Renovatsiya dasturi doirasida G‘uzor tumanida bundan 62 yil oldin qurilgan, bugungi kunda esa ham jismonan, ham ma’nan eskirib, avariya holatiga kelib qolgan ikki qavatli ko‘p kvartirali uylar o‘rniga zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Eski uylardagi xonadon egalariga yangi quriladigan uylardan «kaliti bilan topshirish» sharti asosida o‘zlari yashab kelgan kvartiralarning maydonidan kam bo‘lmagan miqdorda xonadonlar taqdim etiladi.
Mahalliy Kengashlarda
Bu haqda xalq deputatlari G‘uzor tumani Kengashi tomonidan joriy yil 9-avgust kuni qabul qilingan qarorda so‘z yuritiladi. Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatimiz Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da vohada 2025-2026-yillarda 2 qavatli 100 ta eskirgan uy o‘rniga renovatsiya asosida yangi zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish belgilangan.
– Bugungi kunda tuman markazidagi Navro‘z mahallasida 1963-yilda qurilgan 4 ta va Obod mahallasida 1963-yilda qurilgan 6 ta ko‘p qavatli uydagi 178 ta xonadonda 756 nafar aholi yashab kelmoqda, – deyiladi Kengash qarorida. – Ushbu ko‘p qavatli uylar jismonan va ma’nan eskirib, avariya holatiga kelib qolganligi sababli ta’mirlash imkoniyati butunlay yo‘qolgan. Xonadonlar tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lsada, markazlashgan isitish tizimi mavjud emas, shuningdek, ushbu uylarda kanalizatsiya tarmog‘i bo‘lmagani tufayli xonadonlarda hojatxona va yuvinish xonalari yo‘q.
Shundan kelib chiqib, tuman hokimligi, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi, «Shuhrat uysoz servis» boshqaruv servis kompaniyasi hamda Obod va Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘inlari «yettiligi» tomonidan 1963-yilda qurilgan 10 ta ko‘p qavatli uy o‘rniga bosqichma-bosqich renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish taklifi bildirilgan. Tafsilotlarga ko‘ra, renovatsiya qilinadigan uylar negizida 10 ta yetti qavatli uy qurilishi natijasida 540 ta oila yangi uy-joylarga ega bo‘ladi. Shuningdek, yangi uylarning birinchi qavatida jami 50 ta yangi tadbirkorlik subyekti va shuning hisobidan 150 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, hududda yashayotgan aholi uchun hayotiy zarur bo‘lgan ko‘plab qulayliklar yaratiladi.
Shuningdek, tumanga ajratilayotgan budjet ssudasi (7 milliard so‘m) hisobidan Navro‘z mahallasi hududida ichimlik suvi tizimini barpo etishga 2,5 milliard so‘m, Navro‘z va Obod mahallalarida ichki yo‘llarni asfaltlashtirish, piyodalar yo‘lakchasi va bolalar maydonchasini qurishga 4,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi.
Xalq deputatlari G‘uzor tumani Kengashi renovatsiya dasturi asosida yuqorida qayd etilgan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflarni ma’qullar ekan, hududdagi mutasaddi tashkilot va idoralar, mas’ul shaxslar zimmasiga tegishli vazifalarni ham yukladi. Bu topshiriqlar, xususan, Navro‘z va Obod mahallalari hududida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uy-joylarni qurishga salohiyatli qurilish korxonalari va malakali ishchilarni jalb qilish, renovatsiya dasturini amalga oshirish komissiyasini tuzish, komissiya a’zolari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan eski uylarda istiqomat qiluvchi aholi va birinchi qavatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, binolarni mustaqil baholovchilar tomonidan baholash ishlarini amalga oshirish va ularning bozor qiymatini to‘lab berish (kompensatsiya qilish), eski uylardagi xonadon egalariga yangi quriladigan uylardan o‘zlari yashab kelgan kvartiralarining maydonidan kam bo‘lmagan miqdordagi xonadonlarni «kaliti bilan topshirish» sharti bilan taqdim etish bo‘yicha kelishuv bitimlarini tuzish va notarial tasdiqlashdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, Prezident qaroriga muvofiq viloyatimizda 2025-2026-yillarda renovatsiya dasturi asosida shaharsozlik talablariga javob bermaydigan 100 ta 2 qavatli eskirgan uy o‘rniga 109 ta ko‘p qavatli uy-joy, ya’ni 3 ming 264 ta xonadon hamda birinchi qavatda va yerto‘la qismida 256 ta savdo, xizmat ko‘rsatish obyekti qurish, bu ishlarni moliyalashtirish uchun 837,4 milliard so‘m, shu jumladan, tijorat banklari kreditlari hisobidan 680 milliard so‘m va tashabbuskorlar mablag‘i hisobidan 150 milliard so‘m yo‘naltirish, shuningdek, tashqi muhandislik va infratuzilma obyektlari uchun zarur pul mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan.
O‘z muxbirimiz

