16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Aqliy rivojlanishida muammo bo‘lgan bolalarni o‘qitish bo‘yicha birinchi fan doktori

Qashqadaryoga oid

Oligofrenopedagogika – aqliy rivojlanishida turli darajada qiyinchiligi bo‘lgan bolalarni o‘qitish, tarbiyalash, rivojlantirish va ijtimoiy hayotga moslashtirish usullarini o‘rganadigan maxsus pedagogika sohasi sanaladi. Mazkur yo‘nalishda bolaning bilish qobiliyatlarini takomillashtirish, o‘qish, yozish va hisoblashni o‘rgatish, mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, muloqot va ijtimoiy moslashuvni qo‘llab-quvvatlash, har bir bolaning imkoniyatiga mos ta’lim usullarini tanlash kabi vazifalar bajariladi. Umuman, barcha davr va mamlakat uchun zarur soha.

Oligofrenopedagogika ixtisosligi bo‘yicha birinchi pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan mutaxassis qashqadaryolik olima ekaniga nima deysiz?!

Asli g‘uzorlik olima Muhabbat Hakimova ana shunday martabaga erishgan.

Olima 1962-yilda tug‘ilgan. 1986-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini oligofrenopedagogika ixtisosligi bo‘yicha tugatgan. 1986-1993- yillarda Qibray tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi, 1993-2001-yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti dotsenti, 2001-yildan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri lavozimida ishlagan.

1997-yilda pedagogika fanlari nomzodi, 2010-yilda pedagogika fanlari doktori ilmiy darjasini, professor ilmiy unvonini olgan. 6 ta monografiya, 6 ta darslik, 40 dan ortiq o‘quv va o‘quv-uslubiy-elektron qo‘llanmalar, 250 dan ortiq risola, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. 1999-yilda «Xalq ta’limi a’lochisi» sifatida e’tirof etilgan. 2001-yilda «O‘zbekiston Mustaqilligining 10 yilligi» esdalik nishoni, 2021-yilda «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.