Qashqadaryoga oid
Bag‘ishlov she’rlar haqida bilasiz. Ko‘pincha u no‘noq shoirlar tomonidan biror amaldorga yoqish, xushomad, madh etish maqsadida bitiladi. Buyuk ijodkorlar esa she’rini hammagayam bag‘ishlayvermaydi va bag‘ishlov maqsadida yozilgan misralar ortida katta shaxslar turadi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 1983-yilda yozilgan «Bog‘bon» she’rini o‘qigansiz albatta.
Qashqadaryo degan so‘z aytilgan chog‘,
Hanuz miyig‘ida kulguvchilar bor.
Emishkim, u yerga noravodir bog‘,
To‘rt tuyoq yemishin o‘ylar chorvador.
Mana paydo bo‘ldi Temur Mirzolar,
Turfa chechaklarni o‘stirgan inson.
Ne-ne bog‘bonlar ham undan dars olar,
Mana, nimalarga qodir tirik jon.
Qarshi ko‘chasidan o‘tsangiz magar,
Sizni kuzatadi ming-minglab charog‘,
Qayoqdan kelmoqda bu hid muattar!
Bu – Temur Mirzolar barpo etgan bog‘.
Ayni she’rda sobiq ittifoq davrida Qashqadaryoga bo‘lgan munosabat hamda bu yerda bog‘ barpo qilgan fidoyi inson haqida so‘z bormoqda.
She’rda tilga olingan inson Temir Mirzayev 1921-yilda Qarshi tumanining To‘qmang‘it qishlog‘ida tavallud topgan.
Pedagogika texnikumini tamomlab, maktabda o‘qituvchi, keyinroq direktor vazifalarida samarali faoliyat olib borgan. 1948-yilda Qarshi tumani partiya komitetining bo‘lim mudiri, keyinroq xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashi raisi vazifalarida ishlagan.
Uch yil Moskvadagi Oliy partiya maktabida o‘qigan. So‘ng Ko‘kabuloq rayoni partiya komitetining birinchi rahbari bo‘lib ishlagan. Temir Mirzayevning ko‘tarilish sur’ati ayrim rahbarlarga yoqmaydi va bir rahbarni ishdan olish bois, butun bir rayon tugatiladi.
Shundan so‘ng Temir Mirzayev yer olib, bog‘ barpo qiladi. Xo‘jalik tuzadi. Yillar o‘tib mevali ko‘chat yetishtiruvchi bu xo‘jalik respublikada taniladi. To‘qmang‘it, Uzunnavo, Saroy qishloqlari yanada obod bo‘ladi.
Temir Mirzayev 1990-yil 15-avgustda vafot etgan. 1991-yilda xo‘jalikka uning nomi berilgan.

