16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

TARMOQ, HUDUD VA UNIVERSITET

yoxud taraqqiyot yo‘lida tutashgan maqsadlar

Hamkorlik

E’tirof etish joiz, bugun O‘zbekiston dunyoda o‘z so‘zini aytmoqda. Prezidentimiz xalqaro minbarlarda muhim masalalarni o‘rtaga tashlayapti, ularning yechimi bo‘yicha zarur takliflarni ilgari surayapti. Hamkorlik yo‘nalishlari kengaymoqda. Ilm-fan va sanoat sohasida integratsiya kuchaymoqda. Oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarini jahonning eng yuqori reytingga ega universitetlari dasturlari asosida shakllantirish vazifasi qo‘yilgani ham ta’lim sifatini oshirishning muhim omilidir.

Bilimga intilish, birinchi navbatda, ta’lim sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishni taqozo etadi. Buning uchun biz, sportchilar ta’biri bilan aytganda, «planka»ni yuqoriroq oldik. Shuning uchun ham bugun oliy ta’lim tizimiga dunyoning TOP-300 reytingidan o‘rin olgan universitetlar o‘quv dasturlarini joriy etish maqsad qilindi. Bu borada ko‘plab forumlar, muloqotlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Hamkorlik memorandumlari imzolanmoqda. Birgina Qarshi davlat texnika universiteti misolida aytadigan bo‘lsam, yaqin davrlarda Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya, Vengriya kabi o‘nlab davlatlarning oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xo‘sh, bu sa’y-harakatlarning ahamiyati nimada?

ILG‘OR MUHANDISLIK MAKTABI

Birinchi navbatda, yangi bilimlarni egallash imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Natijada yangi avlod darsliklari yaratilmoqda. Ilmiy tadqiqot ishlari ko‘lami ortmoqda. Bu – juda muhim. Sababi, bugun universitetda tayyorlanayotgan muhandislar, mutaxassislar ertaga ishlab chiqarish jarayonida har qanday zamonaviy qurilmani boshqara olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  Prezidentimizning 2022-yil 7-iyuldagi «Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada dasturilamal bo‘ldi.

Qaror ijrosining ta’minlanishi ishlab chiqarish korxonalari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamladi. Tadqiqotchilarimizning nufuzli korxonalardagi zamonaviy laboratoriyalarda ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun imkoniyat yaratildi. Talabalarning amaliyotiga jiddiy e’tibor qaratilib, iqtidorli yoshlar korxonalarning kadrlar zaxirasiga olindi, ishga qabul qilindi. Bundan tashqari, soha mutaxassislari ta’lim jarayonlariga jalb etildi, tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun keng hamkorlik o‘rnatildi.

Universitet va «SHo‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ hamkorligida «Gaz-kimyo va energetika» ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etilgan bo‘lib, «tarmoq – korxona – oliygoh» tamoyili yo‘lga qo‘yildi. Bu maktab sohada kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarning muhim tizimiga aylandi.

Ilg‘or muhandislik maktabining asosiy maqsadi sanoat hamkorlari ehtiyojlari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini hisobga olgan holda, nafaqat yuqori  va ko‘p tarmoqli texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir bo‘lgan, balki kreativ fikrlaydigan, ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqadigan «muhandis-tadqiqotchi» malakasiga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan.

Ana shu maqsaddan kelib chiqib, maktabning o‘quv-uslubiy ta’minoti jahondagi yetakchi 300 universitet, jumladan, Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Drezden texnika universiteti (Germaniya), Tomsk politexnika universiteti (Rossiya)ning chuqurlashtirilgan modulli o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida shakllantirildi.

Ta’limning ham institutda, ham korxonada olib borilayotgani magistrlar uchun amaliyot imkoniyatlarini oshirmoqda va tahsil sifatining oshishiga hamda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga imkon yaratmoqda. Qolaversa, ular ilmiy tadqiqot ishlarini bevosita zavodning o‘zidagi laboratoriyalarda olib bormoqda. 2025-2026- o‘quv yilida 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilinadi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va institut olimlari hammuallifligida 2 ta ilmiy ixtiroga patent olindi. 10 dan ortiq mavzularda ilmiy texnologik muammolarning muhandislik yechimlari ishlab chiqilmoqda.

MUAMMONING ILMIY YECHIMI

Universitetda ilmiy-tadqiqot ishlarini davlat buyurtmasi asosida shakllantirish, sanoat korxonalari bilan hamkorlikda innovatsion ishlanmalarni yaratish tizimi «Tarmoq – korxona – universitet» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi paytda davlat dasturlari doirasida 10 milliard so‘mlik ilmiy loyihalar bajarilmoqda. Jumladan, xitoylik olimlar bilan birga kiyimlar uchun paxta to‘qimasi asosida egiluvchan fotovoltlik elementlarni ishlab chiqish, Belarus milliy texnika universiteti bilan birgalikda past potensialli va geotermal energiya resurslaridan foydalanib, integrallashgan issiqlik-sovuqlik ta’minoti tizimlarini yaratish, optimallashtirish va boshqarishning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish hamda konvolyutsion neyron tarmog‘ini qo‘llash orqali g‘o‘zaning o‘sish davrini inobatga olgan holda paxta yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirish (O‘zbekiston-Vengriya) loyihalari shular jumlasidan.

Ushbu loyihalarni bajarishga universitetning 100 dan ortiq iqtidorli talabalari, magistrlar, yosh olimlar va yetakchi olimlardan iborat ilmiy-ijodiy guruhlar jalb qilingan. 

«Tarmoq – korxona – universitet» tamoyilining yana bir e’tiborli jihati, universitet olimlari yirik korxonalarning ilmiy-texnik muammolari yechimi yuzasidan ilmiy xulosalarni berishmoqda. Viloyatdagi «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ, «Uzbekistan GTL» MCHJ va Dehqonobod kaliy zavodi bilan hamkorlikda 7,1 milliard so‘mlik ilmiy loyihalar bajarilmoqda. Masalan, «SHo‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ korxonasining energiya balansini termodinamik tahlil qilish, ikkilamchi energiya resurslarini issiqlik nasosli utilizatsiya qilish, ekologik monitoringini o‘tkazish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini aniqlash, korxonada ishlatilgan molekulyar sito (seolit)dan toza alyuminiy oksidi olish mavzularida 3 ta loyiha ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Dehqonobod kaliy zavodi bilan birgalikda esa Tepaqo‘ton konidagi kon lahimlarining  xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarga qaratilgan loyiha bajarilmoqda.

QISHLOQDA YURGAN OLIMLAR

Olimlar ilmiy tadqiqot ishlari mavzularini belgilashda, asosan, mahalla va qishloqlardagi muammolar yechimiga qaratadilar. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 23-sentabrdagi «Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi, dastur ishlab chiqildi, mas’ullar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Paxtakor, Sardoba, Yashnaobod va Qoraqum mahallalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Dastlab olimlar tomonidan Muborak tumani tuproqlarining nisbatan sho‘rxok ekanligi aniqlandi. Shundan kelib chiqib, sho‘rni yuvish va shunday tuproqda yetishtiriladigan ekinlar, ularni parvarishlash, kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha aholiga keng tushuncha berildi. Ko‘plab ilmiy ishlanmalar mahallalarda joriy qilindi.

Ishsiz ayollar uchun tadbirkorlik bo‘yicha seminarlar, mahorat darslari o‘tkazildi. Bu o‘quv mashg‘ulotlariga har bir mahalladan o‘nlab xotin-qizlar jalb etildi. Xorijiy tillarni o‘rgatish, oliy ta’lim muassasalariga tayyorlov kurslari ham tashkil qilindi. Bundan tashqari, Qarshi davlat texnika universiteti tomonidan Qoraqum mahallasidagi  6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida kompyuter sinfi tashkil qilindi va 10 ta kompyuter jamlanmasi o‘rnatib berildi. Aholi xonadonlarida namunali suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi.

Muborak jamoat salomatligi texnikumi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida Qoraqum, Yashnaobod, Paxtakor va Sardoba mahallalarida tibbiy ko‘riklar hamda «Qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlash» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi.

Qoraqum mahallasida yashovchi Azamat Jumayev xonadoniga Qarshi davlat texnika universiteti tadqiqotchilari tomonidan, aynan shu xonadonning minimal ehtiyojidan kelib chiqib, 1,2 kilovatt quvvatli quyosh panellari va unga mos ravishda energiya yig‘uvchi akkumulyator, 200 litr sig‘imli quyosh suv isitkich (geliokollektor) va 6 dona tungi quyosh yoritqichlari o‘rnatildi. Shu oila xo‘jaligi misolida to‘liq avtonom elektr ta’minotini yaratish, tarmoqdan uzilgan holatda ham ishlashini ta’minlash va maishiy ehtiyojlar uchun issiq suv ta’minotini tashkil etishga xizmat qiladigan, ekologik toza, quyosh energiyasida ishlaydigan «Yashil xonadon» loyihasi amalga oshirildi.

Qoraqum mahallasida yashovchi Shavkat Qulboyev xonadonida yassi quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatildi. Qarshi davlat texnika universiteti energetika muhandisligi fakulteti olimlari tomonidan yaratilgan ushbu qurilma quyosh energiyasi yordamida bir kecha-kunduzda 100 litrgacha suvni 60 darajadan yuqori haroratda qizdiradi. Natijada xonadonda issiq suv uchun sarflanadigan yoqilg‘i, tabiiy gaz va elektr energiyasi tejaladi, oila xarajatlaridan bir yilda 7-8 million so‘m iqtisod qilinadi.

Mazkur qurilma vositasida Qarshi davlat texnika universitetining 2 nafar yosh olimi – Islom Shoymardonov va Sohiba Shomurodova professor G‘ulom Uzoqov boshchiligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.

Bundan tashqari, mazkur universitet tomonidan Yashnaobod mahallasida yashovchi Eldor Elmanovning xonadoniga yosh olim Olmos Qo‘ziyevning universal quyosh qurilmasi o‘rnatib berildi. Bu qurilma bir vaqtning o‘zida inkubator, quritkich, suv isitkich va elektr bilan ta’minlash vazifasini bajaradi. Bir kishi ishli bo‘ldi. Mustaqil tadqiqotchi Ozod Yo‘lliyev Yashnaobod mahallasidagi Saydulla bobo Elmanov xonadonida o‘rnatilgan tomorqa uchun biogumus va biogaz ishlab chiqaradigan qurilma asosida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Xuddi shu kabi ishlar Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida ham boshlab yuborildi. Hozirda universitet professor-o‘qituvchilari aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoitlari, imkoniyatlari va o‘y-maqsadlarini o‘rganyaptilar. Tuproq unumdorligini tekshiryaptilar, yangi rejalar tuzyaptilar.

Bugun davr shiddati har birimizdan tadbirkor, tashabbuskor va izlanuvchan bo‘lishni taqozo etmoqda. Kuni kecha davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘yayotgan bir paytda, qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘lishi alohida qayd etilgani bejiz emas.

Abdurazzoq MURODOV