Bilib qo‘ygan yaxshi
Qonunlar va boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlar yaxlit, o‘zgarmas manba emas. Vaqt o‘tishi bilan ayni zamon talablari asosida yangilanib turadi. Texnika taraqqiyoti tobora ildamlab borayotgan bugungi kunda bu jarayon yanada tezlashib borishi tabiiy. Ayniqsa, har ishda sun’iy intellekt insonning dastyoriga aylanayotgani sohaga oid huquqiy meyorlarni ham tartibga solishni, takomillashtirishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 21-yanvarda qabul qilingan «Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Zaruriyat va ehtiyoj
Mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda keng ko‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning 2024-yil 14-oktabrdagi «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Bugun «sun’iy intellekt» tushunchasi kattayu kichikka birdek tanish atamaga aylanib ulgurdi. Shunday bo‘lsa-da, unga qonun hujjatlarida ta’rif berilmagan edi. Qolaversa, kiberjinoyatlar, onlayn firibgalik kabi holatlar axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishga doir umumiy qoidalarni hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash zaruriyatlarini yuzaga keltirdi.
Raqamli texnologiyalar og‘irimizni yengil qilayotgani, unga ehtiyoj ortayotgani bor gap. Ammo, tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, rivojlanish ezgulikka xizmat qilmog‘i lozim.
– Sun’iy intellekt yordamida shaxsning rasmlari va videolariga ishlov berib, uni tarqatish bilan qo‘rqitish orqali pul talab qilish holatlari uchrab turibdi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi huquqbuzarlik profilaktikasi guruhi katta inspektori Oybek Nabiyev. – U orqali fuqarolarning ma’lumotlarini o‘g‘rilab, kredit rasmiylashtirish, bank plastik kartalaridan pul yechish bilan bog‘liq jinoyatlardan juda ko‘plab fuqarolar aziyat chekayapti. 2025-yilda viloyat bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlarning 49 foizi aynan kiberjinoyatlar ekanini inobatga olsak, vaziyat qanchalar tashvishli ekanligi ayon bo‘ladi.
Nimalar o‘zgardi?
«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasi sun’iy intellekt ta’rifi haqidagi xatboshi bilan to‘ldirildi:
«Cun’iy intellekt – insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui hisoblanadi».
Bundan tashqari, mazkur qonunga axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanish meyorlarini belgilashga doir 71-modda kiritildi. Unga ko‘ra, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari hamda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayotiga, sog‘ligiga, erkinligiga, sha’niga, kadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va uning boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligi shartligi belgilandi.
Bugungi kunda sud-huquq sohasida ham sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 21- avgustdagi «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida bu jarayonning huquqiy jihatlari, afzalliklari va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi. Asosiy maqsad odamlarning og‘irini yengil qilish, qog‘ozbozlikka barham berish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Shunday bo‘lsa-da, gap kishilar taqdiri haqida ketganda, qaror qabul qilish sudyalar zimmasida bo‘ladi. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunda qayd etilganidek, insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilish chog‘ida faqat sun’iy intellektdan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlarining xulosalariga tayanish mumkin emas.
Javobgarlik kuchaytirildi
«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir ma’lumotlar hisoblanadi. Endilikda sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlik holatlari ma’muriy javobgarlikka tortishga olib keladi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 462-modda kiritildi.
Demak, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish, xuddi shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yana bir gap. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berganlik, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Bu hozirgi paytda 20 million 600 mingdan 41 million 200 ming so‘mgacha mablag‘ni tashkil qiladi.
– Sun’iy intellektning ayrim salbiy va xavfli jihatlari ham mavjud, – deydi texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Qudratjon Zuhurov. – Ma’lumki, sun’iy intellekt tizimlari elektron ma’lumotlarga tayanadi, agar ular noto‘g‘ri yoki bir tomonlama bo‘lsa, texnologiya yordamida qabul qilingan qarorlar ham adolatsiz bo‘lishi mumkin. Bu holat, ayniqsa, inson huquqlari, moliyaviy qarorlar va huquqni muhofaza qilish sohalarida jiddiy oqibatlarga olib kelishi tayin.
Yana bir muhim masala – shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligidir. Sun’iy intellekt katta hajmdagi shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ishi va tahlil qilishi sababli ulardan noqonuniy foydalanish yoki sizib chiqishi xavfi mavjud. Bundan tashqari, sun’iy intellekt tizimlarining xatolikka yo‘l qo‘yishi yoki yetarli darajada nazorat qilinmasligi inson hayoti va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Xorijiy tajriba va yechim
– Yevropa Ittifoqida shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash, saqlash va uzatish bo‘yicha qat’iy qoidalar o‘rnatish uchun GDPR (General Data Protection Regulation) meyoriy hujjat qabul qilingan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi notariat, advokatura va mediatsiya shu’basi boshlig‘i Olimjon Bo‘riyev. – Unga ko‘ra, sun’iy intellekt orqali shaxs ma’lumotini o‘zgartirish, roziliksiz qayta ishlash, yolg‘on kontent yaratish orqali agar shaxsga ma’naviy zarar yetkazilsa, obro‘siga putur yetsa, aldash yoki firibgarlik holatlari sodir etilsa, bu jinoyat yoki og‘ir ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Xo‘sh, qanday hollarda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga ruxsat etilgan?
«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, subyekt bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berganda; subyekt taraf bo‘lgan shartnomani bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar subyektning so‘roviga binoan choralar ko‘rish zarur bo‘lganda; mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda; subyektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda; mulkdor va (yoki) operatorning yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun yoxud shaxsga doir ma’lumotlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda; shaxsga doir ma’lumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda; agar bu ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan olingan bo‘lsa.
Bundan tashqari, subyektning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lgan taqdirda, bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik olish mumkin bo‘lgan paytga qadar subyektning roziligisiz yo‘l qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt – insoniyat uchun katta imkoniyat. Ammo undan foydalanishda, avvalo, insoniylikni va qonunlarni hurmat qilish mas’uliyatini unutmaslik lozim. Bugun dunyo ommaviy axborot vositalarida sun’iy intellektning sudya vazifasida, odam taqdiri hal qilinadigan ko‘plab sohalarning mas’ul lavozimlarida «faoliyat» yuritayotgani bong urilmoqda. Nima bo‘lganda ham asosiy boshqaruv, nazorat insonning, insoniyatning o‘zida qolgani ma’qul.
Abdurazzoq MURODOV

