Maktab har doim jamiyatda bosh masala bo‘lib kelgan. Yurtimizda ham bu haqiqat amal qilmoqda, ayni paytda sohaga e’tibor kuchli, unda uzluksiz yangilanishlar kechayotir. Shunday sharoitda xalq ta’limida qanday o‘zgarishlar ro‘yo berayotganidan xabardor bo‘lish harakatlarning muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qiladi, negaki maktab hayotiga hamma daxldor.
Taniqli adib va publitsist Hakim Sattoriyning “Ostonada” nomli yangi kitobi ana shu maqsadni ko‘zda tutadi. Unda jamlangan bitiklarda sinfxonalardagi qizg‘in hayot harorati, o‘qituvchi mas’uliyati, ta’lim va tarbiya haqidagi teran mulohazalar, shuningdek, shu sohada mehnat qilayotgan fidoyi ustozlarning ma’naviy olami, ular haqida mehrli xotiralar aks etgan.
Mazkur to‘plam Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi “Akademnashr” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi. Kitobga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova so‘zboshi yozgan.
“Sizga taqdim qilinayotgan to‘plam ezgu amallaringizda ko‘makchi bo‘ladi, degan umiddamiz. Chunki unda aynan bugunning nafasi ufurib turgan jarayonlar haqida so‘z ketadi, uning mavzulari sizga tanish, qadrdon, faqat bir zamondosh qalamkash ularni o‘z shuurida qayta kashf qilib, sizlarga tavsiya etayotir. Tanishib chiqing, zora, yangi g‘oyalarga qanot bo‘lsa, eng muhimi, amaliy faoliyatingizda asqatsa, biz ham maqsadga yetgan bo‘lamiz”, deyiladi so‘zboshida.
Adabiy-badiiy nashrdagi mavzular “Ostonadagi uchrashuvlar”, “Qishloq chiroqlari”, “Bolani sevmagan o‘qituvchi emas”, “Besh barmoq”, “Boylik va boylar”, “Quyosh farzandi”, “Kitob o‘qimagan qul bo‘ladi”, “Nevaralar qiyin savol beradi” kabi boblarda jamlangan.
B.SAYFIYEV

