16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Faoliyat

“Adolat sayli”ga marhamat!

Huquqiy aksiya

Aholining huquqiy ong va madaniyatini yanada yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mohiyatini keng ommaga yetkazish maqsadida joriy yil 24 iyun kuni Qarshi davlat universiteti hududida «Adolat sayli» aksiyasi o‘tkaziladi.

Viloyat hokimining 2026-yil 15-iyundagi tegishli farmoyishi bilan adliya boshqarmasining bu to‘g‘ridagi taklifi ma’qullanib, «Adolat sayli» huquqiy aksiyasini o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.

 Unga ko‘ra, «Adolat sayli»da ishtirokchilarga turli masalalar, jumladan, kundalik hayotda ko‘p uchraydigan moddiy yordam, ijtimoiy nafaqalar va subsidiyalar olish, nogironlikni belgilash, biznesni boshlash, kommunal xizmatlardan foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, soliq va bir martalik to‘lovlarning hisoblanishi kabi mavzularda tartib-tamoyillar, shuningdek, so‘nggi qabul qilingan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati atroflicha tushuntiriladi.

Aholining keng qatlami uchun mo‘ljallangan tadbirda malakali yurist va huquqshunoslar, advokatlar, notariuslar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining tajribali mutaxassislari jalb etilib, ular murojaat bilan kelgan fuqarolarni qabul qiladi hamda ko‘tarilgan masalalarni qonun doirasida hal etish yo‘l-yo‘riqlari yuzasidan maslahat, tushuntirish va amaliy ko‘mak beradi.

Aksiya doirasida turli ko‘ngilochar tadbirlar, huquqiy test sinovlari, bo‘sh ish o‘rinlari va kitoblar yarmarkalari, bepul tibbiy ko‘rik, nogironligi bo‘lgan fuqarolar tomonidan ishlangan buyumlar ko‘rgazmasi, xotin-qizlar uchun «Huquqiy maslahat», yoshlar uchun «O‘qishga marhamat» burchaklari tashkil qilish hamda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish va rahbarlarning sayyor qabullarini uyushtirish ham ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda «Adolat sayli»ni mazmunli va samarador o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Aksiyada siz ham ishtirok eting!

O‘z muxbirimiz