Ulug‘bek Hamdam bugungi o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega yozuvchi. “Yolg‘izlik”, “Isyon va itoat”, “Muvozanat” kabi nasriy asarlar adib nomini el aro tanitgan. Qolaversa, u shoir ham, shu bois bitiklarida nozik hissiyot, dunyoni, hayotni mukammal ko‘rish orzusi, falsafiy mushohadalar o‘z aksini topadi. Filologiya fanlari doktori sifatida adabiyotshunosligimiz rivojiga qo‘shgan hissasini ham e’tirof etmoq darkor. O‘z navbatida, Ulug‘bek Hamdam mohir tarjimon – Jaloliddin Rumiyning “Fihi mo fihi” (“Ichindagi ichindadir”) asarini o‘zbek kitobxonlari shu adib o‘girmasi orqali tanigan.
Yozuvchining so‘nggi asarlaridan biri – “Ota” romanida o‘zbek otalarining umumlashma obrazi bo‘y ko‘rsatadi. O‘tgan asr voqeligi – jahon urushi, qatag‘onlar, tinch sharoitdagi insoniy kurashlar fonida o‘zligini, iymonini saqlab qolishga uringan Ota siymosi o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, keyingi izohlarimizda asar, syujet, mohiyat haqida ko‘p gap aytmayapmiz. Sababi, oldindan aytib qo‘yilgan mazmun o‘quvchini kitobdan ma’lum ma’noda uzoqlashtirar, qiziqishini so‘ndirar ekan. Binobarin, sara kitoblarni targ‘ibu tashviq etish bizdan, mutolaa va keyingi xulosalar sizdan, aziz gazetxon!
“Ota” haqida filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Umarali Normatov “Adabiyotimiz, jumladan, romanchiligimiz falaj holatga tushib qolgan hozirgi sharoitda bu asar roman janriga qayta jon ato etdi”, deya fikr bildirganki, shuning o‘ziyoq kitobni o‘qib chiqishga sabab bo‘la oladi, bizningcha. Sizga manfaatli mutolaa tilaymiz.
Saralangan satrlar
* * *
Ha, nimasini aytaylik, buni hayot deydilar! Odamning kovushini shunday to‘g‘rilabgina qo‘yadiki, o‘sha odam boshqa birovning kovushini to‘g‘rilashga na fursat topadi, na rag‘bat!
* * *
Bu dunyoda musht hal qila olmaydigan mushkulotlar, aql bilan yechib bo‘lmaydigan tugunlar bor.
* * *
Hayot nima o‘zi? Bir kelishu bir ketish-da! Shu kelib-ketishda ortingdan qoladigani faqat bola! Bola – o‘limning yuziga inson tushirgan tarsaki. Ortidan farzand qoldiribgina “Dunyoda men ham borman!” deya oladi erkak kishi. Yo‘qsa, umr deganlari hovuchingga olgan suvdek gap – oqadi-ketadi.
* * *
Hamma savollaringga javob topsang, bu dunyoda yashashning qizig‘i ham qolmasa kerak.
* * *
Har yomonning bir yaxshisi bor, deyishadi. Bo‘lmasa ham, har yomon ishning bir yaxshi tomoni bo‘lishiga ishongisi keladi odamlarning. Hamda to‘g‘ri qiladi.
* * *
Urush degani hamma birga, ayni damda, har kimning bir o‘zi yengib o‘tishi kerak bo‘lgan sinovdir.
* * *
Suv ko‘tarilganda baliqlar chumolilarni yesa, suv chekinib daryolar tubi ko‘rinib qolganda, chumolilar baliqlarni yeydi.
* * *
“Bizni Nikita bor-ku, o‘sha olmon yigitchani yaralagan edi, chunonam dod soldiki, yurak-bag‘rimiz ezilib ketdi. Menimcha, onasini chaqirib faryod soldi-yov. O‘shanda men o‘sha yigitchani o‘zi xohlab, bizni o‘ldiraman, deb kelganiga ishonmadim. Oldin ishonar edim, endi yo‘q! Dushmanimni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib, uning qanday iztirob chekayotganini yurak-yurakdan his qilganimdan keyin ular ham o‘zimizga o‘xshagan odamlar ekaniga iymon keltirdim, aya! Endi men urushga ishonmay qo‘ydim. Urushga kirib to‘g‘ri ish qilganimga ham shubhalana boshladim. Men, Nikita, anavi olmon yigiti… hamma-hammamiz kimningdir nog‘orasiga o‘ynayotgandekmiz, aya!.. Agar Vatan – siz, otam, Yog‘du, qo‘shnilarimiz, mahallamiz odamlari, butun o‘zbekistonliklar bo‘lsa, tushunaman, sizlar uchun har qanday urushga kiraman! Lekin bu yerda boshqa narsa borga o‘xshaydi, boshqa narsa…”
* * *
Hayotning o‘zida shunaqa voqea-hodisalar yuz beradiki, ertaklar ularning oldida bor-yo‘g‘i arzimas cho‘pchaklarga aylanadi-qoladi.
* * *
Hayot hayot ekan. U sira kutilmaganda baxtning yonida kulfat, tug‘ilishning oldida o‘lim, sog‘liqning ichida xastalik borligini har kun, har lahza esga solib turar, agar inson qalbi g‘oyat hassos bo‘lib, atrofida ro‘y berayotgan mana shu turfalikni butun rang-barangligi bilan his qila olsa, uning yuzida quvonchu qayg‘u tinimsiz ravishda almashib turganiga guvoh bo‘lish mumkin.
* * *
Odam butunlay baxtsiz bo‘lolmaydi. Unday desak, odam butunlay baxtli ham bo‘lolmaydi-da!.. Baxt ham, baxtsizlik ham yemirilishga mahkum. Ehtimol, shuning uchun ham xalq ming yil yashab, ming yil mushohada qilib, so‘ng “oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘dir”, degandir… Hay mayli, nima bo‘lganda ham, bu kabi so‘zlar umri zulmatga to‘lib ketgan inson yo‘lida yoqilgan umid chirog‘idir. U o‘z hayotidan topolmagan yog‘duni, hechqursa, so‘zlardan, hikmatlardan topadi. Shoirning “Qop-qora devorga suyanib, Yop-yorug‘ xayollar surasan” degan misralari ham bejiz tug‘ilmagan, axir! Devorning qoraligi xayolning yorug‘ligiga sabab bo‘lmoqda. Inson o‘z muvozanatini shunday barpo etmoqda. Yo‘qsa, devorning qoraligi uni mahv etadi. Mahv etmasligi uchun ham “oyning o‘n beshi yorug‘” deydi. Inson o‘zini mana shu tarzda halokatdan qutqarib qolmoqchi bo‘ladi.
* * *
Ertak voqeligi har qancha murakkab bo‘lmasin, qahramonlar o‘z taqdir yo‘llarida naqadar mushkulotlarga duch kelmasin – u uch boshli ajdar bo‘ladimi yoki yirtqich hayvon, yoki ayyor yalmog‘izu munofiq hamroh, borsa qaytar, borsa xatar va borsa qaytmas yo‘llarmi, bulardan qat’i nazar, ertakning oxiridagi ana shu sehrli so‘zlar – “murodu maqsadiga yetibdilar” iborasi hamma-hammasini ichdan yoritib yuborar, qiyinchiliklaru ayriliqlarni, yomonliklaru yovuzliklarni burda-burda qilib tashlardi. Qani endi hayotda ham shunday bo‘lsa – dunyoga kelgan har kishi murodiga yetsa!.. “Aslida inson qismati mana shunday bo‘lishi – murodu maqsadiga yetishi kerakmasmi?! Yoki bani odam deganimiz faqatu faqat mashaqqat chekkani, ayrilgani, adoqsiz iztiroblar to‘riga tushib ho‘ngir-ho‘ngir yig‘lagani keladimi bu yorug‘ olamga?!”
* * *
Insonlik holi shu ekan-da, yordam berolmasa ham, bir-biridan ko‘ngil so‘rar ekan, foydasi bo‘lmasa ham, bir-biriga ko‘nglini to‘kib solarkan. Moddiy-jismoniy ko‘mak ololmasa ham, ma’naviy-ruhiy dalda bo‘ladi, der ekan… Shuning o‘zi boshqa bir odamdan kutilayotgan, kutilishi mumkin bo‘lgan eng katta insoniylik, insonparvarlik emasmi? Inson deganimiz boshqa bir insonga bundan ortiq nima beroladi o‘zi?.. Shu savolning javobi bilan tuzukroq qiziqib ko‘rsangiz, ayon bo‘ladiki, hech narsa! Ajal bo‘g‘zidan olib turgan bir lahzada, o‘lguvchining titroq qo‘llaridan tutib, javdiragan ko‘zlariga boqqancha: “Qo‘rqma! Men sen bilanman! Ajalga davo yo‘q. Bugun sen, ertaga esa men. Unga birgalashib tik boqamizu Yaratgandan yaxshiliklar umid qilib qolaveramiz!..” deyishdan ortiq hech kim hech kimga hech narsa berolmaydi. Lekin jon berayotgan insonga shuginani bermagan, berolmagan kasni esa inson deb bo‘lmaydi. Undaylardan uzoqroqda yashash kerak, toki paymonang to‘lganda kuning o‘shalarga qolmasin!
* * *
Hayotda shunday savollar bo‘ladiki, inson degani ming donish bo‘lsa-da, aqli qirqni yorsa-da, javob o‘lgurni topolmaydi. Unday savollar javobini faqat hayotning o‘zi topib beradi, hayotning o‘zi!
* * *
Hammamizning otimizda bek, boy, jon, xo‘ja bor-u, o‘zimiz qul bo‘lib yurganimizni qara!
* * *
Ota… Qiz bola uchun dunyodagi eng qutlug‘, eng baland, eng aziz so‘z bo‘lsa, ajabmas!..
* * *
Gohida insonlarning sog‘lom ekanliklari ularning to‘g‘ri qarorlar olishlariga faqat xalaqit beradi.
* * *
Inson degani nimagadir arzimog‘i kerak: yo sevishga va yoxud nafratlanishga! Arzimagan insonni sevib hayotingni yellarga sovurma! Arzimagan insonni yomon ko‘rib aziz umringni suvlarga oqizma!
* * *
Insonning hech qanday tuzum daxl qila olmaydigan baxtu baxtsizliklari, quvonchu tashvishlari bo‘ladi. Har qanday yomon jamiyatda ham insonning yuzi kulishi, ayni damda, har qanday yaxshi jamiyatda ham uning ko‘zlaridan qayg‘u yoshlari oqishi mumkin. Bunga hech kim, hech qanday kuch monelik qilolmaydi. Chunki bu Yaratganning inson fitratiga joylagan urug‘ning yashash tarzidir.
* * *
Inson hayoti deganlari hozirgina shamol turganda “lip” etib o‘chgan chiroqdek omonat ekan. Umr shunchalar omonat bo‘lsa, bu umr mobaynida ko‘ngilda tug‘ilgan sevinch-istaklarning qismati ham undan battardir.
* * *
Eh, baribir yaxshi odamlar bor, baribir bor-a! Endi o‘lishga tayyor bo‘lganingda, har lahza o‘limni yod etib, Allohdan o‘zingga o‘lim tilab yurganingda, birdan ular – yaxshi odamlar qarshingdan chiqadilaru yana yashash istagini ko‘nglingga soladilar.
* * *
Chanqash iztirobini tuymagan inson hech qachon suvning asl ta’mini bilmaydi, asl qadriga yetmaydi, bilmas ekan, yetmas ekan! Ha, o‘zining haddi a’losiga yetgan ehtiyojgina narsalarning chin qadr-qimmati-yu mazmun-mohiyatini ochib bera olarkan, shunday ehtiyojni tuygan insongina bu haqda so‘z so‘zlashga haq qozonarkan. Uning oldida boshqalarning gaplari xuddi gul vodiyni ko‘rmasdan turib, u haqda o‘zidan to‘qib-bichib so‘zlashiga o‘xshab qolarkan-qo‘yarkan…
* * *
Xato qilmasdan avval to‘g‘rini bilmadim, gunoh qilmasdan burun esa tavbaga kelmadim, kelolmadim. Ehtimol, boshqalar ham shundaydir.
* * *
Har kim o‘z xulosalariga o‘z yo‘lidan yuribgina kelishi mumkin ekan. Har kimning yo‘li bu – har kimning peshonasiga bitilgan bitigi ekan. Taqdiri azalda, lavhul mahfuzda Sening amring ila bitilgan bitik! Shuning uchun ham dunyo bor ekan, unda xatolaru gunohlar ham abadiy, tavbalaru savoblar ham!.. Mayli, o‘zga birovga tushuntirolmasdir, lekin insonning o‘zini o‘zi tushunib yetishi – tavbaga kelishi uning hayotidagi eng katta mo‘jizadir!
B.SAYFIYEV tayyorladi.

