Vengriya hukumati Buyuk Britaniya qiroli Karl III dan qirollik oilasiga sovg‘a qilingan lipitsan zotiga mansub ikki otni qaytarishni talab qildi. Bu haqda The Telegraph manbasi xabar tarqatgan.
Gap Nelson va Iveko laqabli otlar haqida ketmoqda. Ular Viktor Orban hukumati davrida Britaniya tomoniga Karl III ning toj kiyish marosimi munosabati bilan sovg‘a sifatida berilgan. Otlar 2024-yil iyun oyida Vindzordagi qirollik otxonasiga olib kelingan.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Bukingem saroyiga Vengriya tomonidan xat yuborilib, otlarni Silvashvaraddagi davlat ot zavodiga qaytarish talab qilingan.
Vengriya qishloq xo‘jaligi vazirligi qirollikka xat yuborilganini tasdiqlagan, biroq undagi ayrim ifodalar noto‘g‘ri talqin bo‘lganini ma’lum qilgan. Idoraning aniqlik kiritishicha, otlar Britaniya tomoniga ijara shartnomasi asosida berilgan va rasman hanuz Vengriya davlatining mulki hisoblanadi.
Keyinchalik Vengriya tomoni hayvonlarni Britaniyadan olib ketish niyati yo‘qligi, otlar dastlab rejalashtirilganidek, qirollik otxonasida qolishini bildirgan.

