16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1 IYULDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-iyuldan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi.

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 471 000 so‘m etib belgilanadi.

* * *

2027-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonalar uchun bir martalik subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi: I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 10 million; II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 7 million; III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 5 million so‘m.

* * *

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari ularning murojaatisiz proaktiv shaklda qo‘llanadi.

* * *

Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulk obyektlarini sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

* * *

Aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari hamda quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi va issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining 40 foizini, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplash uchun Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan o‘rnatiladigan tartib asosida subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

* * *

Veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinib, barcha tartibotlar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi (tovarlar eksportida xalqaro shartnomalarda qat’iy belgilangan holatlar bundan mustasno).

Jahon savdo tashkilotining Savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimi talablari asosida tovarlarga nisbatan imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha bojxona organlarining  dastlabki qarorlarini berish tartibi joriy etiladi.

* * *

2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi.

 Loyiha ofislari tavsiyasiga asosan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga maydoni 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini 5 yil muddatga tekin foydalanishga berish tizimi joriy etiladi.

* * *

Ko‘p qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

* * *

Obyektlarni qurishda qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning pul mablag‘larini qurilishga ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan obyekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

* * *

Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi talablarini; radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq qoidalar va boshqa talablarni; istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishda qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibi joriy etiladi.

* * *

Yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning quyidagi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi:

fuqarolarga I yoki II-guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan pensiyalarni alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi;

ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash;

nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdorini har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash.

* * *

O‘z xonadonida faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlarga mebel mahsulotlarini tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

* * *

Import qiluvchi tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning rasmiy dilerlari orqali realizatsiya qilish elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi;

raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

* * *

Respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida kasallikning og‘irlik darajasi va davolashning murakkabligidan kelib chiqib, maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik lavozim maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy qilinadi.

* * *

2030-yil 1-yanvarga qadar bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar, shuningdek, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi; ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi; yuridik shaxslarga bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi; yuridik shaxslar va markaz tomonidan bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish uchun budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i soliq hisobotlari taqdim etilgandan keyin Davlat budjetidan ularga to‘liq miqdorda qaytariladi.

* * *

Sug‘urta tashkilotlari bilan bojxona organlari axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

* * *

«Ekofaol fuqaro» platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

* * *

Ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga «ekomahalla», «ekoqishloq» va «ekoovul» maqomi beriladi. Bunda, fuqarolar yig‘iniga tegishli hududda: elektr energiyasi quyosh batareyalariga almashtiriladi; yo‘nalishli elektrobus harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi; «yashil bog‘» va «yashil jamoat park»lar tashkil etiladi; savdo shoxobchalarida plastik paketlar savdosi taqiqlanadi; maishiy chiqindilarni saralash, shuningdek, qayta ishlanadigan chiqindilarni qabul qilish uchun fondomatlar o‘rnatiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Elektron tijorat operatorlari, elektron tijoratda sotuvchi bo‘lgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijoratda sotuvchi yoki buyurtma asosida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yoxud yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida  tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlaridan foydalangan holda amalga oshiradi.

* * *

Barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish, ish vaqti tabelini shakllantirish, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida hisoblash, ota-onalar to‘lovi hamda boshqa to‘lovlar «Bolalar bog‘chasi» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

* * *

Muntazam yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridagi avtotransport vositalarining tasdiqlangan yo‘nalish sxemasi va harakatlanish jadvaliga rioya etilishini ta’minlash maqsadida yo‘nalishdagi avtotransport vositalarini sun’iy yo‘ldoshli harakatni kuzatish navigatsiya qurilmalari bilan jihozlash va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish talablari joriy etiladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.