Soha istiqbollari
Bugun Qarshi shahrida mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda tarmoq korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan hududiy sanoat yarmarkasi boshlanadi.
30-31-oktabr kunlari Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi yopiq manejida bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbir Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilmoqda. Yarmarkada «O‘zbekneftgaz», «O‘zkimyosanoat», «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyatlari, O‘zeltexsanoat, O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmalari va mamlakatimiz barcha hududlaridan ko‘plab tadbirkorlik subyektlarining qatnashishi kutilmoqda.
Masalan, «O‘zbekneftgaz» AJ Qarshi shahridagi hududiy sanoat yarmarkasida ishtirok etishini bildirar ekan, tadbir doirasida mazkur aksiyadorlik jamiyatining sanoat salohiyati, import nomenklaturasi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha loyiha takliflari namoyish etilishini ma’lum qilmoqda. Jamiyat vakillarining ta’kidlashicha, yarmarka davomida investitsiya loyihalari hamda korxonalar ehtiyojlari uchun kooperatsiya asosida mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar va memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Statistika ma’lumotlariga qaraganda, 2025-yil 1-oktabr holatida viloyatimizda 2867 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 599 tasi (20,9 foizi)ning asosiy faoliyat turi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishdan iborat bo‘lsa, yana 558 tasi (19,5 foizi) turli nometall mineral mahsulotlar, 288 tasi (10 foizi) mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar, 251 tasi (8,8 foizi) kiyim ishlab chiqarishga, 241 tasi (8,4 foizi) tog‘-kon sanoati bilan bog‘liq faoliyatga, 181 tasi (6,3 foizi) mebel, 166 tasi (5,8 foizi) esa to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2025-yilning yanvar-sentabr oylari davomida viloyatda 34 trillion 54,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi indeksi 107,1 foizni tashkil etdi.

