16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Chug‘urtma – xonada o‘tirib emas, joyiga chiqib tadqiq qilinadigan manzil

Ilmiy manbalarda tut daraxti uch yuz yil, ayrim hollarda esa besh yuz yilga qadar yashashi mumkinligi qayd etilgan. Biroq G‘uzor tumanining Chug‘urtma qishlog‘i hududidagi ulkan tut daraxtining yoshi eng kamida 12 asrga teng. Bu afsona emas, balki mutaxassislar tomonidan berilgan ilmiy xulosa.

Achchiq, ammo ochiq gaplar

Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyodagi eng qadimiy tut bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinayotgan ushbu ulkan daraxt haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bizni ham Chug‘urtma qishlog‘iga chorladi.

Ushbu daraxt manzildagi «Hojabosh ota» ziyoratgohi hovlisida ekan. Shu qishloqlik faxriy, iqtisod fanlari nomzodi Halil Soatovning aytishicha, o‘tgan asr o‘rtalarida ham qishloqda bunday tutlar ko‘p bo‘lgan. Ayni paytda ulardan o‘nga yaqini saqlab qolingan. Eng yirigining tana aylanasi 10 metrdan ortiq.

–  Mutaxassislar kelib, uni o‘rganishdi, – deydi Halil Soatov. – Ularning aytishicha, bu daraxtning yoshi kamida o‘n ikki asrga teng ekan. Qolganlarining ham yoshi kichik emas. Ular tarixiylik jihatdan juda katta qiymatga ega. Lekin yildan yilga suvsizlik, kasalliklardan tanasining qurigan qismi ko‘payib borayapti. Hozir qishloq ahli o‘zimiz pul yig‘ib, shu daraxtlarni sug‘orish uchun artezian qazdirish harakatidamiz, lekin baribir ularni to‘liq o‘rganish, belgilangan talablar asosida parvarishlash uchun mutaxassislar zarur. Davlat himoyasiga olinishi kerak. Shuni so‘rab juda ko‘p mas’ul tashkilotlarga murojaat qildik, lekin natija bo‘lmayapti.

Qishloq faollarining aytishicha, bu manzilning tarixi eramizdan oldingi davrlarga borib taqaladi. Hududdan topilgan yuzlab tarixiy buyumlar, tosh va sopoldan yasalgan ish qurollari, haykalchalar shundan dalolat beradi.

Hozir bu ashyolarning barchasi ziyoratgoh hududidagi xo‘jalik xonalaridan birida saqlanmoqda. Bundan tashqari, qishloqdagi xonadonlarda saqlanayotgan arxeologik topilmalar ham juda ko‘p. Ular bemalol bitta muzeyni to‘ldirishi mumkin. Afsuski, bu tarixiy buyumlar hozir hech kimni qiziqtirmayapti. Qishloq ahli ularning yo‘qolib ketishidan xavotirda.

–  Bu yerdan biroz narida kichik jarlik bor, – deydi oqsoqol Bahrom Kamolov. – O‘tgan yili yomg‘irda shu yerdan sel kelib, tuprog‘ining bir qismini yuvib ketdi. Natijada ko‘plab qadimiy sopol xumlar yuzaga chiqib qoldi. Ularning hammasi ichida suyaklar bor. Tarix darsliklarida zardo‘shtiylar tabiatga zarar yetkazmaslik uchun vafot etgan yaqinlarining tanasini tepalik ustiga qo‘yishgani, uning etini qushlar, qurt-qumursqalar yeb bitirganidan so‘ng suyaklarini yig‘ib olib, sopol ko‘zachalarga solib ko‘mishgani haqida o‘qiganmiz.  Demak bu sopol ko‘zalar ularga tegishli.

Shundan so‘ng qishloq faollari bizni ham shu manzil tomon boshlashdi. Hamon tuproq orasidan chiqib turgan, ichida suyaklar bo‘lgan bir nechta sopol idishlarni ko‘rib, qishloq odamlarining «Shunday tarix tuproqqa qorishib ketaveradimi?!» deya kuyunib aytgan gaplari bejiz emasligini yana bir bora angladik.

O‘ylaymizki, qishloq ahlini qiynayotgan bu muammo mas’ullarni ham befarq qoldirmaydi.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.