16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

BIR CHO‘PON QO‘LIGA TUSHSA BIR OLMOS, CHAQMOQ TOSHI QILAR, QADRIN NE BILSIN

Saralangan satrlar

Shunday asarlar borki, ular orqali adib mansub xalqni, elatni yaxshi ko‘rib qolasiz, hurmatingiz oshadi. To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Muratbay Nizanov, Kengisboy Karimov kitoblari qoraqalpoq xalqining buyukligini namoyon etishi barobarida uzoq va yaqin o‘tmishning ko‘pchilikka qorong‘i sahifalaridan so‘z ochadi. Bugun Kengisboy Karimov qalamiga mansub “Og‘abiy” romani haqida so‘z yuritamiz.

Asarda XIX asr qoraqalpoq xalqi hayotidan lavhalar badiiy tasvirlanadi. Bosh qahramon – Erejeb Qulchi biy o‘g‘li Og‘abiy tarixiy shaxs bo‘lib, o‘z xalqining erkin va ozod hayoti uchun goho qo‘shnilar bilan diplomatik munosabatlar olib borgan, goho jangu jadallarda ot surgan. Uning nomi qoraqalpoq xalqi yuragida bahodir va donishmand yo‘lboshchi sifatida abadiy qolgan.

Mutolaa davomida o‘quvchilar qoraqalpoq xalqining tarixi, urf-odatlari, bepoyon cho‘llarning so‘lim va beshafqat tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi haqidagi qiziqarli hamda yangi ma’lumotlarni bilib oladi.

Roman ikki kitobdan iborat bo‘lib, biri “Ko‘ch”, ikkinchisi “Ota yurt” deb nomlanadi. “Ko‘ch”ni o‘zbek tiliga taniqli shoir Rustam Musurmon o‘girgan. Ko‘ch – yo‘lga chiqish, safarga otlanishdir. Karvon – ma’lum bir yo‘lovchilar yoki savdogarlar toifasining bir yurtdan boshqa yurtga yo‘l olgan, yuk ortilgan tuyalar, otlar, aravalar safi bo‘lsa, ko‘ch – bir elning butun borlig‘i, mol-dunyosi, aholisidir. Olis yo‘lda ko‘chni turli balo-qazolardan, ofatu tahdidlardan omon-eson olib o‘tish, ko‘zlangan manzilga to‘kis-tugal yetkazish uchun xalqqa dono, uzoqni ko‘radigan, qiyinchiliklar va xavf-xatardan qo‘rqmaydigan botir yo‘lboshchi kerak. Qulchi biy va uning o‘g‘li Og‘abiy zimmasidagi mas’uliyat ayni shundan iborat edi.

Xo‘sh, qoraqalpoqlar qayerga va nima sababdan ko‘chishadi?

Ma’lumki, qoraqalpoqlarning xalq sifatida shakllanish jarayoni uzoq asrlarga borib tutashadi. Bijanaklar, o‘g‘uzlar, qipchoqlar, qirg‘iz, Oltin O‘rda, qozoq, turkman va o‘zbek qabila birlashmalari bilan turli darajadagi aloqalar qoraqalpoq xalqi tarixida muhim o‘rin tutgan. Bugungi kunda qoraqalpoqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari Farg‘ona, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlarida, qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Afg‘oniston, Eronda istiqomat qilishadi. Ba’zan siyosiy, ba’zan ijtimoiy-iqtisodiy sabablar “qora bo‘rkli”larning yoyilib yashashiga sabab hozirlagan.

“Og‘abiy” romanida qayd etilishicha, Buxoro amiri Shohmurod Qo‘qon xonligidan bo‘ladigan hamla yoki yurishlarning oldini olish uchun chegaradosh yerlarga jangovar qipchoq – qoraqalpoq urug‘larini ko‘chirib joylashtirish, zarur bo‘lgan paytda ularning ko‘magiga tayanish, shu yo‘l bilan mamlakat tinchligini saqlashni maqsad qiladi. Shunga binoan, oqsoqol Qulchi biyni huzuriga chorlab, ming uyli – ikki ming uyli qoraqalpoqlarni ko‘chirib kelishni tayinlaydi.

Ammo otasining o‘rniga taxtga o‘tirgan Amir Haydar mang‘itlarga ko‘proq suyanar, shu bois askarlar bilan askarboshilar ichida mang‘itlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Mang‘itlar va qipchoqlar o‘rtasida arzimas sabab tufayli yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida Qulchi biy o‘z urug‘doshlarini ota yurti – Chimboy sari qaytarib ketishga majbur bo‘ladi.

“Olti elat qoraqalpoqning peshonasiga ko‘chib-ko‘nish yurish yozilganmikan? Xitoy  bilan qipchoq, Qo‘qon va Buxoro  orasida, kenagas bilan mang‘itlar Buxoro va Xorazm o‘rtasida joylashib, ko‘chib-qo‘nadi.

Yozda suv bo‘yiga ko‘chsa, qishda qishlovga qaytadi. O‘troqlashib, dehqonchilik qilishga bo‘yinlari yor bermaydi. Amudaryoning oyog‘idagilar Xivaga fuqaro bo‘lib, Chimboy, Qo‘ng‘irot, Davqora atroflarida dehqonchilik qilishadi, daryoning quyilishidagi ko‘llar va dengiz yoqalaganlari baliq va ov ovlab, mol boqadi”; “Dushmandan qo‘rqib ot boshini tortmagan, g‘aybar el edik. Urug‘-urug‘ bo‘ldik, elat-elat bo‘ldik, yer talashdik, yaylov talashdik, biylik talashdik. Buning oqibatidan qut ketib, yut keldi. Turkistonni ota yurt bilib yashayotgan qoraqalpoqni jung‘or kelib bir chopsa, kichik yuz kelib yana bir chopdi-da, Turkistondan ko‘chishga sababchi bo‘ldi”, deya asar qahramonlari tilidan ko‘chishning turfa sabablari keltiriladi.

“Og‘abiy” romanini o‘qib chiqing – yutqazmaysiz.

***

Hey, onalik mehrigiyosi, sen odamzod yaralgandan buyon shum taqdirning toshiga kim necha marta shishadek urilib, zarra-zarra bo‘lib sinsang ham xuddi o‘zi yongan kulning ichida qayta tirilib chiqqan qaqnus misoli yana qayta bino bo‘lib, o‘z tilsimlaring bilan odam bolasini lolu hayron etaveradigan qanday mehrigiyosan o‘zi?

                     ***

Qanday gunoh qilsa ham har kim ikki oyoqli odam, baribir Xudoning bandasi. Bu yolg‘onchi dunyoda odamni yo‘ldan ozdiradigan, gunoh qilishga undaydigan shaytonning qanchadan-qancha tomoshalari turibdi. Chopqir ot, suluv ayol, olg‘ir qush, yugurik tozi, yangi to‘n… Bulardan boshqa yana qancha ermaklar to‘lib yotibdi. Soqoli selkillagan mo‘ysafid odamning qo‘liga tushgan bir tillani ko‘rib, yosh boladek quvonganini ko‘p marta uchratgan. Boylik va martaba-chi? Boylik va martaba odamni qimiz ichgandek mast qilib yuborganini o‘zi ham boshidan necha marta kechirmaganmidi?

                     ***

 Otasiz yetim zor yetim, onasiz yetim xor yetim.

                     ***

Ko‘p qo‘rqitadi, chuqur cho‘ktiradi.

                     ***

Har bir jonivorning hayotda boshidan kechirgan voqealardan to‘plagan tajribasi bo‘ladi. Uni odamlar “hiyla” yoki “ayyorlik” deb ataydi. Masalan, tulkini hiylakor, ayyor deb ustidan kulamiz. U qanday qilib hiylakor va ayyor bo‘lib qolgan? Albatta, yashash uchun, yemish topish, xavfdan qutulish uchun. Shumlikni, hiylakorlikni kimdan o‘rgangan? Boshidan o‘tkazgan voqealardan olgan tajribalari o‘rgatadi, boshqa kim o‘rgatardi?

                     ***

Qashqirda yo‘lbarsning yuragi, bir odamning g‘ayrati, o‘n itning aqli bor.

                     ***

Itning egasi bo‘lsa, bo‘rining Xudosi bor.

                     ***

Bosh yorilsa, bo‘rk ichinda, qo‘l sinsa, yeng ichinda.

                     ***

Ko‘chgan yerda kosoving qoladi.

                     ***

Zar bilan oq devning ko‘zini o‘yarsan.

                     ***

“Ot chopmaydi, bob chopadi” deydiganlar ham topiladi. Bu gapga qo‘shilib bo‘lmaydi, albatta. Zotsiz ot chopganda qayoqqacha borar edi. Shunday deymiz-u, ammo Mahtumqulining “Xo‘rozbon qo‘liga tushsa olg‘ir boz, Qanotin qayirar, qadrin ne bilsin. Bir cho‘pon qo‘liga tushsa bir olmos, Chaqmoq toshi qilar, qadrin ne bilsin” deganiday, nasli toza, zotdor, tuyog‘ining shamol bor xonazot sayisiga tushmasa, uzoq chopmaydi, bobi bilan sovutilib, teri qotirilib, ortiqcha semirtirilmay parvarish qilinmasa, otning oyog‘iga yo yem tushadi, yo qadamini noto‘g‘ri bosib, oyog‘i mayib bo‘ladi, yo yog‘ bosib, qizib ketib yo‘lda qoladi.

                     ***

Poylagan yov olmay qo‘ymas.

                     ***

Kelguncha qo‘noq er uyaladi, keyin qo‘noq yer uyaladi.

                     ***

Eng katta xavf ikki oyoqli maxluqlardan keladi, ulardan har baloni kutsa bo‘ladi, ularning qo‘lidan hamma yomon ish keladi.

                     ***

Bu yonga tortsa, ho‘kiz o‘lmoqchi, u yonga sursa, arava sinmoqchi.

                     ***

Olisda bo‘lsa kishnashgan, yaqinda bo‘lsa tishlashgan.

                     ***

“Saqlansang, saqlarman” degan. Shuning uchun g‘aflatda qolmaslik kerak. Minsang, ko‘lik-uloving, yesang, tomog‘ing, elning xazinasi va boyligi bo‘lgan molni qo‘riqlash, uni cho‘l yirtqichlariga, och bo‘rilarga oldirmaslik uchun kerak bo‘lsa, chibin jonni garovga qo‘yish zarur. Ha, shunday qilish zarur. Dehqonchilik qiladigan yeri yo‘q, bog‘i yo‘q, molidan boshqa boyligi yo‘q sahro xalqi mol boshining omonligi uchun bo‘rimi, boshqa yovvoyi hayvonmi, duch kelgan maxluq bilan yuzma-yuz olishuvga hamisha tayyor turishi darkor.

                     ***

Insonning bir qobiliyati bor. Bu yaxshimi, yomonmi, biroq u har qanday sharoitga moslashish uquviga ega.

                     ***

Bir-biriga uyg‘unlashib, insonning o‘ylaganiday bo‘lib o‘tadigan voqealar, nima deganda ham, kamida yuz yilda, hech qursa ikki yuz yilda bir marta yuz berar-ov.

                     ***

Yuzboshi aytgan edi: “Qiyin-qistovli paytlarda daryoga ot solsang, iloji bo‘lsa, chopib kelgan ot soviguncha suvga tushirma, sabr qil, teri qotsin, shundan so‘ng suvga sol. Og‘ir kiyim, sovut, etikni yechib tashla, aziz boshing omon bo‘lsa, kiyim ham, movut ham, etik ham topiladi. Ot suzib borayotganda ustiga o‘tirma, judayam charchagan bo‘lsang, yoliga osilib, yonidan suz”.

                     ***

O‘ttiz ikki tishdan chiqqan so‘z o‘ttiz ikki elga tarqaladi.

                     ***

Elning og‘zin tiymoqqa ellik qari bo‘z kerak.

                     ***

O‘trikchi o‘likni guvoh tutadi.

NASRIDDIN tayyorladi.