Quyida so‘z boradigan inson Ahmad Yassaviy avlodi sanaladi. Yoshligida Qur’oni karimni to‘la yod olib, qori darajasiga yetgan. 35 yoshida muftiy darajasiga ko‘tarilgan.
1899-1900-yillarda Haj safarida bo‘lgan. Baytullohga Kavkaz, Istanbul va Qohira orqali borib, 8 oydan oshiq davom etgan safar uning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bir necha qishloqlarda tashkil qilingan yangi maktablar uchun «Risolayi asbobi savod», «Risolayi jug‘rofiyayi umroniy», «Risolayi jug‘rofiyayi Rusiy», «Kitobatul atfol», «Amaliyoti islom», «Tarixi islom» kabi kitoblar yozgan.
1903-1904-yillarda Moskva, Peterburgda, 1906-yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda bo‘ladi. Keyinroq dunyo tanish istagida Kavkaz, Qrim, Istanbul, Yunoniston, Bayrut, Misr Qohirasi, ortga qaytib – Istanbuldan temir yo‘l orqali Bolgariya, Avstriya, Berlindan Rossiya, undan Turkistonga qaytish marshrutini o‘z ichiga olgan sayohatda bo‘ladi.
U chop etgan jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqalgan.
Qaror va mohiyat
G.Andreyev, A.Samoylovich, B.Pestovskiy, Zaki Validiy To‘g‘on, A.Pyaskovskiy, Ingeborg Baldauf, Temur Xo‘ja, Xisao Komatsu, Tahsin Umar kabi olimlar uning shaxsi va faoliyati bo‘yicha izlanishlar olib borgan.
Qarshi shahri 1926-1937-yillarda – 11 yil davomida uning nomi bilan yuritilgan.
Fayzulla Xo‘jayev u haqda «Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o‘sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yo‘q deb o‘ylayman», degan bo‘lsa, Laziz Azizzoda «Agar O‘zbekistonda Navoiy va Ulug‘bekdan boshqa uchinchi bir kishiga haykal qo‘yiladurg‘on bo‘lsa, bu uning haykali bo‘lg‘usidir», deya e’tirof etgan. Vadud Mahmud «Turkiston degan o‘lkaning boshlig‘i, yangilik davri tarixinda yorug‘ bir chirog‘ edi», deya munosabatini ifoda etgan bo‘lsa, nemis olimasi Ingeborg Baldauf mutafakkirni «O‘rta Osiyodagi barcha jadidlarni birlashtirishga intilgan yirik namoyanda, desak xato qilmaymiz… Uning qalbini o‘rtagan eng katta dard – erk va ma’rifat», degan edi.
Gap Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida borayotganini anglab turibsiz, albatta. Yaqinda shu zot tavalludiga 150 yil to‘ladi. Bu borada 2024-yil 27-dekabrda e’lon qilingan Prezident qarorida ko‘plab ezgu ishlar ko‘zda tutilganki, barchasi millatning chinakam farzandi xotirasini abadiylashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, qarorga muvofiq, mutafakkir adibning «Tanlangan asarlar» to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtiriladi hamda bugungi kunga qadar yaratilgan «Mahmudxo‘ja Behbudiy» kinoseriali va «Xalq yuragi» badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlari tashkil qilinadi.
Badiiy akademiya markaziy ko‘rgazmalar zalida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalari faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi uyushtiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, «Temurbeklar maktablari» kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari» mavzusida insholar tanlovi o‘tkaziladi.
Barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil qilinadi.
Oktabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida «Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasi o‘tkaziladi.
Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududi obodonlashtiriladi hamda muzey ekspozitsiyasi boyitiladi. Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi beriladi hamda unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasi o‘rnatiladi.
Ma’lumki, 1875-yilda Samarqandda tavallud topgan Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919-yilning 25-martida Shahrisabzda qo‘lga olinib, sirli ravishda Qarshi shahrida qatl qilingan.
Prezident qarorida aynan viloyat markazidagi ko‘chalardan biriga alloma nomi berilishi va yodgorlik byusti o‘rnatilishi borasidagi tashabbusning boisi shu – Behbudiy Qarshi shahrida mangu orom olmoqda. Ammo qayerda? Bu savol, yuz yildan oshdiki, javobsiz qolayotir.
Avvalo, aytish o‘rinli, Behbudiyning o‘limi xabari Samarqandda bir yil keyin ma’lum bo‘lgan. Qarshi shahriga mutafakkir adib nomi berilishi esa sovetlarning o‘yini – tub ildizlari xalqqa ma’lum bo‘lmagan qatl holatidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish, go‘yo o‘zlarini allomaparvar qilib ko‘rsatish istagidan kelib chiqqan.
Behbudiy abadiy qo‘nim topgan manzil borasida taniqli olimlar – Begali Qosimov, Poyon Ravshanov, Umid Bekmuhammad, ijodkorlar – Samar Nuriy, Chori Hamro, Sharofat Ashurova izlanish va o‘rganishlar olib borgan.
Taniqli adiba Sharofat Ashurova Behbudiy Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi yaqinidagi beklik chorbog‘ida qatl etilib, shu yerning o‘zida ko‘mib, qabri tekislab tashlanganini ta’kidlagan bo‘lsa, qashqadaryolik ziyolilardan biri Po‘lat Xidirov Behbudiyni qatl qilgan jallod mirshabi umrining so‘nggi yillarida savdoyi bo‘lib qolgani, Behbudiyni o‘z qo‘li bilan o‘ldirgani, keyin u va do‘stlarining qabrlarini tekislab, ustiga yo‘ng‘ichqa urug‘i sepgani haqida gapirib yurganini eshitgan ekan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xo‘ja Abdulazizxon tomonidan 1909-yili qurilgan madrasaga Qarshi bekligining chorbog‘i tutashib ketgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy shu chorbog‘da so‘roq qilingan, sheriklari bilan o‘zlariga qabr qazdirilib, pinhona qatl etilgan bo‘lishi ham mumkin.
Tarixchi Poyon Ravshanov esa boshqa farazni ilgari suradi: Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘ldirilishi Qarshi qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq va 1920-yilning 7-10 sentabri oralig‘ida g‘azabga mingan olomon tomonidan amalga oshirilgan. Olim 1920- yil sentabr oyida Qarshi shahrida sovet hokimiyatini tiklash uchun bo‘lib o‘tgan jang haqida tergov guruhi boshlig‘i D.M.Yepifanov keltirgan so‘zlarga asoslanadi. Unda: «Qo‘zg‘olon vaqtida qatl etilganlar, shaharning sharqiy qismida joylashgan Eshon shahid qabristoniga dafn etiladi», deyilgan.
Ammo afsuski, o‘tkazilgan eksgumatsiya ishlari va DNK namunalari nazarda tutilgan qabr Behbudiyniki emasligini ko‘rsatgan.
Nima bo‘lganda ham Behbudiy sharafiga qilinajak ishlar millat fidoyisiga hurmat-ehtirom timsoli o‘laroq e’tiborga molikdir. Zero, buyuk ajdodlarini qadrlaydigan, ularning orzu-istaklariga monand ulug‘ kelajak sari qadam tashlaydigan avlod o‘z maqsad-muddaosiga albatta erisha oladi. Bir vaqtlar Behbudiy Quddusi sharifdagi mashhur Masjid al-Aqsoda sajdaga bosh qo‘yar ekan, Alloh taologa shunday iltijolar qilgan ekan: «Iloho, u aziz va faol bandalaring hurmatig‘a bizga basirat ber. Eshitar quloq, anglar aql ber…»
B.SAYFIYEV


Leave feedback about this