16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

CHORVADA BARAKA BOR

Qishloq hayoti

Kishi biznesni o‘zining uquvi bor yo‘nalishda boshlagani yaxshi. Ayniqsa, kichik sarmoyasi asosida birini ikki qilaman degan odam shunday yo‘l tutgani ma’qul. Aksincha, ish avvalida chigal vaziyatlarga tushib qolsa, undan chiqishga qiynalib qolishi hech gap emas. Harqalay, suyaging qotgan mehnat yoki faoliyat asosida qurilgan biznesning muvaffaqiyatli kechishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Mirishkor tumanining Mirishkor mahallasida yashovchi To‘raqul Nusratov ham shunday qildi. Qishloqda o‘sgan emasmi, dehqonchilik va chorvachilikda yaxshigina tajribasi bor. Yoshlikdan oddiy ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun mol boqqani, tomorqa ishlarida kattalarga yordam berib o‘sgani unda asta-sekin yetarli uquvni shakllantirgan.

– Hozir kun o‘tishi uchun emas, orzu-havas bilan yashaydigan zamonlar keldi, – deydi u. – Buning uchun ishtiyoq, harakat va bor imkoniyatdan foydalanishning o‘zi kifoya. Biz ham shunday qildik. O‘zimiz eplay oladigan yo‘nalish – chorvachilikka e’tibor qaratib, 4 ta molni 10 bosh, uning ortidan keladigan 4 so‘m daromadni 10 so‘m qilishga intilib kam bo‘lmadik. Qoramollarimiz soni 80 bosh,  qo‘y-qo‘zilarimiz 30 taga yetdi. 

To‘raqul Nusratov bosh oilaning yaxshi bir tutumi bor. Garchi har biri o‘z oilasini qurgan bo‘lsada, to‘rt nafar o‘g‘il ota bilan yonma-yon mehnat qiladi. Kelinlar ham umumiy maqsad yo‘lida birlashib ishlaydi.

Xonadondagi qoramollarning 50 tasi sog‘in sigir. Har kuni kelinlar sut sog‘adi, qaymoq, qatiq, qurt tayyorlaydi. Bu mahsulotlar uchun bozor izlashga hojat yo‘q – xaridorlarning o‘zlari olib ketishadi.

– Har kuni sutning o‘zidan bir million so‘mdan ziyod daromad qilamiz, – deydi oila boshlig‘i. – Bu mablag‘lar oilamiz hayotida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Farzandlarni o‘qitayapmiz, uy-ro‘zg‘or sharoitlarimiz yaxshilanib borayapti. Albatta, qoramollar sonini yana ko‘paytirib, chorvachilikni kengaytirish ham diqqat-e’tiborimizda.

Oilaning uch nafar o‘g‘li dehkonchilik qilish uchun 30 sotixdan yer ham olgan. Ular bu maydonlarda oziq-ovqat mahsulotlari, chorva uchun ozuqa tayyorlashni yo‘lga qo‘yishgan.

– Men farzandlarimga doimo bir gapni takrorlayman: halol mehnat insonni yuksaltiradi, xonadonga fayz-baraka olib kiradi, – deydi To‘raqul Nusratov. – Mana, birdamlik va mehnat tufayli oilamiz tinch va farovon.

Hozir ushbu oila kabi xonadonida o‘nlab, hatto yuzlab chorva boqishni, sanoat usulida go‘sht va sut ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan vohadoshlarimiz ko‘p. Shu tumandagi  Ayzobod mahallasida yashovchi Manzura Davronova ham chorvachilikni oilaviy daromad manbaiga aylantirgan. Uning xonadonida 40 ga yaqin qoramol, 20 dan ziyod qo‘y parvarishlanadi.

– Qoramollarni asosan burdoqiga boqamiz, – deydi oila bekasi. – Ularni har 6-8 oyda go‘sht uchun sotib, almashtirib boramiz. Semizini sotib, kichikrog‘ini olish hisobiga daromad shakllanadi, bosh-son ortib boradi. Shukur, bu faoliyat ortidan kam bo‘layotganimiz yo‘q.

E’tiborlisi, bu ish oilaning atigi 12 sotixli hovlisida tashkil qilingan. Shu yerning o‘zida qoramol porisidan organik o‘g‘it tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilib, tayyor bo‘lgan gumus dehqonlarga, xususan, issiqxona xo‘jaliklariga sotilmoqda.

– Biz chorvachilikni nafaqat ro‘zg‘or farovonligi manbaiga, balki oilaviy biznesga ham aylantirdik, – deydi  Manzura Davronova. – Katta o‘g‘limizga alohida uchastka qilib berib, ish boshlashi uchun unga uchta qoramol ajratgandik. Shundan ko‘paytirib, chorvasi bosh-sonini 25 taga yetkazdi. Demak, harakat qilsa, erishadi. Osmonga qarab yotgan bilan esa qorin to‘ymaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda mavjud chorva mollarining    90 foizga yaqini aynan aholi xonadonlarida parvarishlanadi. Go‘sht va sut ishlab chiqarishda ham ular yetakchi. Yuqorida misol keltirilgan oilalar kabi, aholining an’anaviy chorvachilikka biznes nuqtai nazaridan qarashi kengayib borar ekan, bu sohadagi mahsulot ishlab chiqarish hajmida ham, bandlik va mehnatkashlar daromadlari oshib borishida ham aks etishi tabiiy.