Hindiston politsiyasi veterinariya preparatini kichik idishlarga qayta joylab, bolalar uchun dori vositasi sifatida qimmat narxlarda sotgan dorixona egasini hibsga oldi. Bu haqda NDTV manbasi ma’lum qilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 51 yoshli Ibrohim Mulla hayvonlar uchun mo‘ljallangan Himalaya Liv.52 Protec nomli katta idishlardagi ozuqaviy qo‘shimchani qo‘lbola usulda 60 va 100 millilitrli kichik shishalarga qadoqlagan. Unga soxta yorliqlar yopishtirib, mahsulotni bolalar uchun mo‘ljallangan Himalaya Liv.52 Drops dorisi sifatida ko‘rsatgan va ularni hayvonlar uchun ishlab chiqarilgan preparatning asl narxidan ikki baravar qimmatroq sotgan.
Ma’lum qilinishicha, «uddaburon»ga nisbatan zaharli moddalar yordamida zarar yetkazish, inson hayotiga xavf tug‘diruvchi ehtiyotsiz harakatlar sodir etish, qalbakilashtirish va bir dorini boshqa vosita sifatida sotish kabi ayblovlar asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Politsiya ushbu preparatlarni sotib olgan va uni iste’mol qilgandan keyin o‘zini yomon his qilgan barcha fuqarolarni zudlik bilan shifokorga murojaat qilishga hamda politsiya bilan bog‘lanishga chaqirgan. Shuningdek, fuqarolarga dori vositalarining haqiqiyligi va sifatini davolovchi shifokor bilan maslahatlashgan holda tekshirish, preparatlarni esa faqat uning ko‘rsatmasiga muvofiq qabul qilishni tavsiya etgan.

