Bugun mamlakatimizda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli davlat tadbiri – O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi.
Ro‘yxatga olishdan maqsad nima?
Yurtimizda mustaqillik davrida ilk bor tashkil qilingan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri, Prezidentning 2025-yil 19-sentabrdagi tegishli farmonida belgilanganidek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida o‘tkazilmoqda va bu jarayonda Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020-yildagi tavsiyalariga tayanilmoqda.
Shu bilan birga, ro‘yxatga olish natijasida 26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini o‘rganib, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet mablag‘lari samarali sarflanishini, sohadagi xizmatlar hajmini aniqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plamini yaratish rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu muhim tadbir davomida aholi va qishloq xo‘jaligining o‘sish tendensiyalarini hududlar kesimida aniq hisob-kitob qilgan holda ijtimoiy soha obyektlarini kengaytirishga yo‘naltirilayotgan yillik 25,2 trillion so‘m mablag‘ning manzilli sarflanishini ta’minlab, respublikaning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish va shu orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash ham maqsad qilingan.
Hukumatning o‘tgan yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda esa ro‘yxatga olish tadbirining O‘zbekiston Respublikasi aholisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, aholi soni va tarkibini joriy hisob-kitob qilish, mehnat resurslarining joylashuvi va foydalanilishini o‘rganish, hududlarda qishloq xo‘jaligining tarkibiy holatini baholash, qishloq xo‘jaligi faoliyatiga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish, ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari tahlili natijasida qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar ishlab chiqish va pirovardida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda indikativ rejalashtirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Birinchi bosqichda – census.stat.uz portalida onlayn,
ikkinchi bosqichda – yashash manzili yoki ro‘yxatga olish uchastkasida
O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan tadbir umumiy hisobda 45 kun, ya’ni shu yil 15-yanvar – 28-fevral kunlari davom etadi.
Mazkur jarayonning birinchi bosqichida – 15-31-yanvar kunlari ro‘yxatga olish internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi. Bunda respondentlar census.stat.uz portali orqali o‘zlari ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Tashkil etilgan mobil guruhlar va ro‘yxatga oluvchi (ya’ni «mahalla yettiligi» tizimida ishlovchi) xodimlar esa o‘zlariga biriktirilgan hududda joylashgan yirik korxona hamda tashkilotlarga tashrif buyurgan holda, ularda ishlovchilarni elektron ro‘yxatdan o‘tishlariga amaliy yordam ko‘rsatishadi.
1-3-fevral kunlari internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxati shakllantirilib, hududiy statistika organlari va ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkaziladi.
4-28-fevral kunlari, ya’ni muhim tadbirning ikkinchi bosqichida ro‘yxatga oluvchilar («mahalla yettiligi» tizimida ishlovchi, maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan planshetlarga ega xodimlar) respondentlarni ularning yashash (vaqtincha bo‘lish) manzilida yoki mahalla fuqarolari yig‘ini binolarida joylashgan statsionar uchastkalarda ro‘yxatga olishadi.
Fermer xo‘jaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar, hokimlik zaxirasidagi yer maydonlari (asosiy faoliyat turi qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlariga ega tashkilotlarni qo‘shgan holda) joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar ro‘yxatga olishning to‘liq davrida internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.
So‘rov chog‘ida qanday savollar beriladi?
O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish dasturi o‘z ichiga asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati va migratsiyasi, milliy xususiyatlari va fuqaroligi, ta’lim darajasi va bandligi, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soni va turar joy xususiyatlariga tegishli savollar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari to‘g‘risidagi shaxsga oid ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha savollar hamda aholining ayrim toifalariga nisbatan va qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida beriladigan savollarni oladi. Mazkur dastur asosida ro‘yxatga olish savolnomasi shakllari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular «Yashash uchun foydalaniladigan turar joy xususiyatlari, ushbu turar joyda yashovchi uy xo‘jaligi a’zolari ro‘yxati»,»Shaxsga doir savolnoma», «O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma», «Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma», «Jismoniy shaxslar uchun qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha savolnoma» va «Yuridik shaxslar uchun qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha savolnoma»dan iborat.
Darvoqe, aholining ayrim toifalari (masalan, «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashovchi nogironlar va boquvchisi yo‘q qariyalar, bolalar mahallalarida istiqomat qilayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, qamoqxonalar, tergov hibsxonasi (izolyatorlar) va axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, turli davolash muassasalarida doimiy yashovchi fuqarolar, diniy muassasalarda yashaydigan yoki tahsil oladigan respondentlar va boshqalar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha ishlar tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan tashkil etiladi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida so‘rov davlat tilida o‘tkaziladi. Shu bilan birga davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin. Bunda ro‘yxatga oluvchi xodimlar ushbu hududda yashovchi yoki shu hududning aholisi bilan erkin muloqot qila oladigan shaxslar orasidan tanlanadi. Ro‘yxatga oluvchi xodim respondent gaplashadigan tilni bilmasa, so‘rovni o‘tkazishga ro‘yxatga olish uchastkasi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilgan holda shu tilni biladigan shaxslar jalb etiladi.
Faol ishtirokchilarni rag‘batlantirish rejalashtirilgan
Mas’ullarning ta’kidlashicha, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazilishi ko‘p jihatdan uning birinchi bosqichida fuqarolarning faollik bilan census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishiga bog‘liqdir. Shu bois 15-31-yanvar kunlari onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida 2026-yilda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi ishchi organi etib belgilangan Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan tasodifiy tarzda tanlanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishadi.
Bundan tashqari, onlayn ro‘yxatdan o‘tishda faol ishtirok etgan fuqarolar uchun mahalliy hokimliklar ham turli xil sovg‘alar berishni rejalashtirmoqda. Masalan, viloyatimiz hokimligi tomonidan so‘rovnomani sifatli va birinchi bo‘lib onlayn tarzda yakunlagan mahallalar uchun maxsus rag‘batlantirish tizimi joriy etilgan bo‘lib, bunday mahallalar hududida 1 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlash yoki qurish, elektr ta’minotini yaxshilash uchun transformator o‘rnatish, piyodalar uchun qulay yo‘lakchalar barpo etish va yoshlar uchun mini stadion tashkil etish nazarda tutilgan. Shu tariqa muhim tadbirda faol ishtirok etib, onlayn ro‘yxatdan o‘tgan insonlar mamlakatimizda har bir fuqaro va har bir xo‘jalik haqida aniq ma’lumotlar to‘plash va kelgusidagi rejalarni belgilash uchun zamin yaratish barobarida o‘zi yashaydigan mahallaning yanada rivojlanishi va farovon bo‘lishiga ham munosib hissa qo‘shishi mumkin.
Temur NIZOMOV tayyorladi.

