Qashqadaryodagi bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida bu yilgi mavsum 5-iyundan boshlangan ekan, 2-avgustgacha ularda navbat asosida 23 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizlarni dam oldirish ko‘zda tutilgan.
Vohaning tabiati so‘lim Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrining bahavo manzillarida joylashgan jami 17 ta oromgohda bugun bolalarni sog‘lomlashtirish dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shahrisabz tumanidagi «Ziyo chashmalari» bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi bir navbatda 300 nafar o‘g‘il-qizni qabul qiladi. Shu tarzda mavsum davomida unda 1200 nafar bola hordiq chiqarib, ta’til va yozni soz o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

6,5 gektardan ortiq maydonga ega, hududining qariyb yarmini bog‘lar tashkil qilgan ushbu muassasada 8 ta shinam yotoqxona, zamonaviy oshxona dam oluvchi o‘g‘il-qizlar xizmatida. Tadbirlar, sport maydonlari, suv havzasi va boshqa yordamchi binolar bolalarning maroqli dam olishi uchun to‘la hozirlangan.
Oromgohda bugun bir jamoa bo‘lib xizmat qilayotgan tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari, sport murabbiylari, to‘garaklar rahbarlari va barcha-barcha xodimlar dam olishga kelgan bolalar nafaqat sog‘lomlashtirilishi, balki ularning har biri yangi-yangi bilimlar, kasb-hunar ko‘nikmalarini olishi, o‘z iste’dodini namoyish etishi uchun ham imkoniyat berishga intilib ishlashmoqda.
Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.

