16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Yarim asrlik yo‘l o‘tkazgich qayta qurilib, ikki barobar kengaytiriladi

Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasida joylashgan yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv tashkilotini aniqlash uchun tender o‘tkazildi.

Bunyodkorlik

Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini o‘tkazish platformasida ko‘rsatilganidek, ushbu tenderda 9 ta ishtirokchi qatnashgan va yakunida «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti» mas’uliyati cheklangan jamiyati (Toshkent shahri) g‘olib chiqqan. Endi mazkur tashkilot belgilangan muddat (20 kun) va o‘zi taklif qilgan narxda (3 milliard 360 million so‘m, boshlang‘ich narxdan 20 foiz past) yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish ishlarining ishchi loyihasini tayyorlab berishi lozim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xalq orasida «Aeroport ko‘prigi» va «Qarshi-Beshkent yo‘lidagi ko‘prik» deb nomlanadigan yo‘l o‘tkazgichning loyihaviy quvvati 404 pogonometrni tashkil etadi, ammo aniq uzunligi loyiha-qidiruv ishlari davrida aniqlanadi. Shunga o‘xshash inshootlarning qiymatidan kelib chiqib obyektning taxminiy bahosi 350 milliard so‘mni tashkil etishi mumkin, degan fikr bildirilmoqda, ammo bunda ham ko‘prikning yakuniy qiymatiga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasi olinganidan so‘ng aniqlik kiritiladi. Buyurtmachi talabiga muvofiq, rekonstruksiya jarayonida yo‘l o‘tkazgichning parametrlari asosiy ko‘chaning parametrlariga moslashtiriladi va qayta qurish ishlari  4R92 «Qarshi-Beshkent-Talliqo‘rg‘on-Kasbi-Jeynov-Pomuq» avtomobil yo‘ligacha amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasida joylashgan yo‘l o‘tkazgich 50 yil oldin – 1974-yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, ko‘p jihatdan zamonaviy talablarga javob bermay qolgan. Shu bois mazkur obyektni rekonstruksiya qilib, enini ikki barobar kengaytirish, ya’ni «ko‘prik»dagi 4 tasmali yo‘lni 8 tasmaliga aylantirish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun mavjud inshootning yonida (Qarshi shahridan borishda o‘ng tomonda) eni shunga teng keladigan yana bitta «ko‘prik»ni qurish, u qurib bitkazilgach esa hozir ishlatilayotgan yo‘l o‘tkazgichni buzib olish va yangisini barpo etish rejalashtirilgan. Aytilishicha, rekonstruksiya jarayoni 2025-2027-yillar davomida amalga oshiriladi va qurilish-tiklash ishlari avtomobillar harakatiga ham, poyezdlar qatnoviga ham deyarli halaqit bermay bajariladi. Aslida qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi.

Temur NIZOMOV