An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026-yil 1-iyundan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan
Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:
tibbiyot tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan tibbiy jihozlar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda ularga qo‘llanadigan sarf materiallari, shuningdek, A toifadagi maxsus tibbiyot maqsadlariga mo‘ljallangan yangi avtotransport vositalari 2029-yil 1-iyungacha bo‘lgan muddatga import bojxona bojidan ozod qilinadi.
* * *
Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiyalar tarkibiga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari kiritiladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy sifatida tayinlangan shaxslarning vasiylik yoki homiylikdagi shaxslar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi «Inson» markazi tomonidan monitoring qilib boriladi.
* * *
Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
qurilish obyektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) ularni fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash, onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish majburiyati kiritiladi;
huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyoti joriy qilinadi.
Qurilish obyektlari bo‘yicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
* * *
Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga EU GMP, US FDA GMP rasmiy sertifikatlarini joriy qilishda, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiyasini olishda xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP, US FDA GMP sertifikatlari uchun xarajatlarning 50 foizi, lekin 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;
ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ushbu dori vositalarini sanoat miqyosida ishlab chiqarib, realizatsiya qilgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Rekombinant oqsillar va gormonlar, target dori vositalari, vaksinalar, qon preparatlari, autoimmun va onkologik preparatlar, gen va hujayra terapiyasi mahsulotlari, biosimilyar va biobetter preparatlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini 3 yil muddatda foydalanishga topshirib, sanoat miqyosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga 2 yil muddatga loyiha doirasida jalb qilingan kreditlar bo‘yicha kredit foiz xarajatlari Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda kompensatsiya qilib beriladi:
foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 4 foiz punktdan oshmagan miqdorda.
* * *
Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
davlat tashqi qarzi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining shakllantirilishidan boshlab yakuniy natijaga erishilguniga qadar barcha bosqichlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining «Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritiladi;
Hisob palatasi tomonidan «Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladigan loyihalar ustidan monitoring o‘rnatiladi.
* * *
Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
tadbirkorlik subyektlariga bojxona bojini 120 kunga qadar kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning bosh ta’minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va erkin muomalaga chiqarish jarayonida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish majburiyatini ushbu mahsulot importyoriga yuklagan holda «FSSC 22000», «IFS Food», «BRCGS Global Standard for Food Safety», «SQF Food Safety Code» xalqaro tizimlari doirasida rasmiylashtirilgan sertifikatga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologik xulosa olish talabi;
tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda karantin ruxsatnomasini olish talabi bekor qilinadi.
* * *
Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi «yuqori» va «o‘rta» bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi.
* * *
Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi.
* * *
Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
sun’iy intellektga asoslangan axborot tizimlari (dasturiy mahsulotlar)ni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xaridlarini tegishli tartibga muvofiq yuritiluvchi reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan;
umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 ming barobaridan oshmagan shartnomalar doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq
Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
Turizm qo‘mitasi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilash va mumkin bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolarni joylashtirish orqali ularning hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi.
* * *
Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida:
Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
* * *
Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni chegara bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasiga xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
xalqaro yo‘nalishlarda qatnovni rejalashtirish uchun avtotransport vositasiga yuk ortishdan oldin milliy tashuvchilarga Transport vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimida zarur bo‘lgan barcha xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni 10 kun muddatga band qilish imkoniyati yaratiladi;
xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilarga berish, qabul qilish, saqlash va axborot tizimida qayd etish uchun chegara bojxona postlarida ruxsatnomalarni berish punktlari tashkil etiladi hamda ularning ro‘yxati Transport vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi;
o‘tgan hisobot yilida milliy tashuvchilarning yuk va yo‘lovchi tashish geografiyasidan kelib chiqqan holda xorijiy davlatlar kesimida xalqaro tashish yo‘nalishlari ro‘yxati Transport vazirligi tomonidan shakllantiriladi;
ruxsatnomalarni berish punktlari va xalqaro tashish yo‘nalishlari ro‘yxatlari hamda xorijiy davlatlar kesimida xalqaro tashish turi bo‘yicha tanqis bo‘lgan xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimida e’lon qilib boriladi.
* * *
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
qurilish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari hajmini va ularni to‘plash joylarini belgilash, shuningdek, ular bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihaviy yechimlar nazarda tutilishi majburiy hisoblanadi.
* * *
Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
«E-ekspertiza» platformasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlari o‘rtasida o‘zaro elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan
Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
qizilmiya o‘simligi populyatsiyasini qayta tiklash hamda uning muhofazasini ta’minlash choralari ko‘riladi;
qizilmiya o‘simligi genofondini saqlash va uni ko‘paytirish maqsadida tabiiy areallaridagi zaxirasi yetarli bo‘lgan o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida kamida 2 gektardan onalik plantatsiyalari tashkil etiladi.
* * *
Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida:
yangi narxlar kuchga kiradi. Jumladan, elektr energiyasi (aholi):
ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilarga bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, har kVt/soati 200 kVtgacha – 325 so‘m, 201 kVtdan 500 kVtgacha – 450 so‘m, 501 kVtdan 1000 kVtgacha – 550 so‘m, 1001 kVtdan 5000 kVtgacha – 800 so‘m, 5001 kVtdan 10000 kVtgacha – 950 so‘m, 10001 kVt va undan yuqori – 1100 so‘m;
qolgan maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, har kVt/soati 200 kVtgacha – 650 so‘m, 201 kVtdan 500 kVtgacha – 900 so‘m, 501 kVtdan 1000 kVtgacha – 1100 so‘m, 1001 kVtdan 5000 kVtgacha – 1600 so‘m, 5001 kVtdan 10000 kVtgacha – 1900 so‘m, 10001 kVt va undan yuqori – 2200 so‘m bo‘ladi.
Tabiiy gaz. Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga (gazni hisobga olish priborlari mavjud bo‘lganda): isitish mavsumi davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, har kub metri 500 kubgacha – 1100 so‘m, 501 kubdan 2500 kubgacha – 2000 so‘m, 2501 kubdan 5000 kubgacha – 2300 so‘m, 5001 kubdan 10000 kubgacha – 2700 so‘m, 10001 kub va undan yuqori – 3300 so‘m;
boshqa mavsum davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, har kub metri 100 kubgacha – 1100 co‘m, 101 kubdan 2500 kubgacha – 2000 so‘m, 2501 kubdan 5000 kubgacha – 2300 so‘m, 5001 kubdan 10000 kubgacha – 2700 so‘m, 10001 kub va undan yuqori – 3300 so‘m etib belgilangan.
* * *
Avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida:
avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Io‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki YHXXning mobil ilovasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
jismoniy va yuridik shaxslar avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan YHXXga an’anaviy (og‘zaki yoki yozma) tarzda murojaat qilishlari ham mumkin.
* * *
Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlashda davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida:
jismoniy shaxslarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash xizmati ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentga muvofiq faqat davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.
* * *
Raqamli markirovkalangan tovarlarning harakatini kuzatib borish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
O‘zbekiston Respublikasi va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

