An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026-yil 1-fevraldan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Bunda, ijtimoiy reyestr – «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi;
ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratiladi.
«Davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar uchun quyidagilarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi:
xonadoniga quvvati 7-10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha miqdorda tegishli maqsad va shartlarda kredit ajratiladi.
Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va undan chiqarishga doir nizolarni tezkorlikda hal etish maqsadida tuman (shahar) hokimliklari huzurida apellyatsiya kengashi tashkil etiladi.
* * *
2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida:
zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi;
professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi;
professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.
Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
* * *
«Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida:
kamida 3 nafar yoshlarning bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun grant ajratish; 6 oy davomida muntazam sport va san’at to‘garaklariga qatnashayotgan yoshlar uchun maxsus sport formasi, inventar yoki musiqa va cholg‘u asboblarini xarid qilish; avtomototransport vositalari haydovchilik guvohnomasining «A», «B», «D» va «DE» toifalarini olish bo‘yicha o‘quv kursi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish; kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining to‘lov-kontrakt summasini to‘lab berish; ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga turar joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lash; yoshlarning tadbirkorlik, an’anaviy va zamonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalarini o‘rganish va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratish; ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi o‘quv kurslari uchun subsidiya ajratish; yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarda qatnashish xarajatlari uchun subsidiya ajratish; yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalari sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining noturar joy ijarasi yoki zarur jihozlar bilan ta’minlash xarajatlari uchun subsidiya ajratish; yoshlar uchun safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni bepul o‘tash imkoniyatini yaratish ko‘rinishidagi ijtimoiy yordam turlari individual reja asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardagi yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga qaratilgan yoshlar ijtimoiy shartnomasi orqali ta’lim olishni uzluksiz ravishda amalga oshirib borish (uzrli sabablar bundan mustasno); ta’lim jarayonida ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish; volontyorlik faoliyatini amalga oshirish; «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkaziladigan loyihalarda qatnashish; ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy kitoblarni muntazam mutolaa qilish; tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyatini yo‘lga qo‘yish; xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha kamida B1 darajasiga erishish shartlari asosida taqdim etiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardagi yoshlarga:
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.
* * *
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida:
«Yoshlar daftari» jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo‘yicha arizalarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha «Kitob – ma’rifat manbai» dasturi amalga oshiriladi;
davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali «Mutolaa» platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
* * *
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilarga tegishliligi bo‘yicha qurilish obyekti va ishlab chiqarish korxonalarida xavfliligi aniqlangan, vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda muomaladan chiqarishga majburiy ko‘rsatma berilgan qurilish materiallarini qurilish chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar yoki chiqindi poligonlariga shartnoma doirasida yuborish majburiyati yuklanadi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.
* * *
Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
tashabbusli budjet jarayonlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi;
tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foiz qismi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan
Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
«A» va «B» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi. Bunda, talabgorlar o‘z ixtiyoriga ko‘ra nazariy bilimlarni olish uchun o‘quv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘qiydi yoxud mustaqil tayyorlanadi;
talabgorlar majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarda avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha davlat va nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarda to‘liq qatnashadi;
talabgorlar majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashgandan so‘ng transport vositalarini boshqarish ko‘nikmalarini baholashning ijobiy natijalariga asosan haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshiradi;
talabgorlarning haydovchilarni tayyorlash o‘quv dasturining amaliy mashg‘ulotlardagi o‘qishni tugatgani haqidagi ma’lumotnoma elektron tarzda shakllantiriladi;
«A» va «B» toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

