16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

“TalabaEXPO – 2026”: maqsad va imkoniyatlar tutashgan maydon

Bugungi global raqobat va tez o‘zgarayotgan mehnat bozori sharoitida yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ularning bilim va salohiyatini amaliyotga yo‘naltirish har qanday davlat taraqqiyotining muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan «TalabaEXPO – 2026» kasblar ko‘rgazmasi nafaqat bitiruvchi talabalar, balki mamlakatimiz yoshlar siyosatidagi amaliy yondashuvlarni namoyon etgan muhim maydon sifatida gavdalandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, «O‘zmilliybank», Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda «Kelajakka qadam» markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbir ta’lim, ishlab chiqarish va tadbirkorlik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada mustahkamladi. Eng muhimi, ko‘rgazma yoshlarning orzu va intilishlarini real imkoniyatlar bilan bog‘lagan amaliy platformasiga aylandi.

Ko‘pincha yosh mutaxassislar mehnat bozori talablari, ish beruvchilar esa iqtidorli kadrlar haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lmaydi. «TalabaEXPO – 2026» ana shu ikki tomonni bir nuqtada uchrashtirib, amaliy muloqot muhitini yaratdi. Turli korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilib, talabalar bilan suhbatlar o‘tkazdi. Bu esa bitiruvchilarga kelajakdagi faoliyatini aniq maqsad asosida rejalashtirish imkonini berdi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan innovatsion loyihalar tadbirning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Jumladan, Qarshi davlat texnika universiteti talabalari tomonidan yaratilgan elektromobil yoshlarning muhandislik sohasidagi izlanishlari va innovatsion fikrlashini yaqqol namoyon etdi. Ikki oy davomida ishlab chiqilgan ushbu ekologik transport vositasi namunasi nafaqat texnik yechim, balki yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishi va kelajakka innovatsion yondashuvining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tadbir doirasida tadbirkorlikka qiziqishi bor yoshlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ularga «Kelajakka qadam» dasturi orqali ajratiladigan imtiyozli kreditlar, biznes yuritish mexanizmlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. «O‘zmilliybank» mutaxassislari tomonidan biznesni boshlash va loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq muloqot yoshlarning iqtisodiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Umumlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rgazmaga 8 ming nafardan ortiq talaba bevosita kelgan bo‘lsa, 141 ta subyekt ish beruvchi sifatida ishtirok etdi. Ish izlovchilardan 3 ming 412 ta ariza qabul qilinib, ulardan 395 nafarining kelgusidagi faoliyat joyi allaqachon aniq bo‘lgan. Bu raqamlar «TalabaEXPO – 2026» shunchaki ko‘rgazma emas, balki yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi samarali mexanizm ekanini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, mazkur tadbir yoshlarda ertangi kunga ishonchni ulg‘aytirdi. Ular o‘z bilim va g‘oyalari qadrlanishini, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishini yana bir amalda ko‘rdi. Bunday muhit esa faol, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega.

«TalabaEXPO – 2026» kabi amaliy platformalar yoshlarning kasbiy kamolotida muhim qadam bo‘lib, ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajaradi. Zero, yoshlarga yaratilgan imkoniyat – mamlakat kelajagiga qaratilgan eng katta sarmoyadir.

Nilufar OSTONOVA,

O‘zJOKU talabasi

J.NORQOBILOV olgan suratlar.