Saralangan satrlar
Urush haqida so‘z borarkan, odatda jang maydonlarida qurol ko‘tarib dushmanga qarshi kurashayotgan erkaklar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Vaziyat taqozo etsa nainki erkaklar, balki ayollar, hatto bolalar ham qo‘liga qurol olishi mumkin. Darhaqiqat, xalqlar boshiga bemisl kulfatlar solgan Ikkinchi jahon urushida birgina sobiq ittifoq tarafdan 800 mingdan ortiq ayol qurolli kuchlar safiga jalb etilib, ular hamshira, uchuvchi, mergan va boshqa mutaxassislar bo‘lishgan. O‘zbekistondan esa 5 mingga yaqin ayol urushda qatnashgan va ular orasida aloqachi, uchuvchi, mergan, zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi.
Qolaversa, frontortida ham millionlab xotin-qizlar gardaniga asosiy yuk tushib, g‘alabada ularning ham hissasi nihoyatda katta bo‘lgan.
Urushning ayol qismatiga, ruhiyatiga ta’siri haqida ko‘p asar yozilmagan. Bu borada Belarus adibasi Svetlana Aleksiyevichdan o‘tadigani yo‘q, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning badiiy-hujjatli nasr namunalari yuqori baholanib, 2015-yilda adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi”, “Ruhli bolalar”, “Chernobil tavallosi”, “Sekond-xend davri” kabi kitoblari davrimiz qiyinchiliklari haqidagi turfa tovushli asarlar sifatida baholangan.
Quyida adibaning “Urush ayollar ishi emas” qissasidan parchalar havola etamiz. Ishonamiz, bu lavhalar urushga nafrat hissini kuchaytiish barobarida tinchlik naqadar bebaho ne’mat ekanini eslatib turadi.
* * *
Erkak bardosh bera olardi. Axir u erkak kishi. Ayollar barchasiga qanday bardosh berganini o‘zim ham anglay olmayman. Endilikda eslaganim hamono meni dahshat chulg‘ab oladi, urushda esa hammasiga chidardim: urush qurboni bilan yonma-yon uxlardim, o‘zim o‘q otardim, qon ko‘lmaklarini ham ko‘rganman, qordagi qonning o‘tkir hidi hamon dimog‘imdan ketmaydi… Bularni gapirayapmanu ko‘nglim ozayapti… U kezlarda esa hammasini uddalardim. Nabiramga hikoya qila boshlagandim, kelinim meni to‘xtatdi: “Bularning yosh qizaloqqa nima keragi bor?..” Ma’suma qizaloq voyaga yetmoqda… U ulg‘ayib ona bo‘ladi… Shu tariqa birovga og‘iz ocha olmayman… Biz ularni shunday avaylaymiz, keyin esa bizning qismatimizni farzandlarimiz juda oz biladilar-a, deya ajablanamiz…
* * *
Men ham urushdan keyin tug‘ilganman, bu paytga kelib okoplarni o‘t-o‘lanlar qoplagan, askarlarning transheyalari chang bilan to‘lgan, blindajlar vayron bo‘lgan, o‘rmonlarda qolgan askarlarning kaskalari esa zanglagan edi. Biroq urush halokatli nafasi bilan mening hayotimga ham raxna solmadimi? Biz hamon urush bilan o‘ziga xos hisob-kitobga ega avlodlar jumlasiga kiramiz. Urushda o‘n bitta qarindoshimdan judo bo‘lganman…
* * *
A.S.Pushkin “Sovremennik” jurnalida Nadejda Durovaning xotiralaridan parcha e’lon qilar ekan, so‘zboshida shunday qayd etgandi: “Binoyidek asilzoda oiladan chiqqan yosh qiz qanday tuyg‘ular og‘ushida o‘z uyidan, jinsidan kechib, hatto erkaklarni ham cho‘chitadigan zahmat va majburiyatlarni zimmasiga olgancha jang maydonida paydo bo‘lgan? Yana Napoleon qo‘shinlariga qarshi jang maydonida! Uni bunga nima undagan? Pinhona oilaviy nadomatlarmi? Balandparvoz orzularmi? Balki tug‘ma tavakkalchilikdir? Yo muhabbatmi?..” Bu o‘rinda so‘z faqat bitta g‘ayrioddiy qismat haqida borardi, shu bois turlicha taxmin qilsa bo‘lardi. Qurolli kuchlar safida sakkiz yuz ming xotin-qiz ishtirok etganda, yana ham ko‘prog‘i jang maydonlariga talpingan sharoitda esa manzara butunlay o‘zgaradi.
* * *
Aloqachi Antonina Fyodorovna Valegjaninova Stalingrad ostonalarida jang qilgan. Shiddatli janglarni esga olar ekan, boshidan kechirgan tuyg‘ularni hadeganda ta’riflab bera olmadi, keyin esa ularning barchasini yagona timsolga jamladi: “Bitta jang yodimga tushdi. Juda ko‘p odam nobud bo‘lgandi… Omoch bilan yer qaziganda sochilib yotgan kartoshkalarga o‘xshab hammayoqda sochilib yotishardi. Poyonsiz keng dala… Ketib borayotgan joyida yiqilib jon taslim qilishgan… Ularni kartoshkalarday… Hatto insonni tuyoqlari bilan bosib o‘tmaydigan aqlli jonivorlar – otlar ham o‘liklardan tap tortmaydigan bo‘lib qolishgandi…”
* * *
Agar urushni esdan chiqarmasak, unga nisbatan nafrat ortadi. Agar urush unutilsa, yangisi boshlanadi. Qadimiy hikmat bu.
Ayollarning jamlangan xotiralaridagi urush qiyofasi ayollarga xos ma’sumlikdan yiroq. Bular guvohlik – o‘tmishdagi fashizmga, bugungi fashizmga va kelajakdagi fashizmga aybnoma sifatida yangraydi. Onalar, singillar, rafiqalar fashizmni ayblaydi. Fashizmni ayol ayblaydi.
* * *
Onasi urush arafasida “ko‘chada yolg‘iz yurishga yoshlik qilasan”, deb hatto buvisining uyiga hamrohsiz jo‘natishdan xavfsiragan, oradan ikki oy o‘tgach, mana shu navnihol qizaloq frontga ketgan. Saninstruktor bo‘lgan, Smolenskdan Pragaga qadar janglarda qatnashgan. Yigirma ikki yoshda uyga qaytib kelgan, tengdoshlari endigina bo‘y yetgan qizlar, u esa butkul o‘zgacha hayotni boshdan kechirgan, ko‘plab voqealar guvohi bo‘lgan urush qatnashchisi: uch marta yaralangan, bittasi og‘ir jarohat – ko‘krak qafasi sohasida, ikki marta kontuziya bo‘lgan, ikkinchi kontu-ziyadan keyin, ko‘milib qolgan okop ichidan qazib olganlaridan so‘ng sochlari qorday oqarib ketgan. Lekin ayollarga xos hayotni boshlash kerak: yana yengil ko‘ylaklar kiyishni o‘rganishi, erga tegishi, bola tug‘ishi kerak. Erkaklar urushdan nogiron bo‘lib qaytganidan qat’i nazar oila qurishgan. Ayollar qismati esa urushdan keyin ko‘pincha fojiali tus olardi. Ularning yoshligini ham, erlarini ham urush tortib olgan; ular bilan tengdosh yigitlarning oz qismi urushdan qaytib kelgan. Ular hisobotlarsiz ham buni bilishardi, chunki toptalgan jang maydonlarida yer tishlab yotgan yigitlarni unutishmagan edi va dengizchilar kamzulini kiygan bu alpqomat yigitlar ortiq o‘rnidan turmaydi, ular – otalar, erlar, aka-ukalaru kuyovlar birodarlar qabristonlarida mangu qoladilar, degan fikrga sira ko‘nika olmasdilar. “Behisob odamlar yaralangandi, dunyoda yaralanmagan odam qolmaganday edi…”
* * *
Urushdan keyin Moskvaga qaytib keldim. Moskvadan bizning uyimizgacha avval mashinada, keyin esa piyoda bir necha kilometr yo‘l bosish kerak. U yerlarda hozir metro qatnaydi, ilgari esa olchazor bog‘lar, chuqur jarliklar bo‘lardi. Bitta jarlik juda katta bo‘lib, undan o‘tishim kerak edi. Bu yerga yetib kelguncha qorong‘i tushib qoldi. Tabiiyki, men jarlikdan o‘tgani qo‘rqdim. Nima qilishni bilmay turib qoldim: ortimga qaytib tong otishini kutaymi yoki yurak yutib jarlikdan o‘taymi? Hozir o‘ylasam, kulgim qistaydi – butun frontni bosib o‘tdim, nimalarni ko‘rmadim: necha marta o‘lim bilan yuzma-yuz keldim, boshqa dahshatlar guvohi bo‘ldim, bu yerda esa jarlikdan o‘tishga yuragim dov bermayapti. Ma’lum bo‘lishicha, urush siyratimizni o‘zgartira olmabdi.
Germaniyadan uyga qaytar ekanmiz, vagonda kimningdir yo‘l xaltasidan sichqon sakrab chiqdi, vagondagi qizlarning hammasi tipirchilab qoldi, yuqori o‘rindiqdagi qizlar ham polga uchib tushdilar. Biz bilan birga kelayotgan kapitan esa o‘z ko‘ziga ishongisi kelmasdi: “Har biringizning ko‘ksingizni orden-medallar bezab turibdiyu, sichqondan qo‘rqasizlar-a”.
* * *
Nemislar bostirib kelgan ilk kunlardanoq o‘rmonda har bir patronni yig‘a boshladik. Qurol to‘plaganmiz. Onam ruxsat bermasdi: “Chaqaloq bilan qayoqqa ketayapsan? Xudodan qo‘rqmaysanmi?” Men ham bo‘sh kelmasdim: “Bu bosqinchilar Xudodan qo‘rqayaptimi? Odam-larimizni nima qilisha-yotganini ko‘rmayap-sizmi?..”
* * *
Homilador ayolning minani bag‘riga bosib tashishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring… Axir u farzand kutayotir… Sevgan, yashashni istaydi… Lekin o‘limdan tap tortmasdi…” Buni qanday ta’riflash mumkin? L.Tolstoy buni pinhona vatanparvarlik shijoati, deb ta’riflagan. Urush qatnashchilari esa o‘zlari haqida balandparvoz gap aytmaydi: “Sababi nima deysizmi? Sababi oddiy: bizni mana shunday ruhda, Vatan va biz bir tanu bir jonmiz, degan kayfiyatda tarbiyalashgan”.
* * *
O‘qqa tutishdan keyin bomba yog‘dirish boshlandi, bombalardan biri snaryad solingan qutiga tekkach, snaryadlar har tomonga sochilib, portlay boshladi… Samolyotlar boshimiz uzra quzg‘unday charx uradi. Bunday sharoitda halok bo‘lganlarni risoladagidek dafn etib ham bo‘lmaydi. Qamalda qolganimizda ularni qanday dafn etganimizni aytib beraymi? O‘zimiz o‘tirgan okopning ichiga ko‘mib qo‘ya qolardik. Biroz do‘ppaygan bunaqa joyni qabr, deb ham bo‘lmasdi. Nemislar yoki mashina o‘tguday bo‘lsa toptalib ketardi, albatta. Tep-tekis yer, hech qanday nom-nishon qolmasdi. Halok bo‘lganlarni ko‘pincha o‘rmonda, daraxtlarning ostiga dafn etardik. O‘sha emanlaru oqqayinlarning ostiga…
Haligacha o‘rmonga kira olmayman. Ayniqsa, katta eman va qayinlar o‘sgan o‘rmonlarga… Yuragim dosh bermaydi…
* * *
Erkaklarga nisbatan bir necha barobar sabotli, ularga nisbatan yaxshiroq moslashish qobiliyatiga ega ekaniga qaramay ayollar urush degan yumushga sira ko‘nika olmadi, binobarin, ayol – eng avvalo ona, u himoya qilishi, farzandini asrashi kerak, tabiat zimmasiga shunday vazifa yuklagan. Lekin u baribir urushga ko‘nika olmadi…
BEKZOD tayyorladi.

