yurtimiz kelajagiga daxldor muhim ishga munosib hissa qo‘shishi zarur
Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi asosida bundan to‘rt yil avval boshlanib, shu vaqt mobaynida chinakam xalq harakatiga aylangan «Yashil makon» umummilliy loyihasi hududlarda yashillik darajasini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash barobarida shahar va qishloqlarimizda obodlik, ahillik va yaratuvchanlik an’analarini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Loyiha doirasidagi hasharlarda mahallalar ahli, korxona va tashkilotlar jamoalari, uch avlod vakillari faol ishtirok etib, birgalikda mevali va manzarali daraxtlar, buta ko‘chatlarini ekishmoqda va shu jarayonda yoshlar ko‘pni ko‘rgan, katta tajribaga ega fidoiy insonlardan ona tabiatga mehr berish, sidqidildan mehnat qilish, yon-atrofdagilar bilan bahamjihat bo‘lish, bamaslahat ish tutish bo‘yicha hayotiy saboqlar ham olishmoqda.
Oqsoqollar hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalasi yurtimiz kelajagi, xalqimiz ertangi kuniga daxldorligini ta’kidlar ekanlar, bu ishga har bir inson, har bir oila, har bir mahalla va jamoa munosib hissa qo‘shishi zarurligiga urg‘u berishayapti. Bunda hozirgi iliq kunlardan ham unumli foydalanib, hududimiz iqlimiga mos daraxt ko‘chatlarini ekish, ularni sug‘orish va parvarish qilishga alohida e’tibor qaratish lozimligini uqtirishayapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumi davomida viloyatimizda 10 million 177 ming dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 11 million 300 ming dona ekilgan va reja 110,7 foizga bajarilgan. Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida 10,1 million donadan ortiq ko‘chat ekish belgilanib, ob-havoning nisbatan iliq kelishi munosabati bilan bu jarayon qishning dastlabki oyida ham jadal davom etmoqda.
O‘z muxbirimiz
Jamshid NORQOBILOV olgan surat.

