E’tirof
Insonning dardiga quloq tutish, ehtiyojmandga yelkadosh bo‘lish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oila yoki bir odamga umid berish – bu shunchaki xizmat emas, balki yuksak insonparvarlik namunasidir. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning bosh maqsadi ham aynan inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning farovon hayoti uchun munosib sharoit yaratishdan iborat.
Shunga monand, mahallalarda yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy xizmat tizimi aholining dardu tashvishlarini yaqindan o‘rganish, ehtiyojmandlarga manzilli yordam ko‘rsatishda muhim o‘rin tutayotir. Bu tizimda faoliyat yuritayotgan fidoyi mutaxassislar esa inson taqdiri uchun mas’uliyatni chuqur his qilgan holda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Chiroqchi tumani «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining mahallada ijtimoiy xizmatni tashkil etish sho‘basi bosh mutaxassisi Inobat Butayeva zimmasida katta mas’uliyat bor. U samarali mehnat qilsa, yuzlab insonlar taqdiri, ko‘plab oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Binobarin, mutaxassis o‘z faoliyati davomida joylarda ijtimoiy xizmatlarni samarali tashkil etish, aholi muammolarini o‘rganish va ijtimoiy xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Ana shular asosida ijtimoiy xizmat sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etadi. Natijada ko‘plab ijtimoiy xodimlar o‘z kasbiy mahoratini yuksaltirib, aholiga yanada samarali xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
– Har bir treningni oddiy ma’ruza tarzida emas, balki hayotiy misollar asosida o‘tishga harakat qilaman, – deydi Inobat Butayeva. – Chunki qonun normalarini o‘qib berishning o‘zi yetarli emas. Ijtimoiy xodim har bir vaziyatda qanday yo‘l tutishni, inson taqdiriga befarq bo‘lmasdan, to‘g‘ri qaror qabul qilishni bilishi kerak.
Darhaqiqat, ijtimoiy xizmat sohasidagi har bir qaror inson hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bu vazifa egalaridan faqat bilim emas, balki yuksak mas’uliyat, sabr va mehr-oqibat ham talab etiladi.
Navbatdagi trening mashg‘ulotida Inobat Butayeva ishtirokchilarga o‘z amaliyotida uchragan voqealardan birini misol qilib keltirdi: «Tuman mahallalaridan birida yosh oila og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan edi. Ota ishsiz, oilada ikki nafar kichik yoshli farzand bor. Moddiy qiyinchiliklar sabab ularning turmushi ancha mushkullashgan.
Ijtimoiy xodimlar bu oilani o‘rganib, ularga manzilli ijtimoiy yordam tayinlanishiga ko‘maklashishdi. Otaga o‘ziga loyiq ish topishida yordam berildi, bolalar maktab uchun zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlandi. Oradan bir necha oy o‘tib, oilaning turmush sharoiti ancha yaxshilandi».
– Eng muhimi, ularda ertangi kunga ishonch paydo bo‘ldi, – deydi Inobat Butayeva. – Insonning umidini tiklash – ijtimoiy xizmatning eng katta yutug‘i bo‘ladi.
Mutaxassis o‘z faoliyati davomida «Inson qadri ulug‘langan yurt!», «Inson – insonga ko‘makchi» shiorlari ostida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari va amaliyotlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Ularda aholiga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar beriladi, zarur yordamlar ko‘rsatiladi.
Inobat Butayeva tashabbusi va taklifi asosida ijtimoiy xizmat sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun «Resurslar xaritasi» yaratilgani muhim yangilik. Mazkur loyiha Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshirilib, resurs.istc.uz platformasi ishga tushirildi. Bugun bu platforma ijtimoiy xizmat ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan tashkilotlar va xizmatlar haqida tizimli ma’lumot beruvchi muhim manbaga aylangan.
Mutaxassis o‘tgan yilning 11-15-avgust kunlari Italiyaning Turin shahrida tashkil etilgan «Enhancing social protection services in Uzbekistan» o‘quv-treningida ishtirok etdi.
– Ushbu safar davomida Yevropa davlatlarida ijtimoiy xizmat qanday tashkil etilgani bilan yaqindan tanishdik, – deydi u. – Ayniqsa, keksalarga uy sharoitida xizmat ko‘rsatish, volontyorlik harakatini rivojlantirish va sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish tajribasini katta qiziqish bilan o‘rgandim.
Xorijdan qaytgach, u o‘rgangan bilim va tajribalarini mahalliy mutaxassislar bilan baham ko‘rishni boshladi. Uning shu kabi aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi samarali mehnatlari davlat tomonidan ham munosib e’tirof etildi. Inobat Butayeva Prezidentning «8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
– Bu mukofot men uchun kutilmagan bo‘ldi, – deydi u. – Lekin shu bilan birga yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi. Rostini aytsam, men uchun eng katta mukofot – odamlarning duosi. Ba’zan bir keksa insonning «Rahmat, bolam» degan samimiy so‘zi har qanday mukofotdan ham qimmatliroq tuyiladi.
Haqiqatdan ham ijtimoiy xizmat – bu faqat vazifa emas, balki insonparvarlik, mehr va sabrni talab qiladigan sharafli yo‘ldir. Bu yo‘lni tanlagan insonlar jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga yelkadosh bo‘lish orqali yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Zero, jamiyat taraqqiyoti – avvalo insonga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshlanadi.
Shohista BOZOROVA

