16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

YAXSHI KITOBLARNI O‘QING VA UQING, ANA SHUNDA DUNYO CHINDAN HAM O‘ZGARADI

Zo‘r yozuvchining suhbati ham tuzuk bo‘ladi: asarlarga ko‘chmagan, ko‘chib ulgurmagan (va ehtimol hech qachon qog‘ozga tushmaydigan) fikrlar o‘zaro gurung asnosida aytiladi, muhokama qilinadi. Shu bois bunday adiblarlarning asarlarini o‘qish barobarida suhbatlariga quloq tutish ham zarar qilmaydi – ayniqsa ijod ahliga.

Abduqayum Yo‘ldoshev – o‘zbekning katta adiblaridan. “Sunbulaning ilk shanbasi”, “Timsohning ko‘z yoshlari”, “Parvoz”, “Bir tun va bir umr”, “Alvido, go‘zallik”, “Bankir”, “Katta o‘yin”, “Puankare”, “Kasofat raqamlar” singari asarlari bilan nimalarga qodirligini isbotlab qo‘ygan. “Kichkina odamlar”, “Uqubat”, “Iqtidor”, “Nigoh”, “Qadamlar” badiiy filmlari, “Hayot jilg‘alari”, “Sinov”, “Odamlar orasida”, “Ona daryo” seriallarining ssenariy muallifi.  “Puankare” hikoyasi asosida “Hayot formulasi” nomli spektakl sahnalashtirilgan, badiiy film suratga olingan.

Dunyo adabiyotining sara namunalari, Rey Bredberi, Agata Kristi, F.Braun, E.Potter hikoyalarini, Yevgeniy Berezikovning “Buyuk Temur” romanini (Hojiakbar Shayxov bilan hamkorlikda) o‘zbek tiliga o‘girgan.

Qolaversa, u shoir ham. Ohunjon Madaliliyev aytgan “Bir kuni keladir, shahzodangni kut”, hofiz Abdulla Ubaydullayev kuyga solgan “Hech bir qiz senga o‘xshamas”, Ozodbek Nazarbekov aytgan “U go‘zal boshqa” qo‘shiqlari she’rini Abduqayum Yo‘ldoshev yozgan.

Bugun shu adibning suhbatlaridan ayrim lavhalar keltiryapmizki, ijod, adabiyot, hayot va inson haqidagi qarashlaringiz yanada boyishiga ishonamiz.

Saralangan satrlar

*  *  *

Bilasiz, Xeminguyey yosh yozuvchilarga gazetada ishlashni tavsiya etgan; o‘zini “Kansas City Star”da sodda, ravon tilda yozishni o‘rganishga majbur qilishganini alohida ta’kidlab o‘tgan… Biroq bu mashhur maslahatning davomi ham bor: “Gazetada ishlash yosh yozuvchiga hech qanday zarar yetkazmaydi, qaytaga foyda berishi mumkin, agar u vaqtida keta olsa”.

*  *  *

Biz “Kasb odamni emas, odam kasbni bezaydi” degan aqida ta’sirida o‘sgan avlodmiz. Balki shu sabablidir, ijodkorning qaysi sohada ro‘zg‘or tebratayotgani emas, o‘zining ishidan nimalarni ola bilgani, iste’dodi muhimroqdek tuyuladi. Aks holda Chexov bir umr vrach, Dostoyevskiy injener, Soljenisin matematika o‘qituvchisi, Aytmatov esa zootexnik bo‘lib qolardi.

*  *  *

Institutni bitirganimdan keyin yo‘llanma bilan zavodga kelib, besh yil ishlaganman. Buning ustiga, ishlab chiqarish o‘z nomi bilan ishlab chiqarish-da: qandaydir ohanrabosi bo‘ladi. Tasavvur eting, kun bo‘yi sexda taraq-turuq, shovqin-suron. Alyumin quymalarini pechkada eritamiz, kumushrang suyuqlik qoliplarga quyiladi, keyin bu detalga stanoklarda ishlov beriladi, bo‘yaladi, qarabsizki, tap-tayyor mahsulot qo‘lingizda turibdi! Moddiy! Go‘zal! Kunlik reja ado etildimi, jismoniy charchoq, ish ustidagi baqir-chaqirlar birdan yoddan chiqadi, Adabiyotga ehtiyoj tug‘iladi: huzur qilib zo‘r asar o‘qimasang yoki nimanidir qoralamasang, yotib uxlab bo‘lmaydi. Mening o‘zimga yoqadigan ko‘pgina mashqlarim aynan o‘sha yerda ishlab yurgan paytlarim qog‘ozga tushgan yoki ko‘ngilning bir chekkasiga tugib qo‘yilgan. Balki shu sabablidir, hamon zavodni, beg‘ubor ish muhitini sog‘inaman, tushlarimda ko‘rib chiqaman…

*  *  *

Daraxtdan bir yaproq besabab uzilmaydigan bu rub’i maskunda yo‘qdan bor bo‘lmaydi. Hech narsa, hech qachon o‘z-o‘zidan quyilib kelmaydi. Hammasining sababi, asosi bor.

*  *  *

Voqea faqat “kalla”da emas, yurakda ham pishganida, sal lofi bilan aytadigan bo‘lsak, yozmaslikning iloji qolmaganida stolga o‘tirishga harakat qilaman. Ana shunda, Abdulla Qahhor topib aytganidek, qahramonlar o‘z aytar so‘zlarini quloqlaringiz tagida shivirlab turadi, voqealar silsilasi esa shundoqqina ko‘z oldingizda turadi: ularni qog‘ozga tushirishga ulgursangiz bas…

*  *  *

Asarni o‘qib chiqqach, Nekrasov bilan Grigorevich tun bo‘yi Peterburgni tentib, yosh Dostoyevskiyni izlagani, “Adabiyotimizda yangi Gogol paydo bo‘ldi!” deb jar solgani kabi, men ham Toshkentni izg‘ib muallifni qidirsam, tanish-bilishlarga qo‘ng‘iroq qilib, “Daho yozuvchi paydo bo‘ldi!” deya suyunchi so‘rasam deyman. Ammo, taassufki, necha yillardan buyon bu umid ushalmayapti, bil’aks…. O‘qiganlarim esa, “bir xil, bir xil, bir xil”. Go‘yo issiqxonada yaratilganday nimjon. Biroq, umidli dunyo bu, zora…

*  *  *

Bugun o‘qiyman degan odam uchun imkoniyat aqlni shoshiradigan darajada ulkan. Ma’lumotlarga qaraganda, internetdagi faqat rus tilidagi badiiy kitoblarni o‘qib chiqish uchun 300 yil kerak bo‘larkan! Yana deng, ularning soni kunba-kun handasaviy ko‘paytma asosida o‘sib bormoqda. Demak, saralab, tanlab o‘qishga majburmiz. Kitob javonim asosan vaqt o‘tgan sayin ta’mi-shirasi yanada oshib boradigan asarlar bilan to‘lgan. Bular, shubhasiz, Dostoyevskiy, Tolstoy, Gyote, Drayzer, Xeminguyey, Moyem, Gamsun, Markes… “O‘zimizning” yozuvchilardan Erkin A’zam, Isajon Sulton kitoblari.

*  *  *

Yozuvchi Terri Tempest Uilyamsning bir gapi bor: “Men ko‘pincha oq va qora rangdan iborat dunyoga rang berish uchun yozaman… Men dunyoni o‘zgacha ko‘rinishda tasvirlash uchun yozaman, balki ana o‘shanda u chindan ham o‘zgarar…” Yaxshi kitoblarni o‘qing va uqing, ana shunda dunyo chindan ham o‘zgaradi. Yaxshi tomonga, albatta.

*  *  *

Biz ko‘klamda dalaga chiqib, telejka-telejka toshbaqa tergan avlodmiz. Shunday qilmasak, bu bezabon jonivorlar g‘o‘zaning ildizini kemirib ketarkan.

Biz saratonning qaynoq taftida dalada ishlab, bir tomchi suvga zor bo‘lgan mahalimiz ustimizdan samolyot burqsitib dori sepib o‘tganida “yomg‘ir yog‘di”, deya quvongan avlodmiz.

Biz erta kuzdan to qishning qirovli-qorli kunlariga qadar labimiz gezarib dalada paxta tergan avlodmiz.

Ammo bolaligimning yorug‘, hayajonli, quvonch va hayratlarga boy damlari ham ko‘p bo‘ldi. Bunday mo‘jizali, ilohiy damlarni menga kitoblar hadya etdi…

*  *  *

Yozuvchi degani avval hayotni o‘rganishi lozim. Zero, hayot matematikadan milyon-milyon barobar murakkab va chigal.

*  *  *

Bilmadim, qachonlardir har qanday insonning umrida ko‘rgan-kechirganlari, mushohadalari, xulosalari bir kitobga jam bo‘ladi, deb o‘qigandim. Balki shu sabablidir ijodkorning keyingi kitobi muhim, degan qarash ham bor edi. Ya’ni aynan ikkinchi kitob iste’dod mezoni bo‘la oladi. Biroq, afsuski, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, “adabiyotga tutab kirgan”, birinchi asari ham “tanqiddan tuban” bo‘lgan grafomanlar ikkinchi… o‘ninchi kitoblarini va hattoki zarhal muqovali tanlangan asarlarini chop ettirib charchashmayapti…

*  *  *

Ramziy plankani tasavvur qiling. Balandlikka sakrashda ishlatiladigan. Ijodkor iloji boricha o‘sha plankani baland qo‘yishi, ya’ni o‘zidan baland sakrashga intilishi lozim, deb o‘ylayman. Keyingi paytlari “bozor adabiyoti” namunalarini o‘qib qolsam, qo‘rquvga tushadigan bo‘lib qoldim. Bu adabiyot xuddi o‘sha plankani yerga tashlab qo‘yib, ustidan uyoqdan-buyoqqa sakrayotgan ustomonga o‘xshaydi. Nahotki kimdir, kimlardir shuni adabiyot deb yozayotgan, boshqa birovlar esa chop etayotgan va yana kimlardir o‘qiyotgan bo‘lsa?..

*  *  *

Garchand tashqaridan shunday tuyulsa-da, agar kino olami sizni quchoq ochib kutib oladi, deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasiz. Bu sohaning ham shunaqangi suv osti oqimlariyu, suv usti o‘yinlari borki, ba’zan hatto manaman degan yozuvchilar ham ularning oldida ip esholmay qolishadi.

*  *  *

Davralarda gap-so‘zlarni jimgina eshitib o‘tirishni ma’qul ko‘raman. Shu yaxshi-da. Qadim ma’qulot (aksioma) bor-ku: ichingdagi gap sening quling, tashqariga chiqqandan keyin uning quli bo‘lib qolasan…

*  *  *

Dostoyevskiyni ko‘proq o‘qiganman, uning “iztiroblar orqali tozalanish”, degan gapi menga yoqadi. Avvaliga bu fikrga hayron bo‘lganman, so‘ng, o‘ylab qarasam, chindan ham qahramonning qalb kechinmalari, hissiyot po‘rtanalari, azob-uqubatlari o‘quvchining ruhan tozalanishiga, ma’nan yuksalishiga xizmat qilarkan. Sardaftarni esa, ayonki, dilda dardi bor odam kavlaydi…

*  *  *

Iste’dodning to‘qson to‘qqiz foizi mehnat deyishadi. Lekin hamma sir o‘sha bir foizda! Iqtidorsiz odam o‘zini kursiga bog‘lab qo‘yib, bir hafta bosh ko‘tarmay nimadir yozishi mumkin, lekin bu asar emas, tuzsiz oshdek bemaza narsa bo‘ladi.

*  *  *

Vaqt. Eng qimmat va eng arzon boyligimiz… O‘zbekda nima ko‘p – to‘y ko‘p, bazm ko‘p. Bunga so‘nggi paytlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘payib ketgan “gap”laru “osh”larni qo‘shing. Ishqilib, bemalol yilning 365 kuniga yetib ortadi. Deylik, uyimdan yuz chaqirim narida yashaydigan tanishimning soat beshda tarqatiladigan nahorgi oshiga yetib bormasam, osmon uzilib yerga tushadimi? Yo men odamgarchilikdan chiqib qolamanmi? Axir, bu ahvolda qachon ishlaymiz, qachon ijod qilamiz, qachon FIKRLAYMIZ?

*  *  *

…kutubxonachi hamma kitobni o‘qib chiqqan, ular haqida o‘z mustaqil tushunchasi, tasavvuriga ega, yuksak ma’naviyatli mutaxassis va tarbiyachi bo‘lishi lozim. Faqat shunday mutaxassisgina qaysi bolaga qanday kitobni tavsiya etishning hadisini olgan bo‘ladi. Demak, aynan kutubxonachi maktabda eng ko‘p maosh oladigan xodim bo‘lishi lozim. Chunki u ma’rifat tarqatuvchi, kelajak darvozasi hisoblangan kutubxona mudirasi…

B.SAYFIYEV tayyorladi.