Turkiyada politsiya xorijlik sayyohlar bank kartasidan pul o‘g‘irlagan jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga oldi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar tarqatgan.
Tekshiruv Kushadasi kurorti prokuraturasiga turistlardan murojaat kelib tushgani ortidan boshlangan. Ular uyga qaytishlari bilanoq hisob raqamlaridan pul yo‘qola boshlaganini da’vo qilganlar. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 268 nafar xorijlik xuddi shunday murojaat bilan chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, Kushadasidagi mehmonxonalardan birining xo‘jayini bank kartalari ma’lumotlarini sizdirishda gumon qilinmoqda. U, huquq-tartibot organlari xodimlari aniqlaganidek, mehmonlar kartalari xos raqamlarini boshqa mehmonxonalar va avtomobil ijarasi bo‘yicha kompaniyalarga uzatib turgan. Keyinchalik ulardan go‘yoki yashash va ijara haqi uchun katta mablag‘lar yechib olingan.
Guruh a’zolarining ba’zilari ma’lumotlarni chet eldan olgan. Noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan pullardan ko‘chmas mulk va boshqa aktivlar sotib olishda foydalanilgan. Gumonlanuvchilar to‘rt oy davomida kuzatilib, Oydin, Antalya, Izmir, Mug‘la va Istanbul provinsiyalarida jami 20 kishi qo‘lga olingan.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar miqdori 29 million AQSH dollaridan oshadi.

