1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Shavkat MIRZIYOYEV:
Donishmandlar aytganlaridek, mamlakat avvalo yerdan rizq-nasiba undiradigan dehqonlar, xalqni yovdan, turli yovuzliklardan himoya qiladigan askarlar, yosh avlodga ta’lim va tarbiya beradigan fidoyi muallimlarning sa’y-harakati bilan obod va farovon bo‘ladi.
Yoshlarning o‘z kelajak hayoti chizgilarini belgilab olishida ustozning o‘rni beqiyos. U bilim ulashadi, qalblarda ma’naviyat chirog‘ini yoqadi, o‘g‘il-qizlarimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga yetib borish yo‘llarini yoritadi. Shu bois ham xalqimiz azaldan o‘qituvchilarni ardoqlab, «ustozlik – saodat, ustozlik – sharaf» deya ular mehnatini ulug‘lab keladi.
Kitob tumanidagi 50-maktabning matematika fani o‘qituvchisi Parvoz Elmirzayev mehnatkash, kasbiga sadoqatli va ishidan natija chiqarish uchun astoydil izlanadigan ustozlardan biri. U 25 yildan buyon viloyatning olis bir qishlog‘idagi o‘rta ta’lim tashkilotida yoshlarga ilm o‘rgatish mas’uliyatini yelkasiga olib, yuzlab shogirdlar tayyorlab kelmoqda.
– 1995-yilda maktabni birga bitirgan 56 nafar sinfdoshimiz orasidan ikki nafarimiz oliygohga kirdik, – deydi Parvoz Elmirzayev. – O‘sha vaqtlarda bu qishlog‘imiz uchun katta voqea edi. O‘qidim, biroz o‘yinqaroqlik bilan o‘tgan talabalik davri yakunlangach, o‘qituvchilik faoliyatim boshlandi. Shunda bu kasb naqadar sharafli, mas’uliyatli va mashaqqatli ekanini anglab yetganman.
Ustozning fikricha, har bir o‘quvchi kamolotida avvalo tarbiya asosiy o‘rin tutadi. Agar bola tarbiyali, ilmga chanqoq bo‘lsa, bilim ham unga oson ko‘chadi. Shu nuqtai nazar bilan Parvoz Elmirzayev faoliyat olib borayotgan maktabda o‘quvchilar 9-sinfdan keyin qiziqishi va qobiliyatiga qarab saralanadi. Kasb-hunarga moyillar o‘rta-maxsus ta’limga yo‘naltiriladi, oliy ta’limga intiluvchilar esa shu maqsadda tayyorlanadi. Natijada maktab bitiruvchilari safidan oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi ortib kelmoqda.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilishga, tizimga ilg‘or xalqaro tajribalarni olib kirishga jiddiy e’tibor qaratilayapti. Shu bilan birga o‘qituvchilarning mavqeini ko‘tarish, jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar ham amalga oshirildi. Maoshlar sezilarli oshdi, ular faoliyatini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan zamonaviy dasturlar joriy etildi, darsliklar mazmunan yangilandi. Ustozlarning kasbiy malakasi oshirilib, ular uchun yaratilayotgan ijtimoiy imtiyozlar pedagoglik kasbiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib yuborgani ham bor gap.
Parvoz Elmirzayev bu o‘zgarishlarga guvoh va ta’limdagi islohotlarning bevosita faol ishtirokchisi hamdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2015-yilgacha oliygohlarga tayyorlagan shogirdlaridan bor-yo‘g‘i uch nafari pedagoglikni tanlagan. Biroq bugungi kunda vaziyat keskin o‘zgardi, misol uchun, maktabning shu yilgi bitiruvchilaridan 13 nafari pedagogika yo‘nalishiga o‘qishga kirgan.
– Matematika fanlarning shohidir, – deydi ustoz. – Unga har bir sohada ehtiyoj bor. Shu bois darslarimni hayotiy misollar bilan bog‘layman. Binobarin, matematikani yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi hayotda ham qiynalmaydi.
Uning chorak asrlik faoliyati samarasi hozirda turli sohalarda ish olib borayotgan yuzlab shogirdlari misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ishiga sadoqat va mehr bilan yondashgan ustozning mehnati davlat tomonidan ham munosib e’tirof etildi. U 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning ta’lim sohasi xodimlari bilan muloqotida qatnashib, jabhada yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yuksalishni yaqindan his etdim, – deydi Parvoz Elmirzayev. – Mukofotdan iftixor tuydim, bu menga bir vaqtning o‘zida yanada katta mas’uliyat ham yukladi.
Ustoz bundan buyog‘iga ham shogirdlariga sifatli ta’lim berish, ular yuksak natijalarga erishishi uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etish niyatida.
Bahodir HALIMOV

