16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

VILOYAT HOKIMI SOVRINI UCHUN KASBLAR TANLOVI

yosh avlod vakillariga kasb-hunar orqali yuqori daromadli ish topish va farovon hayot kechirish mumkinligini namoyish etadi

Yoshlar va davr

Shu yilning fevral-may oylarida Qashqadaryoda texnikum o‘quvchilari o‘rtasida viloyat hokimi sovrini uchun uch bosqichli kasblar tanlovi o‘tkaziladi.

Mazkur tanlovning viloyat va tuman (shahar) namunaviy tashkiliy qo‘mitalari tarkibi, nizomi va uni o‘tkazish borasidagi chora-tadbirlar rejasi viloyat hokimining joriy yil 17-yanvardagi qarori bilan tasdiqlandi.

Nizomga asosan mazkur tanlov ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 10 ta kasb – payvandchi, metallarga ishlov berish, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, g‘isht teruvchi, santexnika, tikuvchilik, oshpazlik, sartaroshlik, raqamli axborotlarni qayta ishlash, quyosh panellariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkaziladi.

Kasblar tanlovining birinchi bosqichi bevosita texnikumlarda 2-16-fevral kunlari tashkil etilib, unda barcha ta’lim shakli bo‘yicha mavjud kasblardan 1-2-bosqich o‘quvchilari ishtirok etishadi.

Ikkinchi – hududiy bosqich 3-17-mart kunlari bo‘lib o‘tadi va unda dastlabki bosqichda har bitta kasb bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblar qatnashadi. Bu bosqichda 16 ta tuman va shahar texnikumlarining vakillari 5 ta hududga bo‘lingan holda ishtirok etib, g‘oliblik uchun kurash olib borishadi. Xususan, birinchi hududda Qarshi shahri, Qarshi va Nishon tumanlari; ikkinchisida Koson, Kasbi, Mirishkor, Muborak tumanlari; uchinchisida G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi; to‘rtinchisida Chiroqchi, Ko‘kdala, Yakkabog‘ tumanlari; beshinchisida Shahrisabz shahar, Shahrisabz, Kitob tumanlaridagi barcha texnikumlar qamrab olinib, bellashuvlar nizomda ko‘rsatib o‘tilgan joylar (jumladan, Qarshi shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazi, Kasbi tumani 2-son, G‘uzor tumani 1-son, Chiroqchi tumani 3-son va Shahrisabz shahar 1-son texnikumlari)da uyushtiriladi.

  • Nizomga ko‘ra, kasblar tanlovining maqsadi yosh avlodning kasb-hunar o‘rganish va egallashga qiziqishini yanada oshirish, ularning kasb-hunarga oid ilg‘or bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyasini namoyish qilish uchun imkon berish va shart-sharoit yaratish, kasb-hunar orqali yuqori daromadli ish topish va farovon hayot kechirish mumkinligini namoyish etish, ichki va tashqi mehnat bozoriga tayyorgarlik darajasini aniqlash va yuqori bosqichga ko‘tarish, professionallarni kashf etish, milliy tanlovlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarni xalqaro kasblar tanlovlariga olib chiqishdan iborat.

Kasblar tanlovining uchinchi – viloyat bosqichi 8-15-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi va unda har bir kasb bo‘yicha ikkinchi bosqichda birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilar qatnashadi.

Tanlovning barcha bosqichlari ikki turda, ya’ni nazariy (test savollari asosida) hamda amaliy (kasbiy-amaliy topshiriqlar asosida) sinovlar shaklida o‘tkaziladi. Har bir bosqichda g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlanadi. Yakuniy bosqichda g‘alaba qozonganlarni taqdirlash marosimini Prezidentning tegishli qarori bilan joriy etilgan va shu yildan boshlab keng nishonlanadigan 5-may – Kasb va mehnat kunida o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Bunda g‘oliblar sovrin va diplomlar bilan birga «WorldSkills Uzbekistan» ishchi kasblar milliy chempionatiga yo‘llanmalar ham olishadi.

Yana bir e’tiborli jihat – viloyat hokimining yuqorida qayd etilgan qarori bilan vohamizdagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish maqsadida texnikumlarda tashkil etiladigan «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha reja-grafigi ham tasdiqlangan. Unga asosan, viloyatimizdagi barcha texnikumlarda bunday tadbirlarni shu yil yanvar, fevral, aprel va may oylarida tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘z muxbirimiz