliyatida yaqqol sezilib turibdi.

– «Qashqadaryo» gazetasi tahririyatida ishlagan paytlarimda  matbuot sohasida birinchilardan bo‘lib raqamli va internet texnologiyalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ygandik, – deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha fotomuxbiri, «Shuhrat» medali sohibi Jamshid Norqobilov. – Ko‘p jihatdan aynan o‘shanda doimo yangilikka intilish va yangi manzillar sari olg‘a yurib, yangi cho‘qqilarni zabt etishni o‘rgangan bo‘lsam ajabmas. Tabiiyki, bu menga bugungi faoliyatim, umuman hayotimda ancha asqatayapti va  buning uchun «Qashqadaryo» gazetasidan judayam minnatdorman.

Gazeta mushtariylarga muhim xabar va qimmatli ma’lumotlarni yetkazibgina qolmay, ko‘p hollarda hayotimizda uchrayotgan muammolarga mas’ullar e’tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga  amaliy yordam ham bergan.

– Dardimni aytib, ko‘p joylarga murojaat qildim, ammo hech qanday natija bo‘lmadi, oxiri o‘zimizning «Qashqadaryo» gazetamiz jurnalistlariga muammolarimni ochiq-oydin so‘zlab berdim, – deydi G‘uzor tumani SHerali mahallasida yashovchi Husnora To‘rayeva. – Tahririyat vakillari aralashgach, tegishli tashkilotlar nogironlik aravachasini berishdi, bir-necha marta sog‘lomlashtirish markazida davolanib chiqdim, uy-joyim ta’mirlandi, ko‘pgina boshqa mushkullarim oson bo‘ldi. 

Bugun viloyatga otdosh  gazeta  ilk soni chop etilganining 100 yilligi rasmiy doiralarda keng nishonlanmasa-da, «Qashqadaryo» gazetasi tahririyatida ishlab, ijod qilgan, uning mahorat maktabida tajriba orttirgan va nashrimizni sevib o‘qiydigan insonlar ushbu sanani, albatta, qalban tantana qilishadi. Ertaga esa gazeta tarixining ikkinchi asri boshlanadi… 

Temur NIZOMOV