16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

“Yaldo kechasi” bo‘yicha eng yaxshi kitobxonlar aniqlandi

Tanlov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda tuman, shahar bo‘linmalari rahbar-xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasidagi mazkur tanlov o‘zbek adabiyotida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Yaldo kechasi” romani asosida tashkil etildi.

Xayriddin Sulton qalamiga mansub ushbu asarda Turkistonning tuganmas qayg‘usi, zulm va jaholat hukmron bo‘lgan yaldo kechalarining nihoyasiz istibdodi haqida hikoya qilinadi. Roman haqida taniqli adabiyotshunos va tarjimon Ibrohim G‘afurov shunday fikr bildirgan: “Bu kitobni u adabiy mistifikatsiyadan foydalangan holda, “O‘tkan kunlar”ning ikkinchi kitobi tarzida yozdi; buyuk Qodiriy nomidan, Qodiriy bo‘lib yozdi; qattol zamon Qodiriyning qo‘lini kishanlab, unga yozish uchun imkon bermaganligi bois fozil izdosh va uvays shogird sifatida yozdi. Hech kimning xayoliga kelmagan fantastik bir orzuni ro‘yobga chiqardi. Bu asar yangi zamon o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot, desak arzigulikdir”.

E’tirof etish darkor, ayni shu kitob bugun yurtimizda eng ko‘p mutolaa qilinayotgan, turli bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan kitoblardan biri. Ma’naviyat sohasi vakillari esa bunday muhim asarlarni birinchilardan bo‘lib o‘qishlari va targ‘ib etishlari kerak.

Shunga ko‘ra, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovida ishtirokchilar 3 ta shart asosida bellashishdi. Dastlab test sinovlari orqali o‘n nafar eng kuchli bilimdon aniqlandi. Ular o‘z navbatida sharh va savol-javob shartlari asosida bilimlarini namoyish etishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qamashi tumani bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Zubayda Qurbonova 1-o‘rinni egalladi. Markaz viloyat bo‘limi yetakchi mutaxassislari – Lazizbek Narzullayev 2- va Jahongir Boymurodov 3-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

1-o‘ringa – noutbuk, 2-o‘rin sohibiga – televizor hamda 3-o‘rin egasiga mikroto‘lqinli pech topshirildi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: tanlovdan lavhalar.