Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Kitob tumanidagi “Nurafshon” bolalar oromgohida “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “O‘zbekiston tarixi” telekanali hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida 8 ta tilda tayyorlangan ushbu to‘plamda dunyoga mashhur 10 ajdodimiz haqida eng muhim ma’lumotlar jamlangan. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy haqida hamma bilishi zarur faktlar keltirilgan.
Yoshlar orasida ommalashishi uchun to‘plamdagi tasvirlar sun’iy intellekt yordamida yaratilib, jang sahnalari qiziqarli tarzda aks ettirilgan va QR-kodlar orqali batafsil tanishish imkoni mavjud.
– Davlatimiz rahbari boshchiligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar tarbiyasi, vatanparvarlik ruhi, milliy qadriyatlarga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan edi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karamova. – “Buyuklar haqida 100 ta dalil” to‘plami ushbu vazifalar ijrosi sifatida tayyorlandi va davomli ravishda chop etiladi.

Qayd etish lozim, o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan ushbu to‘plamni tuzishga Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mutaxassislari jalb etilgan.
Tadbirda mazkur to‘plamning ahamiyati, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berildi.

