Bugunning gapi
Bolalar xavfsizligi – jamiyatda huquqiy va ma’naviy yuksaklik darajasini belgilaydigan eng muhim mezonlardan biri. O‘zini himoya qilish imkoniyatlari cheklangan, kattalarning mehri va g‘amxo‘rligiga muhtoj bola hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini asrash nafaqat ota-ona, balki davlat va butun jamiyatning mas’uliyatidir.
Afsuski, dunyo miqyosida bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik holatlari hamon jiddiy ijtimoiy-huquqiy muammo bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ularning o‘zlariga g‘amxo‘rlik qilishi lozim bo‘lgan shaxslar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashi bunday jinoyatlarga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Xo‘sh, qonunchiligimizda bu borada qanday o‘zgarishlar bo‘layapti? Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudi sudyasi Risolat ABDULLAYEVA bilan shu haqda suhbatlashdik:
– O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada qabul qilinayotgan qonunlar, milliy strategiyalar va institutsional islohotlar bolalarning xavfsiz muhitda yashashi, ta’lim olishi va har tomonlama kamol topishi uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Jumladan, 2026-yil 29-sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. 2 oktabr kuni esa u Senat tomonidan ma’qullandi.
Mazkur huquqiy yangilikning ahamiyati shundaki, u faqat jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni og‘irlashtirish bilan cheklanmaydi. Balki zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlangan bolalarni himoya qilish, tergov va sud jarayonlarida ularning huquqlarini kafolatlash, shuningdek, bolalar xavfsizligi uchun mas’ul shaxslar javobgarligini kuchaytirishni ham nazarda tutadi.
* * *
– Qonunda ko‘zda tutilayotgan eng muhim o‘zgarishlardan biri 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etiladigan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish bilan bog‘liq. Xususan, Jinoyat kodeksining 118-moddasida nazarda tutilgan nomusga tegish hamda 119-moddasida belgilangan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgani uchun uzoq muddatli, ya’ni 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash nazarda tutilmoqda. Ilgari ushbu turdagi jinoyatlar uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.
Yangi yondashuvda jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, jabrlanuvchining yoshi va unga yetkazilgan jismoniy hamda ruhiy zararning og‘irligi alohida hisobga olinadi. Shu bilan birga, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligiga oid cheklovlarni qo‘llamaslik nazarda tutilgan.
Bu o‘zgarishning huquqiy ahamiyati katta. Chunki bolalik davrida zo‘ravonlikka uchragan shaxs turli psixologik, oilaviy yoki ijtimoiy sabablar tufayli sodir etilgan jinoyat haqida darhol xabar bera olmasligi mumkin. Ayrim hollarda jabrlanuvchi yillar o‘tgachgina voqea haqida so‘zlashga jur’at topadi. Shunday vaziyatlarda jinoiy javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketishi aybdor shaxsning javobgarlikdan qutulib qolishiga sabab bo‘lmasligi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etish imkoniyatini cheklash ham nazarda tutilgan.
* * *
– Qonundagi yana bir muhim yangilik jinoyatdan jabrlangan bolalarning tergov va sud jarayonlaridagi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Ma’lumki, zo‘ravonlikka uchragan bola uchun sodir bo‘lgan voqeani qayta-qayta eslash, uni begona shaxslarga so‘zlab berish yoki gumon qilinuvchi bilan yuzma-yuz kelish og‘ir psixologik kechinmalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgarishlar zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini majburiy videoyozuv orqali qayd etishni belgilaydi. Bunday tartib bolaning ko‘rsatmalarini to‘liq va aniq qayd etish, uni ortiqcha takroriy so‘roqlardan himoya qilish hamda protsessual harakatlarning qonuniyligini nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, jinsiy jinoyatdan jabrlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasida yuzlashtirish o‘tkazish maxsus tartibga solinadi. Bunday protsessual harakat faqat tergovchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Agar zo‘ravonlik bolaning oila a’zosi yoki yaqin qarindoshi tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.
Yana bir muhim kafolat – jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va bunday jinoyatlarga guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlarga protsessual harakatlarga jalb etilgan dastlabki paytdan davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatishdir.
Bu normalar jinoyat protsessida bolani faqat dalil manbai sifatida emas, balki huquqlari va qonuniy manfaatlari alohida himoya qilinishi shart bo‘lgan shaxs sifatida e’tirof etishga xizmat qiladi.
* * *
– Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda faqat jinoyat sodir etilgandan keyin jazo tayinlashning o‘zi yetarli emas. Zo‘ravonlikka sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish, mas’ul shaxslarning befarqligi va o‘z vazifasini bajarmasligiga nisbatan huquqiy choralar belgilash ham muhimdir. Shu nuqtai nazardan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks, Mehnat Kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga kiritilishi nazarda tutilgan o‘zgarishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, bolaga yetarli g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, uning asosiy ehtiyojlarini qasddan ta’minlamaslik, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilgan xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bu esa ta’lim jarayonida bolalar xavfsizligi uchun mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotdan himoya qilish talablarini buzganlik uchun javobgarlikni takomillashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar bolalarni himoya qilish masalasiga kompleks yondashilayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni huquqiy himoya jinoyat sodir etilganidan keyin emas, balki xavfning oldini olish bosqichidan boshlanishi kerak.
* * *
– Senatdagi qonun muhokamasida ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 118-moddasi to‘rtinchi qismi bo‘yicha, ya’ni 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish holatlari yuzasidan 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta, demak to‘rt yil davomida jami 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 119-moddaning to‘rtinchi qismi bo‘yicha esa bu davrda jami 593 ta jinoyat qayd etilgan.
Bu raqamlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning haqiqiy tarqalish darajasini to‘liq ifodalamaydi. Chunki ayrim holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga umuman ma’lum qilinmasligi ham mumkin. Shuning uchun bunday jinoyatlarga qarshi kurashishda jazoni kuchaytirish bilan bir qatorda holatni erta aniqlash, ishonchli murojaat mexanizmlari, psixologik yordam va profilaktika tizimini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega.
* * *
– Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20- noyabrda qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim xalqaro hujjatlardan biridir. O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1992-yilda qo‘shilgan bo‘lib, unda belgilangan prinsiplar milliy qonunchilikni takomillashtirish uchun muhim xalqaro huquqiy asos hisoblanadi.
Konvensiyaning 3-moddasi bolalarga taalluqli barcha harakatlarda, jumladan, sudlar, ma’muriy organlar va qonun chiqaruvchi muassasalar faoliyatida bolaning eng ustuvor manfaatlari birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi lozimligini belgilaydi. Mazkur prinsipga ko‘ra, jinoyat ishini ko‘rishda faqat aybdorni jazolash emas, balki jabrlangan bolaning xavfsizligi, ruhiy holati va kelgusi hayoti ham hisobga olinishi zarur.
Konvensiyaning 19-moddasi davlatlar zimmasiga bolalarni jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, haqorat, e’tiborsizlik, qo‘pol muomala, ekspluatatsiya va jinsiy suiiste’molning barcha shakllaridan himoya qilish majburiyatini yuklaydi. Ushbu modda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faqat jinoyat-huquqiy jazolar bilan cheklanmasligi, balki ijtimoiy, ma’muriy va ta’limiy choralarni ham qamrab olishi kerakligini anglatadi.
* * *
– Yangi huquqiy normalarning samaradorligi, avvalo, ularning amaliyotda qanday tatbiq etilishiga bog‘liq. Bunda, birinchi navbatda, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka oid murojaatlarni o‘z vaqtida qabul qilish, ularni xolis tekshirish va jabrlanuvchining xavfsizligini ta’minlash muhim.
Ikkinchidan, tergovchilar, prokurorlar, sudyalar, advokatlar, pedagoglar va psixologlarning bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarligini kuchaytirish talab etiladi.
Uchinchidan, ta’lim tashkilotlarida zo‘ravonlikning oldini olish, bolalarga o‘z huquqlarini tushuntirish va xavfli vaziyatlarda qayerga murojaat qilish mumkinligi haqida muntazam ma’lumot berish zarur.
To‘rtinchidan, jabrlangan bolalarga psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish xizmatlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
Beshinchidan, zo‘ravonlikka oid ishlarni yoritishda ommaviy axborot vositalarining mas’uliyati ham alohida o‘rin tutadi. Jabrlangan bolaning shaxsi, tasviri, yashash manzili yoki uni tanib olish imkonini beruvchi boshqa ma’lumotlarni oshkor etmaslik uning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlashning zarur shartidir.
Abdurazzoq MURODOV yozib oldi

