16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Bankni g‘ayriinsoniylik va keksalarga hurmatsizlikda ayblashdi

Meksikada to‘shakka mixlanib qolgan 96 yoshli ayol uning shaxsini tasdiqlash uchun bankka olib kelindi. Bu haqda Oddity Central manbasi yozgan.

Qarilik kasalligidan aziyat chekib, o‘zi yura olmay qolgan keksa Fideliya Vaskes Nunyo tez yordam zambilida BBVA banki filialiga kelishga majbur bo‘lgani xabari ortidan ushbu moliya muassasasi kuchli tanqidlarga uchragan.

Pensioner ayolning oilasi mas’ullarga barcha kerakli hujjatlar, jumladan, rasmiy vakildan ishonchnoma va qog‘ozlarni taqdim etgan. Biroq bank baribir biometrik tanib olish tizimi orqali mijoz shaxsini tasdiqlash uchun uning o‘zi shaxsan muassasaga kelishini talab qilgan. Yaqinlari so‘zlariga ko‘ra, qariyaning turli vaqtlarda olingan fotosuratlaridagi nomuvofiqlik tufayli muammo yuzaga kelgan. Shu sabab u olti oy davomida o‘z pensiya pulini ololmay kelgan.

Moliya muassasasi ma’muriyati hech bir muqobil yechim – na onlayn tekshirib aniqlash, na joyiga chiqib xizmat ko‘rsatishni taklif etmagan. Shundan so‘ng keksa ayol filialga zambilda olib kelingan. Voqea joyidan olingan fotosurat va videolar tezda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, foydalanuvchilar bankni g‘ayriinsoniylik va keksalarga hurmatsizlikda ayblashgan.

Shundan so‘ng oila bir nechta nazorat organlariga rasmiy murojaatlar yo‘llagan va ular tomonidan inson huquqlarining buzilishi ehtimoli bilan moliya muassasasiga nisbatan tekshiruv boshlangan.