16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Viloyatda necha kishiga eng oliy unvon berilgan?

Ma’lumki, mamlakatimizda eng nufuzli davlat mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoni sanaladi. Mazkur unvon O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga (ayrim hollarda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga ham) davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat ko‘rsatish bilan bog‘liq xizmatlari uchun beriladi.

Qashqadaryoga oid

Xo‘sh, mazkur mukofot ta’sis etilgan 1994-yildan buyon Qashqadaryo viloyatidan necha kishi O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdulla Oripov, Bo‘ron Ro‘ziyev, G‘aybulla Rahmonov, Qobil Mo‘minov, Murodulla Saidov, Bahodir Ilyasov, Abdimurod Bozorov, Muhabbat Sharapova – qashqadaryolik jami 8 kishi davlatimizning eng oliy mukofotiga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovni tanimaydigan-bilmaydigan odam kam topiladi. Shoir 1941-yil 21-martda Koson tumanidagi Nekuz qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992-yil 10- dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifi. 1983-yili O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 1998-yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilgan.

2007-yili «WIPO Creativity Award» oltin medali bilan mukofotlangan. Yaponiyaning Soka universiteti professori, Kaliforniya (AQSH) Fan, ta’lim, sanoat va san’at xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi, faxriy «Italiya yulduzi» xalqaro ordeni bilan taqdirlangan.

Abdulla Oripov birinchi va ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis deputati, Senat a’zosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish ishida faol ishtirok etgan.

2017-yili Prezidentimiz   Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qarshi shahrida Abdulla Oripov ijod maktabi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-dekabrdagi qarori bilan 2021-yilda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi.

1941-yilda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilgan Bo‘ron Ro‘ziyevning Qashqadaryoga qanday aloqadorligi bor? Gap shundaki, uning otasi asli pomuqlik bo‘lib, 1930-yillardagi qahatchilik payti oilasini olib, Qiziltepaga ko‘chib boradi. Ikkinchi jahon urushiga ketib, qaytmaydi. Natijada Bo‘ron Ro‘ziyev onasi bilan Pomuqqa qaytishga qaror qilishadi. Ammo o‘sha vaqtlari ish yo‘q, sharoit og‘irligi tufayli Muborakda yashab qolishadi. Janubi-g‘arbiy O‘zbekiston, ya’ni Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hududida ilk bora neft va gaz qazib chiqarila boshlanganda, Bo‘ron Ro‘ziyev shu sohaga ishga kirgan ilk mahalliy ishchilardan edi. Uning fidokorona mehnatlari beiz ketmadi. Davlatning qator orden va medallari bilan taqdirlandi. Eng asosiy mukofot – «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini Birinchi Prezident qo‘lidan qabul qilib oldi.

G‘aybulla Rahmonov (1940-2004) Kasbi tumanidagi Xo‘jahayron qishlog‘ida tug‘ilgan. Paxtachilik, g‘allachilikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan G‘aybulla Rahmonov mustaqillik yillarida fermerlik harakatining faol a’zosiga aylangan.

1999-yilda unga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berildi. O‘sha yillarda viloyat rahbari bo‘lib ishlagan Nuriddin Zayniyev «G‘aybulla aka dehqonchilik dalasining chinakam darg‘asi, yer amaliyotining o‘ziga xos akademigi – ulug‘ bilimdonidir», degan edi.

Qobil Mo‘minov (1951-2018) Muborak tumanida tug‘ilgan. 1972-yili Muborak gazni qayta ishlash zavodida ish faoliyatini boshlagan. Keyingi 41 yil umri shu sexda o‘tgan. Usta Qobil Mo‘minov yasagan ehtiyot qismlar, detallarning dovrug‘i nafaqat zavodda, balki uzoq hududlardagi neft va gaz sanoati tizimlariga ham yetib borgandi. U tayyorlagan detallar sobiq ittifoq gaz sanoati ministrining e’tiborini tortadi  va u zavodga kelib, temirchi bilan shaxsan uchrashadi. Ministr Astraxanga Fransiyadan olib kelingan separator ishdan chiqqanda, ikki kunda xuddi shunday detalni tayyorlab bergan temirchi o‘z ishi bilan fransuzlarni qoyil qoldirganini so‘zlab beradi.

Qobil Mo‘minov mustaqillikning dastlabki yillarida «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi. Saylovchilar unga katta ishonch bildirib, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylashdi. 2001-yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.

Murodullo Saidov (1935-2009) Mirishkor tumanida tug‘ilgan. Qashqadaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, o‘simliklarni himoya qilish stansiyasi direktori, don mahsulotlari boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan.

1986-2006-yillarda «Jeynov» shirkat xo‘jaligi raisi lavozimida ishlab, u boshchiligidagi jamoa g‘allachilik, paxtachilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavot-poliz mahsulotlari bo‘yicha yuqori hosildorlikka erishgan. Murodulla Saidov yetakchilik qilgan davrda xo‘jalikda sanoat korxonalari, maktab, bog‘cha, kollej, aholi turar joy mavzelari, bozor majmuasi va sport komplekslari qurildi.

Murodullo Saidov 1992-yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni, 1999-yili «Mehnat shuhrati» ordeni, bilan mukofotlandi. 2002-yilda Vatanimizning eng yuksak mukofoti – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga musharraf bo‘ldi.

Bahodir Ilyasov (1961) Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. U viloyat temir yo‘l tizimining rivojlanishiga, yangi tarmoqlar ochilishiga munosib hissa qo‘shgan. Mamlakatimiz temir yo‘llarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari (masalan, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on tarmog‘ining ochilishi), xizmat sifatining zamonaviy andazalar asosida yo‘lga qo‘yilishida shu sohada mehnat qilayotgan ko‘plab mutaxassislar qatori Bahodir Ilyasovning ham katta hissasi bor. Xizmatlari samarasi o‘laroq, 2001-yili «Mehnat shuhrati» ordeni, 2006-yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga munosib ko‘rildi.

Abdimurod Bozorov (1942) Qamashi tumanida tug‘ilgan. Istiqlol sharofati bilan kolxoz-sovxozlar tugatilib, samaradorlikni ta’minlaydigan, jahon tajribasida foydaliligi isbotlangan fermerlik joriy qilinganda, Abdimurod Bozorov birinchilardan bo‘lib bu harakatga qo‘shiladi. «Abdi Bozor o‘g‘li» fermer xo‘jaligini tashkil etib, 200 gektar yerga egalik qiladi.

1999-yili «Mehnat shuhrati», 2008-yili «El-yurt hurmati» ordeni, 2011-yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» unvoni, 2014-yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangani bejiz emas.

 Muhabbat Sharapova (1949) Shahrisabz shahrida tug‘ilgan. U viloyatda birinchi bo‘lib bolalar uchun matematikadan qo‘llanmalar yozgan. O‘quvchilari 22 marta respublika olimpiadasida, 9 marta xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lishgan.

Muallimaning xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida jamiyatdagi faolligi ham alohida e’tiborga molik.

Muhabbat Sharapova 1991-yili «O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi» nishoni, 1996-yili «Mehnat shuhrati» ordeni, 2007-yili   «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi», 2016-yili «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan mukofotlangan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.