Dolzarb statistika
Joriy yil 1–yanvar holatiga ko‘ra viloyatimizda chet el investitsiyalari ishtirokidagi 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ulardan 48 tasi, ya’ni qariyb 30 foizi Xitoy ishbilarmonlari sarmoyasi hisobidan tashkil etilgan.
Viloyat statistika boshqarmasining raqamlashtirish va statistik registrlarni yuritish bo‘limi tomonidan tayyorlangan tahliliy sharhda qayd etilishicha, xitoylik tadbirkorlar tomonidan Qashqadaryoda ta’sis etilgan korxonalarning 17 tasi qo‘shma, ya’ni o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikda tuzilgan, yana 31 tasi esa xorijiy, ya’ni 100 foiz Xitoy sarmoyasi evaziga biznesni yo‘lga qo‘ygan.
Viloyatimizda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Osmonosti mamlakatidan keyingi o‘rinlarda Rossiya Federatsiyasi (jami 26 ta, jumladan, 16 ta qo‘shma, 10 ta xorijiy), Turkiya (jami 18 ta, 8 ta qo‘shma, 10 ta xorijiy), Afg‘oniston (jami 10 ta, 2 ta qo‘shma, 8 ta xorijiy), Qozog‘iston (jami 7 ta, 5 ta qo‘shma, 2 ta xorijiy), Janubiy Koreya (jami 6 ta, 3 qo‘shma, 3 ta xorijiy) va AQSH (jami 5 ta, 2 qo‘shma, 3 ta xorijiy) kabi davlatlar joylashgan.
Shuningdek, Qashqadaryoda Buyuk Britaniya (4), Eron (4), Shveytsariya (4), Birlashgan Arab Amirliklari (4), Niderlandiya (4), Germaniya (3), Qirg‘iz Respublikasi (3), Pokiston (2), Tojikiston (2) va boshqa bir qator mamlakatlar ishbilarmonlarining investitsiyalari ishtirokida qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tarmoqlar kesimida oladigan bo‘lsak, viloyatimizda chet el sarmoyasi hisobidan tuzilgan korxonalarning eng ko‘pi (69 tasi yoki 42,3 foizi) sanoat sohasida, 34 tasi yoki 20,9 foizi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida, 29 tasi yoki 17,8 foizi savdoda, yana 9 tasi yoki 5,5 foizi qurilishda biznes yuritadi.
Afsuski, mamlakatimiz hududlari orasida Qashqadaryo xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha hamon oxirgi o‘rinni band etib turibdi. Ahamiyat bering, O‘zbekistonda jami qo‘shma va xorijiy korxonalar soni 18 ming 164 tani tashkil etgan bir paytda, viloyatimizdagi mazkur ko‘rsatkich (163 ta) shuning hatto bir foizidan ham kamdir.
O‘z muxbirimiz

