16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Dolzarb Jamiyat

TUPROQQA EVRILAYOTGAN TARIX

Qashqadaryodagi ko‘plab yodgorliklarni yo‘qolib ketish xavfi kutmoqda

Viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy  kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Isamiddinovich ZAKIROVga ochiq xat o‘rnida!

Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, bu ko‘hna diyorda ko‘plab allomalar, sarkardalar, olimu fuzalolar mangu qo‘nim topgan. 2700 yillik tarixga ega Qarshi va Shahrisabz shaharlari qadimgi dunyo sivilizatsiyasida alohida o‘rin tutgani ma’lum. Ispaniya qirolligidan Amir Temur bobomiz huzuriga elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixoning «Parijning eng nozik didli zodagonlari ham Oqsaroyni ko‘rganida hayratdan lol qolar edi», degan so‘zlari zamirida ota-bobolarimizning yuksak me’morlik, shaharsozlik madaniyatiga ehtirom tuyg‘ulari mujassam.

Muammo va munosabat

Chindan ham, Qashqadaryo viloyati tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarga boy. Ular yosh avlodni Vatanga sadoqat, o‘tmishga hurmat, ota-bobolarga munosib voris bo‘lish ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi barobarida viloyatda turizm rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.

Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasi, Qarshi shahridagi Abu Ubayda ibn al-Jarroh, Qarshi tumanidagi Abul Muin an-Nasafiy, Kasbi tumanidagi Sulton Mirhaydar majmuasi,   Koson tumanidagi Qusam shayx, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir, G‘uzor tumanidagi Miri Janda, Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohlari mahalliy va xorijlik sayyohlar e’tiborini mudom jalb etib kelayotgan qadamjolar sanaladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan jami 1468 ta obyekt muhofazaga olingan bo‘lib, shundan 1197 tasi arxeologik, 208 tasi arxitektura inshooti, 35 ta haykal, 28 tasi diqqatga sazovor obyektlardir.

Afsuski, har bir hududda e’tibordan chetda qolayotgan, xarob ahvoldagi yoki aholi tomonidan turli sabablar bilan yo‘q qilib yuborilayotgan tarixiy joylar ham mavjud. Qaysidir manzil, yodgorlik yoki tepaliklar aholi uy-joy qurishi oqibatida, g‘isht ishlab chiqarish, dala maydonlarini kengaytirish hisobiga yo‘q bo‘lib ketyapti. Yana qaysidir tarixiy binolardan sport zallari, sex yoki boshqa ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanilgan. Ba’zi yodgorliklar xarob holda turibdi va bugun deyarli unutilgan. Ayrim joylar holati yaxshi, lekin turizm yo‘nalishlaridan chetda qolgan.

Shu o‘rinda viloyatdagi eng qadimiy arxeologik yodgorlik – Yerqo‘rg‘on haqida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Vohamizning qariyb uch ming yillik tarixini o‘z bag‘rida mujassam etgan Yerqo‘rg‘on taniqli olim Rustam Sulaymonov tadqiqotlaridan buyon deyarli o‘rganilmayotgan manzilga aylanib ulgurdi. Agar biror sayyohni o‘sha tomonlarga olib borib, mana shu – vohamizdagi eng qadimgi shaharlardan birining o‘rni, shu joydan topilgan ishonchli arxeologik manbalar asosida Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlaganmiz, desangiz, u hayron qolishi aniq. Yastanib yotgan tepaliklarda bugungi kunda arxeologik o‘rganishlarni davom ettirish, yangi dalillar topishga ehtiyoj mavjud. Qolaversa, Yerqo‘rg‘onni kelajak avlodlarning yuksak texnologiyalari asosida o‘rganilishi uchun ham o‘z tarixiy o‘rnida saqlab qolish, fermerlarning dala maydonlariga qo‘shilib ketmasligi uchun avvalo yodgorlik atrofini aynan hozirgi kunlarda to‘laligicha o‘rab olish eng dolzarb vazifalardan biridir.

Xuddi shuningdek, Muborak tumanidagi, Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq,  temuriylar sulolasidagi ulug‘ siymo Saroy Mulk xonim – Bibixonim tavallud topgan maskan Zanjir Saroy tarixiy yodgorligi ham keng ko‘lamli o‘rganishlarga muhtoj. Yodgorlik markazida joylashgan, pishiq g‘ishtdan  bunyod etilgan mahobatli saroy qoldiqlarini to‘laligicha ochib, uni «ochiq osmon ostidagi muzey»ga aylantirish Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatini  rivojlantirishda katta qadam bo‘lur edi.

Ma’lumki, Qarshi shahri qadimiy va boy tarixga ega. Shaharda davlat muhofazasiga olingan 25 ta arxitektura yodgorligi mavjud. Bu yerda qadimdan shaharsozlik rivoj topgani, yirik muhandislik inshootlari, bozorlar, bog‘-rog‘lar bo‘lgani manbalardan ma’lum. Ammo ularning hammasi ham bizgacha yetib kelmagan. Saqlanib qolganlari esa Ko‘kgumbaz, Odina jome’ masjidlari, Bekmir, Qilichbek, Xoja Abdulaziz madrasalari, sardoba, Abu Ubayda ibn al-Jarroh ziyoratgohi, qadimiy ko‘prik, hammom va yana bir nechta madaniy meros obyektlaridir.

Albatta, ushbu madaniy meros obyektlarining har biri beqiyos tarixiy ahamiyatga ega. Ularni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish, har birini alohida turistik nuqtalarga aylantirish asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Ammo necha-necha asrlar to‘fonlarida omon qolib, bizgacha yetib kelgan bu madaniy meros obyektlarining aksariyati bugun nihoyatda achinarli ahvolga kelib qolgan.

Ulardan biri – Qarshi shahrining Haramjo‘y mahallasida joylashgan 5 asrlik tarixga ega masjiddir. Bugungi kunda masjidning tarixiy qismidan bitta xona, uning shift qismi hamda yog‘och eshigi saqlanib qolgan, xolos. Ana shu qismlarning o‘zidayoq binoning takrorlanmas uslub va noyob arxitektura yechimlarga ega bo‘lgani ko‘zga tashlanadi.

Haramjo‘y masjidi me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Bino sifatli ta’mir, e’tibor va qarovga muhtoj. Aks holda besh asrlik tarixiy obida yaqin yillar ichida yo‘qolib ketishi hech gap emas.

Qarshi shahrining Chaqar mahallasida joylashgan Kulol masjidi esa XVIII asrda bunyod etilgan. Keyingi yillarda bu tarixiy joy ustaxona vazifasini bajargan. Ko‘p yillar davomida e’tiborsiz qolib, o‘ta ta’mirtalab ahvolga kelgan masjid binosi ayni vaqtda bir tomonga og‘ib qolgan va atrofdagilar uchun ham juda xavfli holatda turibdi.

Sharifboy madrasasi XVIII asrda pishiq g‘ishtdan barpo etilgan bo‘lib, ikki sotixdan ortiq maydonni egallagan. Hovli sathi juda kichik, to‘rt tomonida 12 ta hujra mavjud. O‘z davrida bu yerdan ko‘plab ziyoli kishilar yetishib chiqqan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sho‘rolar davrida  Sharifboy madrasasida bir muddat rentgenxona faoliyat yuritgan. Keyin bu joy teri-tanosil kasalliklari bo‘yicha shifoxona filialiga aylantirilgan. Yana bir muddat omborxona vazifasini o‘tagan. Va tabiiyki, shu yillar davomida tarixiy bino o‘ta ta’mirtalab holga kelib qolgan.

Bir necha yil ilgari ommaviy axborot vositalarida Haramjo‘y va Kulol masjidlari 2021 yilgi ta’mirlash dasturiga kiritilgani, Sharifboy madrasasi esa 2022 yilgi dasturga kiritilishi haqida e’lon berilgan edi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay bu yodgorliklar sayyohlarni boshlab borsa bo‘ladigan manzilga aylanmadi.

Me’morchilikning noyob namunasi bo‘lgan Qarshi hammomi Abdullaxon II davrida, 1592-1593 yillarda qurilgan. Mazkur obida tarhi – aniq, puxta, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida, bo‘ylamasiga beshta va eniga uchta xona joylashgan. Xonalar yirik gumbazli (balandligi 5,6 metr) markaziy zal atrofida uyushgan.  Hammom doim issiq bo‘lishi uchun yerdan 3 metr  pastda qurilgani ham e’tiborga molik.

Bu tarixiy inshoot o‘z davrining yirik me’morlari tomonidan tayyorlangan mukammal tarh asosida,  qurilish sohasidagi ustalari tomonidan katta mahorat bilan barpo qilingan. Eng muhimi, ushbu hammom bizning davrimizgacha saqlanib qolgan.

Va bizning davrimizdan nariga o‘tadiganga ham o‘xshamayapti, afsus. Zamonaviy qurilishlar har tomondan qisib kelgani yetmaganday, qadimiy hammom qarovsiz, e’tibordan chetdagi joyga aylanib qolgan. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, hammomni saqlab qolish uchun uning muhofaza hududidagi (har bir tashqi devoridan kamida 10 metr masofada) zamonaviy inshootlarni olib tashlash maqsadga muvofiq.

Qarshi tumanidagi Xoja Shamsiddin Halvoniy mangu qo‘nim topgan manzilgoh ham bugun nihoyatda xarob ahvolda.

Bu shaxs Hanafiyya ta’limotining ming yillar burun Movarounnahr zaminida keng yoyilishida birinchilardan bo‘lib xizmat qilgan Shamsul-aimma al-Halvoniy nomi bilan dong taratgan mashhur zotdir.

Manbalarga ko‘ra, Shamsiddin Halvoniy as-Saraxsiy, «Faxrul islom» Ali Pazdaviy, Abulyusur al-Pazdaviy, az-Zaranjiy singari mashhur olimlarning ustozidir. «Faxrul islom» Ali Pazdaviy mashhur fiqh olimi Najmiddin Umar an-Nasafiyga, u kishi esa islom fiqhshunosligi namoyandasi, «Hidoya» asari muallifi Mavlono Burhoniddin al-Marg‘inoniyga ustozlik qilgan. Bu ham Halvoniy ilmiy salohiyati nechog‘lik yuqori bo‘lganini tasdiqlaydi.

Shunday ulug‘ zot bo‘lsa-da, uning qabri joylashgan hudud bugun nihoyatda xarob va qarovsiz holda. O‘z davrida oddiy paxsa va xom g‘ishtdan mohirona tiklangan kulohi gumbazli majmua bugun asl qiyofasini yo‘qotgan.

E’tiborlisi, bu yerdagi maqbarada o‘zining tuzilish tarhi bo‘yicha Qashqadaryodagi eng qadimiy qabr mavjud. Bu qabr qurilishida ishlatilgan mayolikali, o‘ta noyob sirlangan qoplamalar Samarqandning Shohizinda majmuasidagi Qusam ibn Abbos qabri qoplamalari bilan tenglasha oladi.

Mazkur maqbara qarovsiz holatda ekani xususida «Qashqadaryo» gazetasida bundan o‘n yil ilgari maqola chop etilgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay biror o‘zgarish sezilgani yo‘q.

Qarshi tumani O‘zbekiston mustaqilligi mahallasida Muhammad ibn Ato an-Nasafiy as-Sakabadiyoziy qabri mavjud bo‘lib, bu yer ham ziyoratgoh sifatida obodonlashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qarshi tumani Ko‘chkak mahallasida XIII-XIV asrlarda qurilgan to‘rt gumbazli tosh masjid saqlanib qolgan bo‘lib, uzoq tarixni o‘zida jo etgan ushbu manzilga e’tibor qaratilsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Shunisi qiziqki, islom dunyosida musulmon masjidlari qurilishi qariyb o‘n ikki asrdan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, minglab masjidlar qurilgan bo‘lsa-da, to‘rt gumbazli masjidlar qurilishi, me’morchiligi faqatgina Qashqadaryo vohasi uchun, aynan vohaning quyi qismi – Qarshi vohasi uchun xosdir. Bu kabi to‘rt gumbazli masjidlar namunalari Qarshi tumanining Kahlak, Potron qishloqlarida, Kasbi tumanining Qatag‘on, Pandiron qishloqlarida, Koson shahri hududida saqlanib qolgan. Lekin, tarixchi olimlarning ta’kidlashicha, Kosondagi XV-XVI asrlarga oid Chorgumbaz masjidi Qarshi shahrining 2700 yilligi yubileyi arafasida jinoyatkorona tamoman buzib tashlanib, o‘rniga yangi zamonaviy masjid qurilgan. Islom olamida o‘xshashi yo‘q, o‘ziga xos me’moriy xususiyatlarga ega bo‘lgan bu masjidlar Qashqadaryo viloyatida «Ziyorat turizmi»ni rivojlantirish uchun bebaho manbalardir.

Kasbi tumanida, Sulton Mirhaydar majmuasidan 1 kilometr chamasi shimoli g‘arbda, XVI asrda bunyod etilgan Namozgoh saqlanib qolgan. Bunday inshootlar odatda katta miqdordagi aholining hayit namozlarini o‘qishi uchun shahar tashqarisida bunyod etilgan.  Peshtoqi va bir qator gumbazlari nihoyatda mahorat bilan bunyod etilgan bu inshoot hozirda tashlandiq ahvolda. Atrofidagi keng maydon yantoqzor bo‘lib, suvsizlikdan qaqrab yotibdi. Namozgohni ta’mirlash ishlarini oxiriga yetkazib,  oldidagi hovlisini  50×50 metr hajmda devor bilan o‘rab, tekislab, bruschatka bilan qoplab, Sulton Mirhaydar    majmuasidan asfalt yo‘l tortib, namozgoh faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish, yurtdoshlarimizning ommaviy hayit namozlari o‘qishlarini tashkil etish mumkin. O‘zbekistonda bu kabi amaliyot hali amalga oshirilmagan.

Qarshi tumanidagi Potron qishlog‘ida Yetti tug‘ ota ziyoratgohi mavjud. Bu yerda shajara jihatidan Hazrati Alining o‘g‘illari – Hasan va Husaynga borib tutashishi aytiladigan avliyo Mirsayyid Fathulloh va uning avlodlari dafn qilingan. Bugungi kunda ushbu manzil bir qadar obod, biroq ayrim ta’mir ishlariga muhtoj. Qolaversa, ulug‘ insonlar dafn etilgan ushbu joy turistik marshrutdan chetda qolgan.

Qarshi shahriga biror mahalliy yoki xorijlik sayyoh kelsa, uni darhol Shahrisabzga, Oqsaroy majmuasiga olib borishga intilamiz. Vaholanki, Qarshi va uning atrofidagi hududlarda ham turistlar e’tiborini o‘ziga tortadigan me’moriy obidalar ko‘p.

Deylik, Qarshi tumanidagi Abul Muin an-Nasafiy majmuasiga boradigan mehmon yo‘l-yo‘lakay Yetti tug‘ ota, Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohlarida ham bo‘lsa, ancha boy taassurotlarga ega bo‘lishi aniq.

Kitob tumanidagi qadamjolardan biri –   Sohibqiron Amir Temurning piri Shoh Said Ne’matulloh ibn Abdulloh ibn Abdurahmon (1330-1431) nomi bilan bog‘liq. Bu ziyoratgoh tuman markazidan 23 kilometr uzoqlikdagi Mo‘g‘ul qishlog‘ida joylashgan. Said Ne’matulloh islom olamidagi zabardast zotlardan biri bo‘lib, so‘fiylikning «Ne’matullohiya» yo‘nalishi asoschisidir. Bu ta’limot Naqshbandiya tariqati kabi mashhurdir.

Said Ne’matulloh arab va fors tillarida  400 dan ortiq har xil masalalar yoritilgan yozishmalar bitgan va ularning 110 tasi bizgacha yetib kelgan. U kishi Mo‘g‘ul qishlog‘ida 6 yil yashagan. Ayni paytda Said Ne’matulloh yashagan joy ziyoratgohga aylantirilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha turizm yo‘nalishlaridan chetda qolib kelmoqda. Sababi, yo‘l ta’mirga muhtoj.

Yana bir bebaho yodgorlik Mirishkor tumanidagi Guliston qishlog‘ida joylashgan Pazdaviylar ziyoratgohidir. Unga olib boruvchi 7 kilometr yo‘l yaroqsiz holga kelgan hamda bu holat sayohatchilar va ziyoratchilar uchun ko‘plab noqulaylikni yuzaga keltirayapti. Guliston qishlog‘i yaqinida o‘rta asrlar yozma manbalarida, xususan, Istahriy, Muqaddasiy, ibn Havqal asarlarida tilga olingan Pazda shahri xarobalari bo‘lgan Ko‘hna Fazli yodgorligi mavjud. Manbalarda Pazda shahri Nasaf shahridan ham katta bo‘lganligi tilga olinadi. Shahar mo‘g‘ullar istilosi davrida tamoman vayron qilingan va qayta tiklanmagan. Shuning uchun bu shaharning arxeologik relyefi, tarixiy topografiyasi 1319-1320 yildan to hozirga qadar umuman buzilmasdan kelgan va Ko‘hna Fazli yodgorligi Movarounnahrning rivojlangan o‘rta asrlar davri  shaharlarini arxeologik jihatdan o‘rganish uchun,  arxeologik turizm uchun etalon yodgorlik bo‘la oladi.

Mana shu shaharda kamolga yetgan, islom olamida «Faxr al-islom», ya’ni «Islomning faxri» nomini olgan, umrining katta qismini Samarqandda o‘tkazgan ulug‘ alloma al-Pazdaviy (1010-1089) Hanafiyya mazhabining yirik fiqhshunos olimi bo‘lib, islom huquqshunosligi bo‘yicha yozgan asarlari qo‘lyozmalari Berlin, London, Parij,  Dehli, Sankt-Peterburg, Qohira, Tunis, Istanbul kabi shaharlarda saqlanadi.

Shunday buyuk alloma nomi bilan bog‘liq ziyoratgoh birgina yo‘l ta’miri tufayli e’tibordan chetda qolayotgani achinarli holat. 

Ma’lumki, XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida G‘uzor bekligi Buxoro amirligi tasarrufidagi eng rivojlangan ma’muriy birliklardan biri bo‘lgan. G‘uzor bekligining asosiy qo‘rg‘oni G‘uzordaryo sohilidagi tepalikda joylashgan. Bu yerda bekning yashash joyi, boshqaruv idorasi va boshqa turli zarur muassasalar binolari bo‘lgan. Hozir bu tepalik va imoratlardan xarobalar qolgan, xolos.

XIX asr ikkinchi yarmida G‘uzor begi Abdumalik to‘ra tomonidan qo‘rg‘ondan biroz quyida yozgi chorbog‘ va uning yonida uy barpo etilgan. Shu yerlik keksalarning aytishicha, asosiy qo‘rg‘ondan yozgi chorbog‘ga olib keladigan yer osti yo‘li ham bo‘lgan. Katta ehtimol, bu yo‘l hali ham bor. Faqat uning kirish qismlariga tuproq to‘lib yopilib qolgan.

Bekning uyi arxitektura jihatdan katta tarixiy qiymatga ega. Lekin bino e’tiborsiz, qarovsiz qoldirilgan.

G‘uzor shahrining Xo‘jaguzar mahallasi hududidagi yo‘l bo‘yida gavjum savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan. Ularning qatorida hududdagi tadbirkorlardan biri ancha yildan buyon omborxona, do‘kon sifatida foydalanib kelayotgan yana bir bino bor. Usti gumbaz shaklida yopilgan ushbu bino va uning yonidagi minorani ko‘rgan kishi darhol bu ikki binoning tarixiy obida ekanligini anglaydi.

Manbalarda keltirilishicha, Buxoro amiri Amir Shohmurod o‘z vaqtida G‘uzor bekligida masjid va madrasa qurdirgan. Taxminlarga ko‘ra, amir qurdirgan masjid xuddi shu hududda bo‘lgan va mazkur obixona (tahorat olinadigan joy) va azon minorasi ham uning yonida barpo etilgan.

Mustaqillikdan so‘ng har ikki obida davlat muhofazasiga olingan. Biroq bu ularni talafotlarsiz saqlash, kelajak avlodlargacha yetkazib berish kafolatini bermaydi. Chunki har ikki obida ta’mirga, qarovga, nazoratga muhtoj.

Obixonadan savdo do‘koni sifatida foydalanilganini qanday izohlasa bo‘ladi? Tarixiy minorani ham qo‘shni xonadonlarning qurilishlari har tomondan qurshab olmoqda.

Obixona va minoradan o‘tib, biroz janubda 2 qavatli Avg‘onbog‘ madrasasi joylashgan. Bu bino G‘uzor bekligining so‘nggi yillarida, aniqrog‘i, 1913 yilda barpo etilgan.

Hukumatning 2013 yil 1 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan (ayni paytda kuchini yo‘qotgan) mazkur madrasani ham restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Buning uchun turli manbalar hisobidan 100 ming dollar ekvivalentida mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu ishlar amalga oshmagan, natijada ko‘p yillar davomida ushbu obida ham chiqindixonaga aylanib qolgan. Keyinchalik ushbu madrasaga tadbirkorlik subyekti vaqtincha egalik qilib, kelin-kuyovlar aylanadigan va suratga tushadigan joyga aylantirgan.

G‘uzor tumanidagi Cho‘g‘urtma mahallasidagi qadim Cho‘g‘urtma Qovchin eli yetti qishloqli Xo‘ja Abulays gul jome’ masjidi va u yerdagi boshqa tarixiy manzilgohlar keng miqyosda o‘rganilishi va rekonstruksiya qilinishi zarur. Bu yerda arablar kirib kelgan davrlarda qad rostlagan masjid hamda undan avvalgi davrlarda mavjud bo‘lgan zardushtiylik ibodatxonalari o‘rni borligi e’tiborga molik.

Vohaning qadimgi me’morchiligida sardobalar alohida o‘rin tutgan. Geografik joylashuvi, tabiati va relyefiga ko‘ra qor-yomg‘irdan, anhor-ariq suvlaridan, yer osti suvlaridan to‘ldirilgan sardobalar tarixi IX-X asrlarga borib taqaladi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Movarounnahrda 44 sardoba mavjud bo‘lsa, ularning 29 tasi Qarshi cho‘lida joylashgan.

Ammo bugungi kunda Qarshi sardobasi sayyohlarga namoyish etiladigan emas, go‘yo yashirib qo‘yilgan manzilday, bormi-bor qabilida turibdi. Muborak, Kasbi tumanlaridagi ko‘hna sardobalar esa yemirilib, yo‘qlik sari yuz tutmoqda. Ularni qayta ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, sayyohlik yo‘nalishlari bilan bog‘liq loyihalarga kiritish darkor.

Nishon tumani 1975 yilda tashkil etilgan, biroq bu yerda tarixi uzoq asrlarga borib tutashadigan yodgorliklar talaygina.

Jumladan, Guliston MFY Otquduq qishlog‘ida joylashgan, XIV asrga oid Nayman ota maqbarasi bilan bog‘liq dalillar ahamiyatli. Bu yerda junaydiya tasavvuf tariqati asoschisi, 910 yilda vafot etgan Junayd Bag‘dodiy qabr toshi mavjudligi qiziq. Tarixdan ma’lumki, mutasavvuf alloma Bag‘dodda yashagan va o‘sha yerda dafn qilingan. Junayd Bag‘dodiyni Alisher Navoiy, Shayx Shibliy yuksak e’tirof etishgan.

Amir Temur Qarshi shahriga Abu Ubayda ibn al-Jarroh xokini keltirgani kabi Junayd Bag‘dodiy xokini ham keltirgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar bor. Nima bo‘lganda ham, alloma bilan bog‘liq joyni ulkan ziyoratgohga aylantirsa, sayyohlar oqimini ko‘paytirishi shubhasiz.

«Qashqadaryo so‘fiylik maktabi asoschisi»   deya ta’rif beriladigan Abu Turob Naxshabiy (806-887) abadiy qo‘nim topgan manzil ham Nishon tumanida bo‘lishi mumkin. Manbalarda alloma Basrada vafot etgani aytiladi, o‘z navbatida Nishon tumanida uning ismi keltirilgan qabrtosh topilgan. Demak, bu borada ham o‘rganishlar olib borilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Bilasiz, qadimiy ipak yo‘lining turli tarmoqlari yurtimiz hududidan ham o‘tgan. Shu yo‘lning shundoqqina yoqasida, Dehqonobod tumanidagi Oqrabot mahallasida muhim strategik makon vazifasini bajargan ko‘hna qal’a xarobalari saqlanib qolgan. Mazkur xarobalar bundan 2300 yil avval yurtimizga bostirib kirgan Aleksandr Makedonskiy bilan bog‘liq, deb hisoblanadi.

Aytishlaricha, Markaziy Osiyoga yurish qilgan Makedonskiy Dehqonobodda qishlagan bo‘lishi mumkin, shunda o‘zi va askarlari uchun grek uslubidagi qal’a barpo ettirgan. Aslida bu asossiz rivoyat emas. Chunki Surxondaryo viloyatida Makedon kanali bor, Afg‘oniston bilan chegarada esa Aleksandr Makedonskiy qurdirgan qal’a xarobalari saqlanib qolgan. Demak, Dehqonobodda yunon-makedon qo‘shinlari bo‘lgani ehtimoldan uzoq emas. 

Bugungi kunda ushbu qal’a ancha cho‘kkan va ma’lum qismigina yer ustida qolgan. 

O‘ziga xos arxitekturaga ega Makedonskiy qal’asi deya taxmin qilinayotgan maskan hali to‘liq o‘rganilmagan. Ammo bu yer O‘zbekistonning noyob qadim madaniyat beshiklaridan biri bo‘lganiga shubha yo‘q.

Afsuski, shunday noyob yodgorlik ham yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Yon-atrofdan aholi turar joy qurishi oqibatida qal’a hududi tobora kichrayib bormoqda.

Yuqorida nomlari keltirilgan obyektlar tushunarli, ularning barpo etilganiga uzoq davr o‘tgan, ammo yaqin yillarda qad rostlagan yodgorliklar ham kishini mamnun qilmaydi.

Bugungi kunda Qarshi shahrida 6 ta monumental san’at yodgorligi davlat ro‘yxatiga olingan. Ularning to‘rttasi mustaqillikdan so‘ng barpo etilgan bo‘lsa, Kat mahallasidagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga o‘rnatilgan yodgorlik hamda Xo‘jaxiyol mahallasida joylashgan «Shuhrat qo‘rg‘oni» 1980-yillarda qad rostlagan.

Aytish joiz, ushbu monumental yodgorliklar ichida «Shuhrat qo‘rg‘oni» maydon jihatidan ham, turistik salohiyati jihatidan ham eng yiriklaridan biri hisoblanadi.

Atrofi obodonlashtirilgan bo‘lishiga qaramay qo‘rg‘on va unga tutash xonalar bo‘m-bo‘sh holida turibdi. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi, frontorti bilan bog‘liq holatlar aks etgan ko‘rgazmalar, muzey faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tadbirlar o‘tkazish mumkin. Yon-atrofda davom etayotgan qurilishlar shiddati ushbu qo‘rg‘onni yaqin yillar ichida «yutib» yuborishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Yuqorida keltirilgan bir nechta yodgorliklarning o‘ziyoq voha tarixi naqadar uzoq asrlarga tutashi, bu yerda ne-ne buyuk zotlar mangu orom olayotganidan darak beradi. Bu yodgorliklarni belgilangan talablar asosida saqlash, ta’mirlash kim uchundir ortiqcha muammo, xarajat manbai sifatida ko‘rinishi mumkin. Ammo ularning tarixiy qiymatini bilganlar uchun bu katta boylik.

Hududlarda mas’ullar goh u obidani, goh bu obidani ta’mirlash bo‘yicha yillik dasturlarga kiritish bilan ovora. Ammo dasturga kiritilgani bilan amaliy ish qilinmasa, bari bekor.

Milliy madaniyatimiz, xalqimizning qadimiy tarixidan so‘zlaydigan noyob yodgorliklarni asrash, o‘rganish, tadqiq etish va avlodlarga yetkazish kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda tarixiy obidalar bu qadar o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi kerak.

Viloyat madaniy meros boshqarmasida vohadagi barcha tarixiy yodgorliklar, qo‘rg‘onu qasrlar, madrasayu masjidlardan tortib, hali o‘rganilmagan tepaliklargacha bo‘lgan umumiy ma’lumotlar bazasi bor. Ammo aynan tarixiy yodgorliklar, ularning bugungi kundagi holati haqida ma’lumot beruvchi sayt yoki ijtimoiy tarmoqdagi biror kanal yo‘q. Biror tarixiy inshoot   buzilib yoki yo‘q bo‘lib ketayotgan bo‘lsa, bu borada kimga murojaat qilish kerak – bu bo‘yicha ham muammolar yetarli.

Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tarixchi talabalar amaliyotlarini ana shunday tarixiy obyektlarda tashkil etish darkor. Mazkur amaliyotlar davomida ko‘plab dalillarga oydinlik kiritish, muammolarga yechim topish imkoni bo‘ladi. Agar arxeologik yoki etnografik amaliyot o‘tash samarali yo‘lga qo‘yilsa, talaba-yoshlarning o‘zi sayt va kanallar yaratish haqida bosh qotirishlari aniq.

Tarixiy yodgorliklarni tadqiq etish, ta’mirlash, sayyohlar uchun kerakli shart-sharoitlarni tashkil etish orqali ko‘hna manzilgohlar tarixiy qiyofasini yaratish, juda katta turistik majmua, sayyohlar oqimini hosil qilish mumkin. Bu hududga har yili minglab sayyohlar tashrifi, daromad manbai deganidir. Faqat buning uchun astoydil harakat qilish talab etiladi.

Abdu RAHMON