qashqadaryolik yoshlar, umuman aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, til o‘rgatish va kasbiy malakasini oshirish orqali yuqori daromadli faoliyatga jalb etishga ko‘maklashadi
Yoshlarni xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitish, ichki va xalqaro mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash, ularni rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida «Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasi» tashkil etildi.
Viloyat hokimining joriy yil 11-apreldagi tegishli qarori bilan jamg‘armaning Nizomi, maqsadli ssuda (qarz) ajratish va uni qaytarish sxemasi, Kuzatuv kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Ma’lumki, Prezidentning 2026-yil 13-martdagi «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan ushbu jamg‘armani tashkil etishga ruxsat berilib, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga teng ulushlarda qaytarish sharti bilan 10 million AQSH dollari ekvivalentidagi milliy valyutada foizsiz kredit mablag‘lari; Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar uni moliyalashtirish manbalari sifatida belgilangan edi.
Xo‘sh, jamg‘armada shakllangan mablag‘lar nimalarga sarflanadi?
Nizomda ko‘rsatilganidek, jamg‘arma mehnat bozori talablariga mos kasb-hunar va tillarga o‘qitish tizimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Ta’lim dasturlarining belgilangan darajasini amalga oshirish uchun o‘quv binolarini zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa vositalar hamda jihozlar bilan ta’minlaydi. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtiradi. Ta’lim jarayoniga yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etadi. Ularga zarur shart-sharoitlar yaratib, mahalliy xorijiy til o‘qituvchilari malakasini oshirish, migratsiya oldi tayyorgarligi, kasbiy reabilitatsiya va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshiradi. Xalqaro hamkorlik doirasida kadrlar tayyorlash loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, mehnat migratsiyasi sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etadi.
Shuningdek, jamg‘arma migratsiya jarayonlari bilan bog‘liq tashkiliy xarajatlarni belgilangan tartibda qaytarish sharti bilan qoplaydi. Xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzishda ishtirok etadi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bo‘yicha loyihalarni muvofiqlashtiradi.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tegishli tartibda Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlariga tartibli mehnat migratsiyasiga chiqish istagida bo‘lgan fuqarolarga 5 ming yevrogacha qaytarish sharti bilan bir yil muddatga ssuda ajratiladi.
Jamg‘arma o‘z faoliyatini amalga oshirish davomida davlat organlari, tashkilotlar va xalqaro institutlar bilan hamkorlik qiladi. Shartnomalar, fuqarolik-huquqiy bitimlar tuzadi. Shu bilan birga vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga belgilangan tartibda takliflar kiritish, xalqaro aloqalar o‘rnatish, hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzish hamda xalqaro dasturlar va loyihalarda ishtirok etish huquqiga ega.
Jamg‘arma o‘z faoliyati oshkoraligini ta’minlab, har yili mol-mulkdan foydalanilishi to‘g‘risida hisobotlar e’lon qilib boradi. Uning faoliyati ustidan nazorat Qashqadaryo viloyati hokimligi, vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kuzatuv kengashi jamg‘armaning oliy boshqaruv organi hisoblanib, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi va har chorak yakuni bo‘yicha mas’ullarning hisobotlarini eshitib boradi.
Qarorda yoshlarni xorijiy til va kasbga o‘qitish kurslari viloyatdagi oliy ta’lim va kasbiy ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, Qarshi shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Umuman, yangi jamg‘arma faoliyati qashqadaryolik yoshlar, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, til o‘rgatish va kasbiy malakasini oshirish orqali yuqori daromadli faoliyatga jalb etish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
O‘z muxbirimiz

