Joriy yil 1-yanvar holatida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni 140 tani tashkil etib, ulardan 79 tasi qo‘shma, yana 61 tasi esa xorijiy korxonalardir.
Dolzarb statistika
Viloyat statistika boshqarmasining statistik registrlarni yuritish bo‘limi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yil 1-yanvar holatida vohamizdagi qo‘shma va xorijiy korxonalarning asosiy qismi sanoat (54), savdo (36) hamda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (24) kabi sohalarda biznes yuritib kelmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning yana bir qismi qurilish (10), tashish va saqlash (3), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2), yashash va ovqatlanish xizmatlari (1) hamda iqtisodiyotning boshqa sektorlarida faoliyat ko‘rsatadi.
Qashqadaryoda xorijiy sarmoyalar hisobidan faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning 29 tasi (yoki qariyb 20,7 foizi) Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari va tadbirkorlari ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 24 tasi (17,1 foizi)da Rossiya Federatsiyasi, 13 tasi (9,3 foizi)da Turkiya, 9 tasi (6,4 foizi)da Janubiy Koreya ishbilarmonlarining ulushi mavjud.
Hududlar kesimida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning eng ko‘pi Qarshi shahrida (33) hamda Muborak (13), G‘uzor (12) va Nishon (11) tumanlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha autsayderlar ro‘yxatidan Qamashi va Mirishkor (5 tadan), Shahrisabz tumani (4) hamda Shahrisabz shahri va Ko‘kdala tumani (2 tadan) joy egallagan.
Eng achinarli tomoni – keyingi ikki yilda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning soni sezilarli darajada kamaygan. 2023-yilning boshida ushbu raqam 246 tani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil 1 yanvar holatida 162 tagacha pasaygan. Hozir mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Qashqadaryo mamlakatimiz hududlari orasida faqat Xorazm viloyatini (133 ta xorijiy va qo‘shma korxona) biroz ortda qoldirib, pastdan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning umumiy soni (14871)da vohamiz ulushi (0,94 foiz) hatto bir foizga ham yetmayapti.
Qashqadaryoda 2024-yilda yangi tashkil etilgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soni borasidagi ahvol esa yanada afsuslanarlidir. Zero, viloyatda o‘tgan yili atigi 27 ta qo‘shma va xorijiy korxona tuzilgan va bu respublika miqyosidagi tegishli ko‘rsatkich (4200)ning bor-yo‘g‘i 0,64 foizini tashkil etadi, xolos…
Infografika stat.uz saytidan olingan.

