16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

“Yuz g‘azal – yuz javohir” tanlovi viloyat bosqichi o‘tkazildi

Mumtoz so‘z targ‘iboti

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Yuz g‘azal – yuz javohir” tanlovi viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bugungi kunda g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish, shu orqali ko‘plab iqtidor egalarini kashf etish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tuman va shaharlardan saralangan ishtirokchilar mumtoz adabiyot bo‘yicha iqtidor va mahoratlarini namoyon etishdi.

Baholashda yodlangan g‘azallar soni, badiiy ifoda, ijro mahorati, ishtirokchining g‘azal ma’no-mazmunini nechog‘lik tushunganiga asosiy e’tibor qaratildi. Tanlov qatnashchilari orasida maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar, talabalar, kutubxonachilar borligi, ayniqsa, yoshlar ko‘p ekani e’tiborga molik. Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida tahsil olayotgan qizaloqlar Navoiy va Bobur ijodidan ko‘plab g‘azallarni yod olgani hakamlar hay’ati va yig‘ilganlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.

“Yuz g‘azal – yuz javohir” tanlovi 2023-yildan e’tiboran o‘tkazilayotgan bo‘lsa, 1-o‘rinni olgan ishtirokchilar 130-140 ta g‘azalni yod bilishi bilan tengdoshlariga go‘zal o‘rnak ko‘rsatishgandi. Joriy yilda bu raqamlar yanada ko‘paygan. Hududiy bosqichlarda yuzlab ishtirokchi qatnashgani esa mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqish ko‘lamini ko‘rsatadi.

– Alisher Navoiy va Bobur ijodi cheksiz ummonga o‘xshaydi, undan barcha istagancha bahramand bo‘lishi mumkin, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Komila Karomova. – Yoshlarning mumtoz adabiyotga qiziqishini oshirish maqsadida bu yil tanlovda pul mukofotlarini joriy etdik. Shunga monand, raqobat ham ancha kuchli bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qarshi davlat universiteti talabasi Gulsevar Toshmurodova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qamashi tumanidagi 5-maktab o‘quvchisi Sabina Qodirova 2- va Qarshi tumanilik Dilbar Qo‘ldosheva 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. 1-o‘rin sohibiga 3 million so‘m, 2-o‘ringa 2 million va 3-o‘ringa 1 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, ishtirokchilar “Eng yaxshi ijro”, “Eng yosh g‘azalxon”, “Eng zukko g‘azalxon” kabi nominatsiyalarda ham taqdirlandi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar, diplom va kitoblar to‘plami taqdim etildi.

B.SAYFIYEV